Jahon | 23:06 / 29.04.2024
19168
3 daqiqa o‘qiladi

Devid Kemeron Markaziy Osiyoga safarida hashamatli samolyot ijaraga olgani uchun tanqid qilindi

Kemeron o‘tgan haftada hashamatli Embraer Lineage 1000 samolyotida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga besh kunlik tashrif bilan borgan edi.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron yaqinda Markaziy Osiyo bo‘ylab safariga narxi taxminan 42 million funt sterling (52,6 million dollar) bo‘lgan hashamatli samolyotni ijaraga olgani uchun tanqid qilindi, deb yozdi The Guardian.

Kemeron o‘tgan haftada Embraer Lineage 1000 samolyotida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga besh kunlik tashrif bilan bordi.

Samolyotga egalik qiladigan Union Aviation kompaniyasi o‘z veb-saytida havo kemasida yo‘lovchilarga sharob tanlashda yordam beradigan someliye borligini ma’lum qilgan. Kompaniya, shuningdek, «eng talabchan yo‘lovchilar» uchun oziq-ovqat menyusini taklif qiladi. Samolyotda shuningdek, ovqatlanish stoli va uzaytirilgan divanlar bilan plazma TV ham mavjud.

Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasi vakili Emili Tornberi buning uchun Kemeronni ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qildi.

«Men Devid Kemeron bir hafta ichida bir nechta mamlakatlarga sayohat qilganda samolyot ijaraga olishi kerakligini tushunaman, ammo bu bozordagi eng hashamatli shaxsiy samolyotlardan birini ijaraga olish uchun soliq to‘lovchilar hisobidan yuz minglab funt sarflanishini oqlamaydi», dedi u.

Kemeron safaridan oldin, Britaniya hukumati tashqi ishlar vaziri Britaniya biznesi imkoniyatlarini ilgari surish uchun borayotganini va mintaqadagi davlatlar suvereniteti, mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga uchun 50 million funt sterling (62,7 million dollar) miqdorida yangi mablag‘ ajratilishini e’lon qilgan edi.

O‘tgan yili tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Jyeyms Kleverli Karib dengizi va Lotin Amerikasi bo‘ylab 8 kunlik sayohati uchun xuddi shu turdagi samolyotdan foydalanganda taxminan 400 ming yevro (428 ming dollar) to‘lagani uchun tanqid qilingan edi.

Bosh vazir Rishi Sunak ham Buyuk Britaniyadagi qisqa masofali safarlari uchun samolyotdan foydalanishi tufayli muntazam tanqid ostiga olinadi.

Avvalroq, Rishi Sunak, Devid Kemeron va qirol Charlz III Dubaydagi COP28 iqlim anjumaniga alohida samolyotlarda parvoz qilgani uchun ham tanqid qilingan edi.

Mavzuga oid