Jamiyat | 18:56 / 29.05.2024
4321
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda haydovchilik guvohnomasi tayyorlab berishini aytib fuqarolarni chuv tushirgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qo‘lga olingan shaxslarga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkentda haydovchilik guvohnomasi tayyorlab berishini aytib fuqarolarni chuv tushirib kelgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ikki nafar shaxs Telegramda maxsus kanal yaratib, unda o‘qimasdan imtihonsiz “V” va “S” toifalaridagi haydovchilik guvohnomalarini uch kunda tayyorlab berishlari haqida e’lon qo‘ygan.

Firibgarlar jabrlanuvchilarga bu ish uchun 1,8 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha to‘lov qilish kerakligini va pullar oldindan olinishini aytgan. Bu aldovlarga ishongan fuqarolar to‘lovlarni amalga oshirgan. Pullar o‘zlashtirilgandan so‘ng yozishmalar o‘chirib yuborilgan.

Toshkent shahar IIBB axborot texnologiyalari sohasidagi Jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqarolarni chuv tushirib, ularning pullarini o‘zlashtirib kelgan ikki nafar shaxs qo‘lga olingan.

Ular mazkur xatti-harakatlari bilan odamlarni aldab, jami 26,5 mln so‘m zarar yetkazgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘lga olingan shaxslarga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

 

Mavzuga oid