Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi: bir qurbon bor, issiqlik magistrali shikastlangan
Rossiya tomoni bu hujumni ukrainaliklarning Rostov oblastidagi harbiy kombinatga ATACMS va Storm Shadow bilan zarba berishiga javob ekanini bildirgan.
Rossiyalik harbiylar 20 dekabr tongida ballistik raketalar bilan Kiyevga zarba berishdi. Ukraina poytaxti rasmiylariga ko‘ra, bir kishi hujum qurboni bo‘lgan, yana kamida 10 kishi jarohatlangan.
Kiyev harbiy ma’muriyati va Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko yaralanganlarning olti nafari shifoxonaga yotqizilganini xabar qilgan.
Ukraina havo kuchlariga ko‘ra, Rossiya soat yettilar atrofida Kiyevga «Iskander-M» tizimidan beshta ballistik raketa uchirgan. Ukrain harbiylariga ko‘ra, raketalarning barchasi urib tushirilgan.
Raketa parchalari Kiyevning Goloseyevskiy, Dniprovsk, Solomensk va Shevchenkovo rayonlariga tushgan.
Goloseyevskiy rayonida ikki kishi jarohatlangan, issiqlik magistrali shikastlangan, bir necha avtomobil yonib ketgan, deb xabar beradi Kiyev meri Vitaliy Klichko. Issiqlik magistrali shikastlanishi tufayli 630 ta turar joy, 16 ta shifoxona, 17 ta maktab va 13 ta bolalar bog‘chasi issiqlik ta’minotisiz qolgan, deb xabar beradi, Kiyev rasmiylari.
Poytaxtning Solomenskiy va Shevchenkovo rayonlarida parchalar tushishi oqibatida bir necha yong‘in kelib chiqqan.
Shuningdek, hujum oqibatida Kiyevdagi Mikolayiv cherkovi ham zarar ko‘rgan.
Raketalar hujumi boshlanishidan oldinroq, 20 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti tomon rossiyaliklarning dronlari uchib kelgan, deb xabar bergan mahalliy ma’muriyat. Kiyev rasmiylariga ko‘ra, barcha dronlar shaharga kirmasidan zararsizlantirilgan. Uchuvchisiz uchar qurilmalardan birining parchalari Desnyansk rayonidagi notutar joy binosiga tushgan.
Rossiya mudofaa vazirligi Kiyev bo‘ylab zarbalarni Ukraina qurolli kuchlarining 18 dekabr kuni ATACMS va Storm Shadow raketalari bilan Rostov oblastidagi «Kamenskiy kombinati»ga qilgan hujumiga javob deb atagan (Ukraina tomoni bu bayonot yuzasidan izoh bermagan). Rossiya Ukraina g‘arb raketalarini o‘zining ichkari hududlariga zarba berishda foydalanishni boshlashidan oldin ham, urushning ilk kunlaridan buyon Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga zarbalar yo‘llab keladi.
Idora bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning 20 dekabr kungi hujumi nishonlari Kiyevdagi «Luch» konstruktorlik byurosi va «Ukraina qurolli kuchlari boshqaruv punkti» bo‘lgan.
Rossiya mudofaa vazirligi «barcha maqsadlarga erishilgani»ni ta’kidlagan.
BBC’ning Kiyevdagi muxbiri Dmitro Vlasov — Ukraina poytaxti o‘qqa tutilishi haqida:
Budilnik o‘rniga trevoga ovozi — Kiyevda odatiy tong. Avvaliga hech narsa g‘ayrioddiy ko‘rinmayotgandi, chunki uchayotgan oxirgi dronlar ertalabgacha urib tushiriladi. Bugun esa Rossiyaning Mig-31 samolyotlari ham havoga ko‘tarilgandi. Ayrim monitoring kanallari bu mashg‘ulot parvozlari bo‘lishi mumkinligini yozishdi.
Havo hujumidan mudofaa tizimi ishlashi tufayli ro‘y bergan dastlabki portlashlar ko‘pchilikni g‘aflatda qoldirdi. Portlashlar kichik tanaffuslar bilan 20 daqiqacha davom etdi. Ovozlarning ko‘pchiligi — havo hujumidan mudofaa tizimi faoliyati tufayli havodagi portlashlar ovozi edi. Ammo Goloseyevskiy rayonidagi (markazga yaqin) bir portlashdan ko‘plab uylar silkinib ketdi. Odatda bunaqasi raketaning jangovar kallagi detonatsiyaga uchraganida chiqadi.
Bunday portlashlar markaziy rayonlarga xos emas. Tarixiy yodgorlik — Mikolayiv cherkovi, ofis binolari, HolidayInn mehmonxonasi va turar joy kompleksi shikastlanibdi. Portlash joyi atrofida — Argentina, Portugaliya, Chexiya, Makedoniya, Marokash, Falastin kabilarning elchixonalari va konsullik binolari joylashgan.
Qutqaruvchilar portlash joyi atrofidagi yo‘llarni to‘sishgan, jamoat transporti aylanma yo‘llarga yo‘naltirilgan, deraza ortida doimiy ravishda favqulodda xizmatlarning mashinalari sirenalari chalinib turibdi. Trevoga bir soatdan ortiq vaqt davom etdi, ammo shundan keyin darhol shahar kundalik hayot tarziga qaytdi.
Rostov oblasti bo‘ylab zarba
Ukraina qurolli kuchlari Rostov oblastidagi «Kamenskiy kombinati»ga zarba bergani haqida 18 dekabr kuni ma’lum bo‘lgandi. Rossiyalik harbiylarga ko‘ra, zarba chog‘ida «Amerikada ishlab chiqarilgan oltita ATACMS operativ-taktik raketa va to‘rtta Storm Shadow raketasi qo‘llangan». Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ATACMS raketalarining barchsini va «Storm Shadow raketalarining uchtasi»ni urib tushirgan.
Rossiyalik harbiylar versiyasiga ko‘ra, yana bir qanotli raketa «hujum obekti yo‘nalishidan chetga og‘gan» va «texnik bino va kombinat hududi»ni shikastlagan.
Ukrainaliklarning Defence Express harbiy nashri «Kamenskiy kombinati» hududidagi uchta portlash Ukraina qurolli kuchlari hujumi muvaffaqiyatidan darak berishini yozgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenkoning aytishicha, «Kamenskiy kombinati» raketa yonilg‘isi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, xususan, baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari va qit’alararo ballistik raketalarning raketa dvigatellari uchun qattiq yoqilg‘i komponentlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Defence Express ma’lumotiga ko‘ra, korxona mahsulotlari «Uragan», «Smerch» va «Tornado-M» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilarda, shuningdek «Iskander» raketalarini ishlab chiqarishda qo‘llanadi.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024