Jahon | 11:21 / 30.05.2024
1801
3 daqiqa o‘qiladi

ENISA: YeIda oxirgi oylarda kiberhujumlar soni ikki baravar oshdi

Yevropa infratuzilmasiga qilingan ko‘plab hujumlar ortida Rossiya bilan aloqador hakerlar turgan bo‘lishi mumkin, deydi ENISA rahbari Yuxan Lepassaar.

Foto: Getty Images

2024 yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqi infratuzilmasiga kiberhujumlar soni 2023 yilning so‘nggi choragidagidan ikki baravar ko‘p bo‘ldi. Bunday ma’lumotlarni Yevropa kiberxavfsizlik agentligi (ENISA) rahbari Yuxan Lepassaar 29 may, chorshanba kuni chop etilgan AP'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Lepassaar hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday kiberhujumlarning ko‘pchiligi ortida Rossiya bilan aloqasi bo‘lgan hakerlar turishi mumkin. 2022 yil 24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri «geosiyosiy sabablarga ko‘ra» amalga oshirilgan kompyuter buzib kirishlari soni doimiy ravishda oshib bormoqda, dedi AP manbasi.

Agentlik tushuntirganidek, Yevroparlamentga saylovlar, shuningdek, Britaniya parlamenti va AQSh prezidentiga saylovlar xavfsizlik xizmatlarining e’tiborini potensial tahdidlar va do‘stona bo‘lmagan tomonlar tomonidan moliyalashtiriladigan «qo‘poruvchilik» kampaniyalariga kuchaytirdi.

ENISA'ning 2023 yil uchun yillik hisobotida to‘lov to‘lanmaguncha kompyuterga kirishni bloklaydigan zararli dasturlardan foydalangan holda hakerlik hujumlari, shuningdek, davlat muassasalariga hujumlar ko‘payganligi qayd etilgan.

Hujumlar Ukrainada sinovdan o‘tkazildi

Lepassaarning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlarning hammasi ham muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Bundan tashqari, ularning ko‘pchiligi dastlab Ukrainada sinovdan o‘tkazildi va shundan keyingina Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tkazildi, deydi ekspert. «Bu Rossiya urushining bir qismi, u Ukrainada jismonan, ammo butun Yevropada raqamli ravishda ham olib borilmoqda», deb hisoblaydi u.

ENISA rahbari intervyuda ta’kidlagan xavf-xatarlardan biri bu - sun’iy intellekt vositalaridan foydalangan holda G‘arb saylovchilariga noto‘g‘ri ma’lumot berish. Xususan, gap deepfake texnologiyasidan foydalangan holda yaratilgan video va audio yozuvlar haqida ketmoqda.

Avvalroq, may oyi o‘rtalarida AQSh Milliy razvedkasi rahbari Evril Xeyns AQSh Senati razvedka qo‘mitasida so‘zlagan nutqida xuddi shu narsa haqida ogohlantirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh saylovlari uchun «eng faol tashqi tahdid» Rossiyadir. Biroq, sun’iy intellektdan foydalanishning yangi texnologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda, boshqa davlatlar yoki hatto Qo‘shma Shtatlardagi uyushmalar dezinformatsiya kampaniyalarini boshlashga urinishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi, dedi u.

Mavzuga oid