O‘zbekiston | 19:55 / 30.04.2024
30730
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «kvartplata»ning minimal miqdori tasdiqlandi  

Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan ko‘p kvartirali uylardagi majburiy badallarning eng kam miqdorlari tasdiqlandi. To‘lovlar hududlar kesimida binoda kommunikatsiya tarmog‘i, lift bor yoki yo‘qligi hamda qavatlar soniga qarab turlicha bo‘ladi.   

Foto: Kun.uz

Ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorlari belgilandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.  

Majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirovning 15 apreldagi buyrug‘ida keltirib o‘tilgan. To‘lovlar binodagi qavatlar soniga, lift bor yoki yo‘qligiga bog‘liq.

Jumladan, Toshkent shahrida kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan ikki qavatli uylar uchun tarif 1 kv metr uchun 1147−1149 so‘m, 3 qavatli binolar uchun 1303−1305 so‘m, 4 qavatli binolar uchun 1514−1518 so‘m, lifsiz 5 qavatli binolar uchun 1512−1514 so‘m, liftli 6 qavatli binolar uchun 1110 so‘m, 7 qavatli binolar uchun 1703−1709 so‘m, 8 qavatli uchun 1701−1707 so‘m, 9 qavatli uchun 1700−1706 so‘m, 10 qavatdan boshlangan binolar uchun esa 1828−1830 so‘mni tashkil etadi.

Boshqa hududlar uchun summalar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘ida (PDF) ko‘rsatilgan.

Vazir buyrug‘ida keltirilishicha, majburiy badallar yoki to‘lovlarning miqdori tasdiqlangan narxlardan past bo‘lmasligi kerak. 

Shuningdek, vazirning 2024 yil 12 martdagi buyrug‘i bilan ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorini aniqlashda foydalaniladigan xarajatlar quyidagilardan tashkil topadi:

— mazkur Nizomning ilovasida ko‘rsatilgan ko‘p kvartirali uylarning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatidagi xizmatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar;

— ko‘p kvartirali uyni boshqarish organining (bundan buyon matnda boshqarish organi deb yuritiladi) ma’muriy xodimlari hamda ishchi xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash;

— boshqarish organining ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun zarur bo‘lgan texnika, aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini saqlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish;

— boshqarish organining ma’muriy ehtiyojlari uchun binolar va xonalar ijarasi haqini to‘lash;

— boshqarish organining xodimlarini majburiy sug‘urta qilish;

— ko‘p kvartirali uyni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar tijorat banklari va elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilganda, mazkur to‘lovlar o‘tkazilganligi uchun olinadigan vositachilik haqlari;

—  boshqarish organi xodimlarining malakasini oshirish.

Majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori har ikki yilda bir marta belgilanadi. U tegishli formula bilan hisoblanadi.  

Eslatib o‘tamiz, eng kam majburiy badallarni joriy etish prezidentning 2023 yil 15 avgustdagi tegishli qarorida ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid