Anor yetishtirishdan bo‘yoq ishlab chiqarishgacha – davlat tashkilotlarining nosohaviy aktivlari
Bir qator davlat tashkilotlari va banklar o‘z faoliyat turiga aloqador bo‘lmagan korxonalarda ulushdor hisoblanadi. Ular orasida anorchilik, mineral suv qadoqlash, uy qurish, stomatologlik, bo‘yoqlar ishlab chiqarish kabi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor. Yangi xususiylashtirish dasturiga ko‘ra, bunday korxonalar sotuvga qo‘yiladi.
O‘zbekistondagi qator davlat tashkilotlari o‘zlarining asosiy faoliyat turi hisoblanmagan tarmoqlarda tashkil etilgan korxonalarda ham ulushdor hisoblanadi.
Anor yetishtiruvchi ma’naviyatchilar
Ma’naviyat va ma’rifat markazining Farg‘ona viloyat bo‘limi 2018 yilda tashkil etilgan “Farg‘ona anorchilik” MChJning 86,9 foiz ulushiga egalik qiladi.
Radioeshittirish bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbekiston temiryo‘llari”
“O‘zbekiston temiryo‘llari” 2007 yilning 17 mayida tashkil etilgan, toshko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi “Sharg‘un ko‘mir” AJ va “Boysunko‘mir” MChJga egalik qiladi.
Ustav fondi 400 ming dollar bo‘lgan yana bir tashkilot –”Giraffe crane” MChJning ham 25 foiz ulushi “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga tegishli. Farhod Mirxanov rahbarlik qilayotgan jamiyat 2017 yil 13 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faoliyat turi – radioeshittirish.
Shuningdek, temiryo‘lchilar turar joy binolarini qurish bilan shug‘ullanuvchi “Yangi zamon bino” MChJda qariyb 50 foiz ulushga ega.
Tibbiyot bilan shug‘ullanuvchi – energetiklar
2004 yilning 17 sentabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Farg‘ona shifobaxsh suvi” MChJning 49 foiz ulushiga “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ egalik qiladi.
“Stomatolog” – sug‘urtachilar
Stomatologiya sohasida faoliyat olib boruvchi “Kamelot med servis” MChJning 100 foiz ulushiga “O‘zagrosug‘urta” AJ egalik qiladi.
Irratsional ishlar bilan shug‘ullanishda davlat banklari anchayin faol. Masalan, “O‘zsanoatqurilishbank” yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanuvchi “Kattakurgan business services” MChJda 33 foiz ulushiga, bo‘yoqlar ishlab chiqaruvchi “Parizod mexr and capital” MChJning 99,7 foiz ulushiga, metallga ishlab berish bilan shug‘ullanuvchi “Penoplast surkhon and capital” MChJda 100 foiz ulushga ega.
“Milliy bank” esa sport sohasida ish yurituvchi “Invest group centre” MChJ va Xiva plaza mehmonxonasining100 foizlik ulushdori hisoblanadi.
Shuningdek, “Aloqabank” biotexnologiyalar sohasidagi faoliyat yurituvchi “Bioazot IGBR” MChJning 98,2 foziga, Agrobank “Chotqol MChJ”ning 12,5 foiz ulushiga egalik qiladi.
26 aprel kuni imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan, yuqoridagi korxonalarda mavjud bo‘lgan davlat ulushini ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Hujjat asosida, jami 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta ko‘chmas mulk obekti savdolarga chiqarilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
11:04 / 19.11.2024