Jahon | 11:17 / 30.04.2024
16248
7 daqiqa o‘qiladi

Odessaga raketa zarbasi. Yaralanganlar orasida Sergey Kivalov ham bor - ruslar shaharga uni rahbar qilishni mo‘ljallagandi

Dushanba kuni Rossiya armiyasi Odessa bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi hujum vaqtida ro‘y bergan insultdan vafot etgan. Tinch aholi vakillaridan 32 kishi jarohat olgan, ular orasida - taniqli ukrain siyosatchisi Sergey Kivalov ham bor: u hozirda Odessa yuridik akademiyasi rahbari hisoblanadi, o‘tmishda esa rus tilini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hammuallifi bo‘lgan hamda «Apelsinrang inqilobi» vaqtida Ukraina markaziy saylov komissiyasiga rahbarlik qilgan.

Foto: State Emergency Service of Ukraine / Scanpix / LETA

Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Kiperning xabar berishicha, zarba «odessaliklar va shahar mehmonlari orasida mashhur bo‘lgan, bolalar va itlar bilan sayr qilinib, sport bilan shug‘ullaniladigan lokatsiyalardan biriga» ballistik raketa orqali yo‘llangan.

Kiperning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlarning 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ular orasida ikki nafar bola hamda bir homilador ayol ham bor. «Besh yoshga ham to‘lmagan qizcha o‘ta og‘ir ahvolda. Katta yoshlilardan yana olti nafari jonlantirish bo‘limida. Shifokorlarimiz barcha imkon doirasidagi va imkonsiz ishlarni ham qilmoqda», — degan oblast rahbari.

Ukrainadagi ijtimoiy tarmoqlarda dengiz yaqinida, plyajga olib boruvchi yo‘lda qonga belanib yotgan jasadlarning fotosuratlari tarqalgan. O‘qqa tutish oqibatida bir it ham nobud bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jonivorning egasi bo‘lgan ayol jasad ustida yig‘layotgani aks etgan videoni tarqatgan.

«Odessa… Odamlar dengiz atrofida sayr qilishayotgandi, ular esa o‘qqa tutishdi va o‘ldirishdi. Ular aytishadiki… go‘yoki bolalarni, odamlarni o‘ldirish orqali o‘zlarini himoya qilishmoqda», — deya yozgan Odessa meri Gennadiy Truxanov.

Odessa meri Rossiya raketasi tushgan joyda. Foto: Reuters

Kiperning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda kassetali o‘q-doriga ega raketadan foydalanilgan. «Bunday o‘q-dorilar jonli kuchlarga ko‘proq zarar yetkazish uchun qo‘llanadi va birinchi navbatda texnikalar va qurilmalarga emas, odamlarga tahdid soladi», — deyiladi oblast ma’muriyati rahbari xabarida. Ukraina Janub mudofaa kuchlari rasmiysi Dmitro Pletenchuk ham hujumda kassetali o‘q-doriga ega «Iskander-M» raketasidan foydalanilganini ta’kidlagan.

Rossiyalik harbiylar Odessa bo‘ylab zarba yuzasidan izoh bermagan, RF mudofaa vazirligining kechqurungi hisobotida ham ushbu zarba haqida tilga olinmagan.

Zarbadan oldin Ukraina janubida havo trevogasi e’lon qilingan, harbiylar ballistik raketa qo‘llanishi xavfidan ogohlantirishgan.

«Kivalovning qal’asi» shikastlangan

Zarba oqibatida Odessadagi eng taniqli binolardan biri — mahalliy aholi «Harri Potter qal’asi» yoki «Kivalov qal’asi» deb ataydigan bino shikastlangan. Bu yerda Odessa yuridik akademiyasi binolaridan biri joylashgan, ukrain nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Kivalovning o‘zi ham bu yerda yashab turgan — u ushbu o‘quv muassasi prezidenti hisoblanadi.

Ukrain harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, binoning 600 kv. metr maydonni yong‘in qamrab olgan.

Foto: EPA

Odessa yuridik akademiyasi prorektori Valentin Fedorov «Suspіlne» kanali bilan suhbatda yaradorlar orasida Kivalovning o‘zi ham borligini tasdiqlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kivalov tez yordam mashinasiga olib chiqilayotganini ko‘rish mumkin.

Sergey Kivalov o‘tmishda taniqli ukrain siyosatchilaridan biri bo‘lgan. 2004 yilgi apelsinrang inqilob vaqtida u Markaziy saylov komissiyasiga rahbarlik qilgan. Uni prezidentlik saylovlari vaqtida rossiyaparast Viktor Yanukovich foydasiga soxtalashtirishlarga yo‘l qo‘yishda ayblashgan. Ammo yakunda Kivalovga nisbatan na ma’muriy, na jinoiy ish ochilgan.

Ukraina oliy sudi ovozlarni hisoblash chog‘ida ommaviy ravishda qoidabuzarliklarni aniqlab, saylovning ikkinchi turini qayta o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilganidan keyin Kivalov Markaziy saylov komissiyasi raisligidan ketgan. 2005 yil boshida o‘tkazilgan takroriy saylovlarda Viktor Yushchenko Ukraina prezidenti etib saylangan.

2007-2014 yillarda Kivalov Yanukovichning Regionlar partiyasiga a’zo bo‘lgan. 

2009 yilda Dmitriy Medvedev Kivalovga Do‘stlik ordeni topshirgandi. Foto: AFP

2012 yilda Kivalov «Til siyosati asoslari» to‘g‘risidagi bahsli qonun hammualliflaridan biri bo‘ladi, qonunda Ukrainada rus tili maqomini himoya qilish ham ko‘zda tutilgandi. Qonunga qarshi chiqqanlar bu vaqtda aynan ukrain tili himoyaga muhtoj ekanini, chunki rus tili shusiz ham jamoatchilik orasida keng o‘ringa egaligini aytishgan. Yevropa bilan yaqinlashuv tarafdorlari inqilobidan keyin esa qonun Ukraina Konstitutsiyasiga zid kelishi tufayli bekor qilingan.

2009 yilda Kivalov Rossiyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Dmitriy Medvedevdan Do‘stlik ordenini qabul qilib olgan, 2013 yilda esa Vladimir Putin uni Pushkin medali bilan taqdirlagan. Putin tomonidan imzolangan farmonda ushbu medal unga «chet elda rus tili saqlanishi va ommalashtirilishiga qo‘shgan hissasi uchun» berilgani aytilgan.

2020 yilda Kivalov Odessa shahri ma’muriyati rahbari lavozimi uchun saylovlarda nomzod bo‘ladi va saylovoldi kampaniyasi vaqtida rus tilli aholi manfaatlarini himoya qiladi. 

Kivalovning qarorgohi sanalgan «Harri Potter qal’asi» rasman Xalqaro gumanitar universitetga qarashli hisoblanadi, u Rossiya zarbasi oqibatida deyarli butkul yonib ketdi.

Kivalov ushbu koshonada yashagani haqidagi xabarlarni rad etgan, lekin 2015 yilda, saroyga «Avtomaydan» aktivistlari bostirib kirganida, ijtimoiy tarmoqlarda bino devorlarida uning portret va fotosuratlari ilingani aks etgan kadrlar paydo bo‘lgandi.

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin «Ukrainskaya pravda» Ukraina razvedkasidagi manbasiga asoslanib, Rossiya Odessa okkupatsiya qilinadigan taqdirda Kivalovni shahar rahbarligi uchun ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqqanini yozgandi. Nashrning tasdiqlashicha, 2022 yil iyunida siyosatchi Sinod Rus provaslav cherkovi a’zosi, Kishinyov mitropoliti Vladimir bilan Moldovada uchrashgan, maqola mualliflari uni patriarx Kirillning «safdoshi» deb atashgan. Kivalov o‘shanda ukrain jurnalistlarining o‘z safari yuzasidan savollarini ochiq qoldirgandi.

Mavzuga oid