Uralda kuchli qor yog‘ishi sababli favqulodda holat joriy etildi
Elektr, suv va issiqlik ta’minotini tiklash ishlari kecha-yu kunduz davom etmoqda, dedi Sverdlovsk viloyati Degtyarsk shahri meri Vadim Pilnikov.
May oyi boshida Sverdlovsk viloyatida kuchli qor yog‘ishi fonida 5 may, yakshanbaga o‘tar kechasi Degtyarsk shahrida favqulodda holat joriy etildi. Bu haqda shahar meri Vadim Pilnikov Telegram’da ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Degtyarskda ko‘chalarni qor va qulagan daraxtlardan tozalash davom etmoqda, «elektr, suv va issiqlik ta’minotini tiklash bo‘yicha tun-u kun ish olib borilmoqda». Shahar aholisi uchun ichimlik suvi yetkazib berish tashkil etildi, deyiladi postda.
6 may kuni shahardagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni to‘xtatildi.
May oyida Sverdlovsk va Tyumen viloyatlarida qor yog‘di
Uralning turli hududlari uchinchi kundirki kuchli qor yog‘ishi oqibatlari bilan kurashmoqda. Ayniqsa, 4 mayga o‘tar kechasi qor va sovuq yomg‘ir bilan qoplangan Sverdlovsk viloyatida vaziyat og‘ir.
Tabiiy ofat fonida bir qancha shaharlardagi yuzlab uylarda elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi. «Rosseti Ural» kompaniyasi matbuot xizmatining 5 may kuni xabar berishicha, qor va muzli yomg‘ir yog‘ishi tufayli «mintaqada minglab daraxtlar qulagan». Kompaniyaning Telegram-kanalida ta’kidlanishicha, «energetika xodimlari mintaqada tun-u kun tiklash ishlarini davom ettirmoqda» va elektr energiyasi 5 may kuni kechki vaqtlarda uylarga qaytishi kerak.
Rossiyaning boshqa hududlarida noqulay ob-havo
Tyumen, Tatariston, Chuvash va Udmurtiya ham qor ostida qolgan. 4 may kuni Tyumen meri Ruslan Kuxaruk shahar elektr ta’minotida 30 dan ortiq favqulodda uzilishlar bo‘lganini aytdi. Ta’mirlash guruhlari qattiq rejimda ishlamoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Ayni paytda, Tyumen viloyatida suv toshqini oqibatlari bilan kurashish davom etmoqda. Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, 5 may holatiga ko‘ra, viloyatning Vikulovskiy tumanida suv ko‘tarilishi davom etmoqda.
Tyumen viloyatining 47 ta aholi punktida 385 ta turar joy va 345 ta qishloq uylari, shuningdek, 3232 ta tomorqa va 35 ta yo‘l uchastkalari suv ostida qolmoqda, deya xabar berdi departament.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Orenburg viloyatida 3287 ta, Kurgan viloyatida 534 ta turar joy binosi suv ostida qolgan.
Mavzuga oid
19:06 / 12.12.2024
Rossiyada mushkul ahvolga tushib qolgan bir oilaning besh a’zosi O‘zbekistonga qaytarildi
07:50 / 28.11.2024
O‘zbekistonda hafta oxirida qor yog‘ishi mumkin
17:28 / 27.11.2024
Seuldan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan reys noqulay ob-havo sabab kechiktirildi
18:37 / 08.11.2024