Jahon | 13:52 / 19.12.2024
1126
2 daqiqa o‘qiladi

YeI sudi Deripaska va ikki bankni sanksiyalar ostida qoldirdi

Oleg Deripaska va ikki Rossiya banki Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi harakatlar uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bekor qilinishiga erisha olmadi.

Oleg Deripaska Foto: Andrey Samsonov / TASS

Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi 18 dekabr, chorshanba kuni rossiyalik tadbirkor Oleg Deripaska, Rosbank va Tinkoff-bankning Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi munosabati bilan ularga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarga qarshi da’volarini rad etdi.

Har uchala apellyatsiya, jumladan, Deripaskaning unga sanksiyalardan bir million yevro miqdoridagi ma’naviy zararni qoplash talabi rad etildi.

Oleg Deripaska 2022 yilda Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazgan yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun, keyin esa 2024 yilda — avvalgi sanksiyalarni chetlab o‘tganlik va Rossiya hukumatiga moddiy yordam ko‘rsatganlik uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgan.

Sud Deripaskaning amakivachchasiga nisbatan sanksiyalarni qisman olib tashladi

Shu bilan birga, 11 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi sudi Oleg Deripaskaning amakivachchasi Pavel Yezubovning da’vosini qisman qanoatlantirdi. Hukmda ta’kidlanganidek, u YeI Kengashining 2023 yil sentabr oyidagi o‘ziga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlarini bekor qildi, biroq 2022 yil sentabr va 2023 yil mart oylarida kiritilgan cheklov choralarini bekor qilishni talab qiladigan qismidagi da’vosini rad etdi.

Rosbank va Tinkoff-bank sudga bir qator bandlarni taqdim etdi, ular orasida sanksiyalar sabablari ko‘rsatilmaganligi, faktlarni baholashda xatolik, Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, mutanosiblik prinsipini buzish, qonun hujjatlarini buzish va boshqalar bor.

Mavzuga oid