O‘zbekiston | 09:43 / 10.06.2024
10845
2 daqiqa o‘qiladi

IIV binosi yaqinida yong‘in chiqdi (video)

Hodisa yer ostidan o‘tkazilgan kabelda ro‘y bergan. Bu poytaxtning markaziy qismlarida svetoforlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugun, 10 iyun kuni tongda Toshkent shahri markazida, Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida yong‘in ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Kosmonavtlar» bekati yaqinida yong‘in chiqqani haqida video tarqalgan.

«Toshkent metropoliteni» tomonidan bildirilgan munosabatda yuzaga kelgan ushbu yong‘inning metropoliten tizimiga aloqasi yo‘qligi, «Kosmonavtlar» bekatidagi barcha qurilmalar normal holatda ishlayotgani ma’lum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Shota Rustaveli, Bobur, Beshyog‘och, Baynalmilal ko‘chalaridagi svetoforlar o‘chgani haqida xabar berishgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevga ko‘ra, yong‘in yer ostida kabellar shikastlanishi natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin. «Holat mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi», dedi u Kun.uz’ga bergan izohida.

FVV matbuot xizmati ham hodisa yuzasidan ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 08:10 da Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Afrosiyob va Sh.Rashidov ko‘chalari kesishmasi oldida joylashgan yerosti tunnelida elektr simlarini tutashi kuzatildi.

Voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 08:15 da yetib borib, soat 09:08 da qurshab olingan va hodisa soat 09:15 da bartaraf etildi.  

Hodisa oqibatida tan jarohati olish va halok bo‘lish xolatlari qayd etilmagan.  

Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri yetib borgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida ham ushbu hududda kuchli yong‘in sodir bo‘lgandi.

Mavzuga oid