Ikkilamchi bozorda narxlarning o‘sish sur’ati sekinlashmoqda - uy-joy bozori sharhi
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, 2024 yil mart oyi holatiga ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlarining yillik o‘sishi so‘mda 29,6 foiz, dollarda 17,7 foiz bo‘lgan. Birlamchi bozorda esa narxlar so‘mda 39 foizga, dollarda 26,2 foizga oshgan, Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida yangi uy-joylar narxining o‘sish dinamikasi tezlashgan.
O‘zbekiston Markaziy banki 2024 yilning I choragi bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori sharhini e’lon qildi.
Bozordagi faollik
Tahlilchilarga ko‘ra, hisobot davrida respublikaning aksariyat hududlarida tuzilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oshgan. Toshkentda esa, aksincha, o‘tgan yilga nisbatan bitimlar soni 12 foizga kamaygan. O‘tgan chorakdan boshlangan bu pasayishga qaramay, dinamika o‘rta muddatli darajada shakllanmoqda.
Umuman olganda, bozor faolligi o‘tgan yilning o‘rtalariga nisbatan biroz barqarorlashgan bo‘lsa-da, hali ham yuqoriligicha qolmoqda, deyiladi sharhda.
Ikkilamchi bozor
Qayd etilishicha, faollikning barqarorlashuvi natijasida ikkilamchi bozorda narxlar o‘sishi sekinlashgan.
2022 yil martidan 2023 yil martigacha ikkilamchi bozorda narxlar so‘m indeksi bo‘yicha qariyb 26 foizga, dollar qiymatida esa qariyb 21 foizga oshgan bo‘lsa, 2023 yilning martidan 2024 yil martigacha narxlar o‘sishi so‘mda 29,6 foiz, dollarda 17,7 foiz bo‘lgan.
Poytaxtda yanvar-fevral oylarida o‘sish sur’atlari o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolgan bo‘lsa, mart oyida taklif narxi biroz pasaygan.
Birlamchi bozor
Birlamchi bozorda o‘sish sur’atlari yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida o‘sish sur’atlari tezlashgan.
Mart oyida yillik hisobda birlamchi uylar narxlari so‘m indeksida 39 foizga, dollar ko‘rsatkichida esa 26,2 foizga oshgan.
Ta’kidlanishicha, yangi uy-joylarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish narxlarga bosimni keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkin.
Ijara bozori
I chorakda respublika bo‘yicha ijara narxlarida o‘sish sur’atlari past va barqaror darajada shakllanib kelmoqda. Biroq, o‘tgan yilning boshida kuzatilgan past baza ta’sirining chiqib ketishi sababli joriy narxlar yillik ko‘rsatkichlarda to‘g‘rilandi.
Toshkent shahrida taklifning oshishi bilan birga talabning kamayishi hisobiga narx bosimi pasayishda davom etmoqda.
Respublika bo‘yicha ijaraga beriladigan uy-joylarning taklif narxlari so‘m indeksida 11,7 foizga (dollar hisobida 1,4 foizga) oshgan. Poytaxtda ijara narxi so‘m indeksida o‘zgarishsiz qolib, dollar indeksida 9 foizdan ko‘proqqa pasaygan.
Yer uchastkalari bozori
Birinchi chorakda yer uchastkalari narxining o‘sish tendensiyalari o‘tgan choraklar dinamikasida qoldi. Yillik hisobda 100 kvadrat metr (bir sotix) yerning narxi 37,5 foizga (dollar indeksida – 24,9 foizga) oshib, 364 mln so‘mni tashkil etdi.
Ichki migratsiya va uy-joy bozori
Markaziy bankka ko‘ra, so‘nggi yillarda aholining ichki mobilligi sezilarli darajada oshib, ichki migratsiya jarayonlari tezlashgan. Ayniqsa, 2017-2023 yillarda aholining hududlardan poytaxtga qarab harakatlanishi o‘suvchi tendensiyaga ega bo‘lgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganilayotgan davrda barcha viloyatlarda ichki migratsiyaning salbiy dinamikasi kuzatilgan (Toshkent shahri bundan mustasno). Bu esa, ma’lum darajada, poytaxt uy-joy bozoriga qo‘shimcha bosim yaratib, narxlarning yuqoriroq darajada o‘sishiga olib kelmoqda.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
08:14 / 20.12.2024
Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
19:16 / 12.12.2024