Jahon | 15:07 / 13.06.2024
16691
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiyaning oldinga siljishi deyarli barcha yo‘nalishlarda to‘xtab qoldi

Holbuki Putin RF qurolli kuchlari ukrain armiyasini «siqib chiqarayotgani»ni aytgandi.

Aleksey Konovalov / TASS / Profimedia

Rossiya armiyasi 2023 yil oktyabrida bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda boshlangan yurishlarini iyun oyida ham davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlarining asosiy zarbasi berilgan va eng katta qo‘shin harakatga keltirilgan Avdiyivka yo‘nalishida sakkiz oy mobaynida 15-20 kilometr masofa bosib o‘tildi. Shu bilan birga, Avdiyivkaning o‘zi egallab olingan fevral oyidan keyingi davrdagi ilgarilash 7-10 kilometrni tashkil etgan. May oyida RF qurolli kuchlari Xarkiv yaqinida yangi front ochgan, bir necha kun ichida ukrainlar nazoratidagi hudud bo‘ylab yetti-sakkiz kilometr masofaga kirib kelingandi. Boshqa yo‘nalishlarda esa oldinga harakatlanish yanada sekin va kamtarona bo‘lmoqda.

Vladimir Putin 7 iyun kuni RF qurolli kuchlarining hujum metodlarini Ukraina qurolli kuchlarini Rossiya «nazorat ostiga olishi kerak bo‘lgan» hududlardan «siqib chiqarish» taktikasi deb atagandi. Bunday yurish sur’atini tezlashtirish ham mumkin — ammo faqat Rossiya armiyasining Ukraina armiyasiga nisbatan son jihatdan ustunligini sezilarli darajada oshirish hisobiga. Buning uchun esa safarbarlik hamda yo‘qotishlar miqdori ortishi talab etiladi — bunday variantlar esa Putinni qoniqtirmaydi.

Uning rejasiga ko‘ra, Rossiya aynan qaysi hududlarni «nazorat ostiga olishi» kerakligi aniq emas, ammo taxmin qilish mumkinki, gap kamida Donetsk va Zaporijjya oblastlarini to‘liq egallash haqida boradi. Donetsk oblastining logistik va sanoat markazlarigacha (Kramatorsk, Slovyansk, Pokrovsk, Kuraxovo, Liman) RF qurolli kuchlari 30 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Region chegarasigacha — turli yo‘nalishlarda (agar eng shimoliy nuqtasi hisoblanmasa) 40-50 kilometr yurish kerak. Bu shuni anglatadiki, yurishning hozirgi sur’atlarida (bu esa kelgusida ham saqlanib qolishi kafolatlanmagan) faqat Donetsk oblastining o‘zini egallashga bir yildan ortiq vaqt ketishi mumkin.

Shu bilan birga, Rossiya qo‘mondonligi zaxiralarni boshqa yo‘nalishlarga sochib yuborgan. Xususan, u Xarkivdan shimolda to‘xtab qolgan, avvalboshdan Leningrad harbiy okrugi qo‘shinlaridan tarkib topgan guruhini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Xarkiv va Vovchansk

  • Rossiya qo‘shini hamon Vovchanskda va uning atrofidagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlarini Volchya daryosi ortiga chekintira olmadi. Ukraina qo‘mondonligi hududga zaxira kuchlarni olib keldi — jumladan, shu vaqtgacha Dnipro daryosining chap sohilida, Krinki platsdarmida o‘rnashib olishga harakat qilib kelgan dengiz piyodalari brigadalaridan kamida bittasining qismlari ushbu hududga o‘tkazilgan. RF qurolli kuchlari, aftidan, xuddi shunday javob qaytargan: Vovchansk hududiga (agar tuzilmaning telegram-kanalidagi videoga ishonilsa) Kupyansk atrofidan 47-tank diviziyasi hamda shu vaqtgacha Vuhledar uchun janglarda qatnashgan Tinch okeani floti dengiz piyodalarining 155-brigadasi qismlari yetib kelgan. Hozircha bu tuzilmalarni to‘lig‘icha Xarkiv frontiga tashlash rejalashtirilgani aniq emas. E’lon qilingan video — harbiy hiyla bo‘lib chiqishi ham mumkin.

  • Rossiyaning Vovchanskdan 50 kilometr g‘arbroqda, Xarkivning shimoliy chekkalariga kirib kelishga uringan bo‘linmalari ham bir joyda depsinib turibdi. Ukraina qurolli kuchlari shoshilinch tarzda olib kelgan zaxira kuchlari bu guruhga g‘arbiy qanotdan — Glubokoye qishlog‘i hududida qarshi hujumlar uyushtirmoqda. Shu tufayli janubroqdagi Lipsi qishlog‘i tomon yurish butunlay to‘xtagan.
  • Taxmin qilish mumkinki, Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarini shu yo‘nalishga tortishni Xarkiv amaliyotidagi asosiy maqsad sifatida hisoblamaydi: endi uning o‘zi ham ushbu uchastkada yurishni davom ettirish uchun zaxira kuchlarni jalb etishga tayyor.

Kupyansk yo‘nalishi

  • Aftidan, Xarkiv atrofida yangi front ochishdan maqsad bir yildan ortiq vaqtdan buyon Kupyansk shahriga va Oskol daryosining Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostidagi kechuv joyiga yetib kelishga harakat qilayotgan rus qo‘shinlariga yordam berish bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Xarkiv bilan bir vaqtda boshlangan bu yo‘nalishdagi yangi yurish muvaffaqiyatli kechmoqda: RF qurolli kuchlari qismlari keng frontda bir necha qishloqlar va mustahkamlangan pozitsiyalarni egallagan.
  • So‘nggi haftada ham asta-sekin ilgarilash davom etdi: Ivanovkani egallagan Rossiya qo‘shini Stepovaya Novoselovka qishlog‘i yo‘nalishida hujum qilgan va uning chekkalariga yetib kelgan. RF mudofaa vazirligi Myasojarovka qishlog‘i ham (eski nomi — Artemovka) egallanganini xabar qilgan, ammo buni tasdiqlovchi vizual tasvirlar paydo bo‘lmagan.
  • Yurishning bugungi sur’atlarida keng front bo‘ylab Oskol daryosi bo‘ylariga yetib kelish  yaqin oylar ichida amalga oshirib bo‘ladigan vazifa emas. Shuningdek, Vovchansk tomon hujum qilayotgan qo‘shin Ukraina qurolli kuchlarining Oskol bo‘yidagi guruhi ortida paydo bo‘lishni uddalashiga ham ishonish qiyin.

Chasiv Yar va Avdiyivka

  • Murakkab shakldagi yana bir ambitsiyali yurish — bir vaqtning o‘zida Avdiyivka va Baxmut tomondan Konstantinovka yo‘nalishida hujum qilish ham hal qiluvchi muvaffaqiyatdan juda uzoqda.

  • Bir necha oydirki, RF qurolli kuchlarining desant va motoo‘qchi tuzilmalari Chasiv Yar shahrining Baxmutdan 10 kilometr masofadagi sharqiy chekkalariga hujum qilmoqda. Oldinga yurish davom etmoqda: Rossiya qo‘shini Kanal mikrorayonining katta qismini egallagan va bir necha joyda ushbu shaharning sharqiy chekkasini markazdan ajratib turuvchi Severskiy Donets — Donbass kanali bo‘ylariga yetib kelgan. Ukraina qurolli kuchlari nihoyat kanal ortiga surib chiqarilsa, RF qurolli kuchlari qarshisida navbatdagi vazifa paydo bo‘ladi — tepalikda va suv to‘sig‘i (o‘sha kanalning o‘zi; ayrim joylarda u yer ostidan o‘tadi, ammo aynan shunday tor uchastkalarda Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi boshqa joylardagidan ko‘ra mustahkamroq bo‘lishi kerak) ortida joylashgan ko‘p qavatli binolar hududiga hujum qilish.
  • Chasiv Yardan 40 kilometr janubi-sharqda Rossiyaning boshqa guruhi, bir oy oldin Avdiyivkadan g‘arbdagi Ocheretino posyolkasini egallab olgan bo‘linmalar yurish qilmoqda. Uning shimoliy yo‘nalishdagi harakati so‘nggi haftada sekinlashdi: Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu yerga ham zaxira kuchlarini tashlagan. Lekin Rossiya qo‘shini g‘arbiy yo‘nalishda bir necha kilometr ilgarilashga ulgurgan: aftidan, bu yerda ukrain kuchlari janglar bilan daryo (bu daryo ham Volchya deb ataladi) va suv ombori ortiga o‘tishga tayyor, ular suv to‘sig‘i raqibning keyin ham oldinga yurishini to‘xtatishidan umid qilmoqda.

Vuhledar va Krasnohorivka

  • Donetsk oblasti janubida — Vuhledardan yer bilan bitta qilingan Maryinka shahri atrofidagi Krasnohorivka shahrigacha bo‘lgan hududda yurish qilayotgan qo‘shinlar oldiga ham xuddi shunday katta vazifa qo‘yilgan: ular keng front bo‘ylab frontdan 10-20 kilometr masofa ichkaridagi Vuhledar — Kuraxovo chizig‘iga yetib kelishi kerak.
  • RF qurolli kuchlari bo‘linmalari Krasnohorivka markazida hujumni davom ettirmoqda, ammo ularning oldinga siljishi sekinlashgan. Shaharni to‘liq egallash uchun ular shimoldagi ko‘p qavatli binolar rayonini to‘liq egallashi talab etiladi.
  • Vuhledardan sharqdagi Novomixaylovka posyolkasini egallagan RF qurolli kuchlari g‘arb tomon yurish qilishda davom etmoqda. Ular qo‘shni Paraskoviyevka qishlog‘ini egallagan va Konstantinovka (Baxmutdan g‘arbdagi Konstantinovka shahri bilan adashtirmaslik kerak) chekkasiga yetib kelgan. Ushbu qishloq Rossiya qo‘shini tomonidan egallanishi Vuhledar ta’minot chizig‘iga tahdid soladi. Ammo ular to‘liq muvaffaqiyatga erishishiga hali ancha bor. Agar Novomixaylovkani egallagan 155-dengiz piyodalari brigadasi chindan ham Xarkiv frontiga olib ketilsa, Vuhledarga yurish to‘xtashi mumkin.

Mavzuga oid