O‘zbekiston | 11:38 / 21.05.2024
21187
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi “Muruvvat” uyida davolanayotgan aqli zaif bemorni mazax qilgan xodimlar ishdan bo‘shatildi

Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Foto: Ombudsman

2024 yilning 17 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryodagi nogironligi bor shaxslar yashaydigan “Muruvvat” uyida ishlovchi bir guruh xodimlar shu yerda yashab davolanayotgan ruhiy nosog‘lom ayolning ustidan mazax qilgani tasvirlangan video tarqaldi.

Holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, ayolni mazax qilgan xodimalar ushbu muassasaga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub’yektida ishlagan. Ular muassasa hududida erkin sayr qilib yurgan Ya.S.ni shifokor, hamshira hamda kichik tibbiy xodimlar (enaga) ruxsatisiz oshxona binosiga olib kirib, ruhiy holatini bila turib mazax qilishgan. Holatni videoga olib, uni oshxonada ishlovchi xodimlarning Telegram gruppasiga tashlashgan. 

“S.Ya.da aqli zaiflikning og‘ir darajasi sababli xulq-atvor buzilishi bilan kechuvchi ruhiy holat tez-tez kuzatiladi. Ya’ni doimiy ravishda yaqin qarindoshlarini eslab uyimga jo‘nating yoki chaqirib bering deb yig‘lash holatlari yuzaga keladi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

2024 yil 17 may kuni Sirdaryo “Muruvvat” uyi rahbari Sirdaryo tumani IIBga murojaat qilib, X.M. va Sh.O.larning xatti-harakatiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda Sirdaryo tumani IIB tomonidan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bemorning ustidan kulgan xodimalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod qilingan.

Tekshiruv davomida S.Ya. va uning shifokori bilan suhbatlashgan Ombudsman mintaqaviy vakili bemor ayolning kayfiyati va ruhiy holati yaxshi ekanini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid