Jahon | 08:50 / 17.12.2024
1054
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Gurjistonga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga tayyorlanmoqda

AQSh Gurjistonning demokratiyadan orqaga chekinishi sababli «yaqin haftalarda» unga qarshi yangi sanksiyalar joriy qiladi, deb xabar berdi Davlat departamenti. Avvalroq Vashington Gurjiston hukumati bilan aloqador shaxslarga nisbatan viza cheklovlarini joriy qilgan edi.

Foto: DPA

Qo‘shma Shtatlar Gurjistonga nisbatan «yaqin haftalarda» qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda 16 dekabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Gurjistondagi demokratiya holati va bu demokratiyaga putur yetkazayotgan «Gurjiston orzusi» partiyasining harakatlaridan «juda xavotirda».

12 dekabr, payshanba kuni Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar mamlakatdagi «demokratiyaga putur yetkazish»da aybdor bo‘lgan yigirmaga yaqin Gurjiston fuqarosiga nisbatan viza cheklovlari joriy qilayotganini ma’lum qildi. Ro‘yxatdagilarning ismlari tilga olinmagan, ammo ular orasida vazirlar, parlament a’zolari va yuqori martabali xavfsizlik xodimlari borligi ma’lum.

Avvalroq AQSh Gurjistonga qarshi sanksiyalar kiritgan edi

Iyun oyida Qo‘shma Shtatlar Gurjistonda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan munozarali «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganidan keyin Gurjiston rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi. Sentyabr oyida Vashington 60 dan ortiq Gurjiston fuqarolari va ularning oila a’zolariga viza cheklovlari kiritdi. Ular, Qo‘shma Shtatlarga ko‘ra, Gurjistondagi «asosiy erkinliklarga, jumladan, so‘z erkinligiga putur yetkazmoqda».

Gurjiston parlamenti yonida «norozilik» archasi paydo bo‘ldi

Gurjiston poytaxtida o‘n birinchi kundan beri davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari ishtirokchilari Rustaveli prospektidagi parlament binosi yonidagi yangi yil archasini yaralangan faollar va jurnalistlar suratlari bilan «bezadi», deb xabar berdi «Gruziya Online» portali 8 dekabr kuni.

Namoyishchilar yig‘ilgan joyga yangi yil archasi karkasi tushdan keyin Tbilisi meriyasi buyrug‘i bilan o‘rnatildi. Biroq namoyishchilar shahar xizmatlariga yangi yil ramzini to‘liq yig‘ishga to‘sqinlik qilishdi, shundan so‘ng faqat yarmi sun’iy shoxlar bilan bezatilgan karkas politsiya tomonidan o‘rab olingan. Kechki norozilik boshlanganidan keyin archa nazorati yana namoyishchilar qo‘liga o‘tdi. Unda fotosuratlardan tashqari Gurjiston, Yevropa Ittifoqi, Ukraina va AQSh bayroqlari ham bor edi. Keyinroq archa oldida namoyishchilarning tarqatilishini nazorat qiluvchi maxsus vazifalar departamenti boshlig‘i Zviad Xarazishvilining timsoli yoqib yuborilgan.

Tbilisi meri Kaxa Kaladze yangi yil archasi albatta tegishli shaklga keltirilishiga va’da berdi.

Mavzuga oid