Jahon | 14:44 / 07.05.2024
5509
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya STG ta’minoti bo‘yicha YeIning jiddiy sanksiyalariga duch kelishi mumkin

Yevropa Ittifoqi hali Rossiyaning STG biznesiga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi sanksiyalar 14-paketini qabul qilishi bilan vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Foto: Sergey Krasnouxov / RIA Novosti

Rossiya birinchi marta ko‘p milliard dollarlik suyultirilgan tabiiy gaz (STG) biznesiga qarshi Yevropa Ittifoqining jiddiy sanksiyalariga duch kelishi mumkin. Yevrokomissiya Belgiyaning Zebryugge bandargohi va boshqa portlardan Rossiya STGni uchinchi davlatlarga tashish uchun foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi dpa agentligi 7 may, seshanba kuni diplomatlarga tayanib. 

Agentlik suhbatdoshlarining fikricha, bu chora Rossiya transport muammolari tufayli kamroq STG sotishiga va shunga mos ravishda Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan kamroq mablag‘ olishiga olib kelishi kerak. 

Shimoldagi dengizlarda harakatlanishga mo‘ljallangan rus tankerlari Sibirdagi Yamal yarimorolidan Yevropa Ittifoqi portlariga STG yetkazib berishi keng tarqalgan amaliyot bo‘lib, u yerda yonilg‘i oddiy tankerlarga yuklanadi va keyin uchinchi mamlakatlarga jo‘natiladi. Bu Rossiya muzyorar tankerlariga sezilarli darajada ko‘proq reyslarni amalga oshirish imkonini beradi. 

Sanksiyalar Yevroittifoqqa STG yetkazib berishga qarshi qaratilmaydi 

Diplomatlarning aniqlik kiritishicha, rejalashtirilgan sanksiyalar Rossiyaning Yevropa Ittifoqi uchun mo‘ljallangan STG yetkazib berishiga qaratilgan emas. Ularga ko‘ra, bunga o‘z energiya xavfsizligidan tashvishlanib, Rossiya gazidan voz kechishga hali tayyor bo‘lmagan bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlarining pozitsiyasi sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, uchinchi davlatlardan gaz importi narxining keskin oshishi xavfi bor, deya qayd etadi ular. 

Energetika va moliyaviy tahlil instituti (IEEFA)ning o‘tgan yil oxirida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, faqat 2023 yil uch choragida Yevropa Ittifoqi Yamaldan 16 milliard kubometrga yaqin STG oldi, shundan deyarli 3,2 milliard kubometr keyinchalik boshqa davlatlarga tashildi. Institut ushbu davrda Yevropa Ittifoqi tomonidan import qilingan Rossiya STG qiymatini 12,5 milliard yevroga baholamoqda. 

Diplomatlarning ta’kidlashicha, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlatdan uchinchi davlatlarga Rossiya STGni tashishga qarshi sanksiyalar joriy etishda qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘la oladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. 

Mavzuga oid