Iqtisodiyot | 17:17 / 03.05.2024
5410
5 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 3 yilda 2,5 mlrd dollarga yaqin xususiylashtirish amalga oshirildi - Davaktiv direktori

“2,5 mlrd dollar nimadan iborat degan savol bo‘lsa, katta raqamlarni aytish mumkin. 252 mln dollarga Coca Cola Uzbekistan'dagi 57 foiz davlat ulushini sotganimiz, Ipotekabankni 324 mln dollarga sotganimizni ayta olaman”, dedi Akmalxon Ortiqov. U yirik bitimlar qatorida “Farg‘ona azot”, Farg‘onadagi oyna va spirt zavodlari hamda Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasini ham tilga oldi.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

III xalqaro Toshkent investitsiya forumida “Xususiylashtirish va davlat aktivlari: investitsiyalar uchun yangi ufqlar” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov oxirgi 3 yilda 2,5 mlrd dollarga yaqin xususiylashtirish amalga oshirilganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Davaktiv rahbariga ko‘ra, 4,5 mingga yaqin katta-kichik obektlarda davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.

“2,5 mlrd dollar nimadan iborat degan savol bo‘lsa, katta raqamlarni aytish mumkin. 252 mln dollarga Coca Cola Uzbekistan'dagi 57 foiz davlat ulushini sotganimiz, yoki Ipotekabankni 324 mln dollarga sotganimizni ayta olaman. 2023 yil uchun eng yaxshi shartnomalarimizdan biri – “Farg‘ona azot”dagi 99 foiz davlat ulushini 100 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan 140 mln dollarga sotilgani bo‘ldi. Kichikroq bo‘lsa ham Farg‘onadagi oyna ishlab chiqarish, spirt ishlab chiqarish zavodlarini sotdik. Boshqa ko‘chmas mulk obektlari, Hyatt Regency mehmonxonasini qariyb 1 trln so‘mga sotdik”, – dedi u.

Akmalxon Ortiqovga ko‘ra, 2023 yilning o‘zida qariyb 1 mlrd dollarlik xususiylashtirish amalga oshirilgan bo‘lsa, xususiylashtirish jamg‘armasiga 800 mln dollar mablag‘ kelib tushgan. Bu mablag‘lar davlat budjeti parametrlarida belgilanganidek, budjetga o‘tkazib beriladi, hukumat, prezident qarorlaridagi vazifalarni maqsadli moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

“2024 yilda oldimizda turgan masala – jarayonni tezlashtirish va xalqaro bozorlarga olib chiqadigan aktivlarni yanada ko‘paytirish. 17 aprel kuni katta qarorlarimiz tasdiqlandi. Shu yilning o‘zida 250 ta davlat korxonalari va 1000 dan ortiq ko‘chmas mulk obektlari bozorga taklif etiladi.

Alohida qaror bilan katta aktivlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ish boshlaganmiz. Qariyb 7 ta katta korxonani, Dehqonobod kaliy zavodi, Samarqand avtomobil zavodlari kabilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish to‘g‘risida qaror tasdiqlandi. Xalqaro fond bozoriga olib chiqadigan aksiya paketlarimiz bo‘yicha ham ro‘yxat tasdiqlandi. NKMK, OKMK kabi aktivlarning 5 foizini xalqaro fond bozoriga olib chiqamiz. Birdaniga olib chiqilmaydi, tayyorgarlik ko‘riladi. Jarayon muhimi boshlandi”, – dedi Akmalxon Ortiqov.

Uning so‘zlarga ko‘ra, hukumat 2024 yilda 20 trln so‘m atrofida xususiylashtirish hajmini ta’minlash, 10 trln so‘m xususiylashtirishdan budjetga mablag‘ tushirishni reja qilgan.

“Aktivlarni sotishda qiymat beradigan va tadbirkorga xizmat qiladigan aktivlarga ajratib oldik. Chekka tumanlardagi ko‘chmas mulk obektlari, yerlarni baholangan qiymatda sotishimiz kerak. Lekin u bizga qancha qiymat beradi? Uni sotishga ancha vaqt kerak. Iqtisodiy o‘sishga erishish uchun tadbirkorga yer, bino kerak. Shuning uchun chekka hududlardagi ko‘chmas mulk obektlarimizni 1 maydan boshlab narxini tushirishni boshladik. 100 dollarlik aktivni 10 dollargacha pasaytirib, lekin raqobat muhitini ta’minlagan holda, auksionda kamida 2 ta ishtirokchi bo‘lgan holatda sotishni tashkil etamiz. Buni ham davlat aktivlariga, ham ko‘chmas mulk obektlariga qo‘llashni boshlaymiz”, – dedi Akmalxon Ortiqov.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan Asakabankni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolanganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, davlat rahbari xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etilishini ham e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, 19 aprelda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, 7 ta yirik kompaniyadagi davlat ulushlari professional konsultantlarni jalb qilgan holda, 2025 yilning oxirigacha xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladi. Bular – “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “O‘zbekinvest EISK” AJ, “O‘zagrosug‘urta” AJ, “Inter Hotel” MChJ, “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ va “Toshkent metallurgiya zavodi” MChJ.

Bundan tashqari, gigant kompaniyalar bo‘lmish Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zbektelekom” AJ aksiyalarining 5 foizgacha qismi birlamchi (IPO) yoki ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif vositalari orqali 2025 yil oxirigacha xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.

Mavzuga oid