Jahon | 21:08 / 30.04.2024
5949
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp sudga hurmatsizlik qilgani uchun jarimaga tortildi

AQSh sobiq prezidenti, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sud jarayonini muhokama qilgani uchun jazolandi. 

Foto: AFP

Nyu-York sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni pornoaktrisa Stormi Deniyelsga (haqiqiy ismi Stefani Gregori) o‘z munosabatlarini yashirish uchun 130 ming dollar pul to‘lagani bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasidagi mahkama ma’lumotlarini oshkor qilgani, shuningdek, taqiqqa qaramay, sud jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilgani uchun 9 ming dollar miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Tramp bu izohlarni o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan. Shu bilan birga, Tramp sudga hurmatsizlik qilgani uchun ham 2 ming dollar jarimaga tortilgan. 

AQSh sobiq prezidenti pornoaktrisa Stormi Deniyelsga (haqiqiy ismi Stefani Gregori) o‘z munosabatlarini yashirish uchun 130 ming dollar pul to‘lagani va bu to‘lovni deklaratsiyada yuridik xizmat sifatida rasmiylashtirgani uchun mahkamaga tortilgan. Nyu-York sudida jarayonni sudya Xuan Merchan olib bormoqda. 

Pornoaktrisa Stefani Gregori 5 yil avval jurnalistlarga Donald Tramp bilan uchrashganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliarder prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilishidan oldin unga «jim yurishi uchun» pul to‘lagan. Ayolga pulni Trampning advokati Maykl Koen bergan. Hodisa oshkor bo‘lgach Koen barcha ayblarni tan oldi, shundan so‘ng 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Tramp aybini tan olmadi. U ayblovlarni «bema’nilik» deb atab, o‘zini siyosiy ta’qibga uchraganini aytdi.

Mavzuga oid