O‘zbekiston | 13:53 / 05.06.2024
9371
3 daqiqa o‘qiladi

Infinbank’ning Andijon filiali sobiq mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bank filiali boshqaruvchisi hamda xodimi bir nechta MChJ rahbarlari bilan til biriktirib, g‘ayriqonuniy bank operatsiyalari orqali 4 mlrd so‘mni o‘zlashtirib yuborganlikda gumonlanmoqda. Yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun fuqarolarga tegishli, turli rusumdagi 26 ta avtomobil xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan. Bank filiali boshqaruvchisi tergovdan yashirinib, xorijiy davlatga chiqib ketgani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Infinbank’ning Andijon filiali sobiq mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qildi.

Manbaga ko‘ra, “Infinbank” AJ Andijon viloyati filiali sobiq boshqaruvchisi F.A. hamda sobiq xodim N.K. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda gumonlanmoqda.

Tergov hujjatlarida keltirilishicha, F.A. va N.K.ning qilmishi avtokreditlar bilan bog‘liq. Ular “Mega Oil Baraka Gold”, “Ibroxim Elegant” MChJlar rahbari J.M. va unga daxldor bo‘lgan shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirishgan. Ya’ni, tekin daromad olish ilinjida kredit mablag‘larini olish uchun kredit oluvchi va ularga kafil sifatida ko‘rsatilgan fuqarolarni “Mega Oil Baraka Gold” MChJda turli lavozimda ishlayotganligi, “Ibroxim Elegant” MChJ tomonidan esa 11 ta avtokredit bo‘yicha kredit ta’minoti sifatida bino va inshootlarini qo‘yganligini ko‘rsatib, hujjatlarni qalbakilashtirishgan. So‘ngra qalbaki hujjatlardan foydalanib, g‘ayriqonuniy bank operatsiyalari orqali 11 ta holatda bankning 4 mlrd so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgan.

Bankka yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida qalbaki hujjatlar asosida talon-toroj qilingan pul mablag‘lari hisobiga olingan, ayni paytda fuqarolarga tegishli bo‘lgan jami 26 ta, jumladan, 6 ta Equinox, 7 ta Malibu, 4 ta Nexia, 4 ta Cobalt va boshqa shu kabi mashinalar xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan.

Manbaning aytishicha, kreditga olingan ushbu avtomobillarning ayrimlari ayblanayotgan shaxslar tomonidan boshqa fuqarolarga sotilib, sotuvdan tushgan pullar o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborilgan. Ularning garovga qo‘yilgani negadir notarial oldi-sotdi jarayonida ham ma’lum bo‘lmagan.

“Infinbank” AJ Andijon viloyati filiali sobiq boshqaruvchisi F.A. tergovdan yashiringani aytilmoqda. Manbaga ko‘ra, u xorijiy davlatga chiqib ketgan bo‘lishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid