Jamiyat | 21:59 / 21.05.2024
12805
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi “Muruvvat” uyida davolanayotgan aqli zaif bemorni mazax qilgan xodimlar jarimaga tortildi

Bemor ayolni mazax qilgan autsorsing firma rahbariga shartnomani bekor qilish bo‘yicha ogohlantirish xati yuborilgan.

Foto: Ombudsman

2024 yilning 17 may kuni Sirdaryodagi nogironligi bor shaxslar yashaydigan “Muruvvat” uyida yashab davolanayotgan ruhiy nosog‘lom ayolning ustidan mazax qilgan ikki nafar ayol jarimaga tortilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ayolni mazax qilgan xodimlar ushbu muassasaga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatadigan “Innovation-Outsorsing-Service” MChJda ishlashgan.

Ular muassasa hududida erkin sayr qilib yurgan Ya.S.ni shifokor, hamshira hamda kichik tibbiy xodimlar (enaga) ruxsatisiz oshxona binosiga olib kirib, ruhiy holatini bilaturib mazax qilishgan. Holatni videoga olib, uni oshxonada ishlovchi xodimlarning Telegram guruhiga tashlashgan.

2024 yil 17 may kuni Sirdaryo “Muruvvat” uyi rahbari Sirdaryo tumani IIBga murojaat qilib, X.M. va Sh.O.larning xatti-harakatiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Bemorning ustidan kulgan xodimalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod qilingan.

Qayd etilishicha, IIB tomonidan holat yuzasidan surishtiruv ishlari yakunlanib O.Sh. va M.X.ga MJtKning tegishli moddalariga asosan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima to‘lash jazosi belgilangan.

Shuningdek, “Innovation-Outsorsing-Service” MChJ firmasi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish uchun uning rahbari I.S. nomiga ogohlantirish xati chiqarilgan.

Mavzuga oid