Jahon | 08:01 / 10.06.2024
5053
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlamentga saylovlarda o‘ng markazchilar g‘alaba qozondi

Yevroparlamentga saylovlarning dastlabki rasmiy natijalari taqdim etildi. Yevropa komissiyasi rahbari fon der Lyayyen o‘z lavozimini saqlab qolishi kutilmoqda. U Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar bilan hamkorlik qilish niyatida.

Foto: Geert Vanden Wijngaert/AP/dpa/picture alliance

Yevroparlamentga saylovlarda, dastlabki rasmiy natijalarga ko‘ra, o‘ng markazchi partiyalar alyansi, Yevropa xalq partiyasi (YeXP) g‘alaba qozondi. 10 iyun, dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:10 holatiga ko‘ra, YeXP parlamentdagi 720 o‘rindan 189 tasini aniq qo‘lga kiritdi. Taqqoslash uchun: joriy chaqiriq Yevropa parlamentida bu alyans 176 mandatga ega. 

Garchi o‘ng qanot populistik partiyalar, jumladan, «Germaniya uchun muqobil» 2019 yilga nisbatan o‘z natijalarini sezilarli darajada yaxshilagan bo‘lsa-da, kuchli Bryussel siyosati tarafdorlari lageri katta bo‘lib qolmoqda. Dpa agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevroparlamentga kirgan barcha o‘ng qanot partiyalar birlashgan taqdirda ham ularning vakillari jami 200 dan ortiq mandat ololmaydi. Yevroparlamentdagi ko‘pchilik uchun 361 o‘rin kerak. 

Dastlabki natijalarga ko‘ra, YeXPdan keyin ikkinchi o‘rinda sotsial-demokratik kuchlar turibdi. Ular 135 ta mandat olyapti (hozirgacha ular 139 mandatga ega edi). Uchinchi natija 83 o‘ringa ega bo‘lgan «Yevropani yangilash» liberal fraksiyasida. Bu 2019 yilgi Yevropa parlamenti saylovlari natijalaridan 19 taga kam. 

«Yashillar»/Yevropa erkin ittifoqi yirik mag‘lubiyatga uchradi. Shu paytgacha ular Yevropa parlamentida 72 o‘ringa ega edi. Biroq joriy saylovlarning dastlabki rasmiy natijalariga ko‘ra, ular bor-yo‘g‘i 53 mandatni saqlab qolishi mumkin. 

«Yevropa konservatorlari va islohotchilari» (YeKI) 72 o‘rin, o‘ng qanot millatchi «Shaxsiyat va demokratiya» fraksiyasi - 58 o‘rin, Yevropa birlashgan so‘llar/Shimol so‘l-yashillari (YeBS/ShSYa) - 35 o‘rin. Yana 95 ta o‘rinni fraksiyaga kirmagan deputatlar egallaydi. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, butun Yevropa Ittifoqi bo‘yicha saylovchilarning ishtiroki 51 foizni tashkil etgan. Besh yil avval bu ko‘rsatkich 50,66 foizga teng bo‘lgandi.

Ursula fon der Lyayyen Yevrokomissiya rahbari lavozimida qolishi kutilmoqda 

Ayni paytda, Germaniya Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) tomonidan nomzodi ilgari surilgan Yevrokomissiyaning amaldagi rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘z lavozimini saqlab qola olishiga ishonch bildirdi. «Ha, ishonchim komil, lekin, albatta, men oldinda juda ko‘p ish borligini bilaman, ammo men ikkinchi mandatni egallashimga ishonchim komil», - deya Reuters uning tegishli savolga javobini keltirgan. 

Boshqa narsalar qatorida, fon der Lyayyen Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid