Jamiyat | 17:06 / 13.06.2024
20024
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda bilyard klubida janjal sodir bo‘ldi. Kaltaklangan yigitning onasi ish “yopti-yopti” qilinayotganini aytmoqda

Og‘ir tan jarohati olib, reanimatsiyada yotgan o‘smirning onasiga ko‘ra, uning o‘g‘lini besh yigit kaltaklagan, ammo bittasi ayblanmoqda. Farzandining ahvolini ko‘rgan ota ham infarkt bo‘lib, shifoxonaga tushgan. Hozirda ota va bola shifoxonaning jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolayotgani aytilmoqda. Namangan viloyati IIB holat nazoratga olinganini va qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishini bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyati Pop tumani Chorkesar qishlog‘i yashovchi Vazira Nishonova ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatida o‘g‘lini 5 nafar yigit kaltaklab ketganini ma’lum qildi. Ayol ish “yopti-yopti” qilinayotganidan norozi bo‘lib, aybdorlarga qonuniy jazo berilishini ta’minlashda mutasaddilardan yordam so‘ragan.

Vazira Nishonovaning ta’kidlashicha, uning o‘g‘li Ma’sudbek Tursunqulovni ikki kun oldin chalajon holda “tomdan tushib ketgan” degan gap bilan shifoxonaga olib kelishgan hamda “miya chanoq singan, ikki tomonlama qon quyilish” tashxisi qo‘yilgan.

“Operatsiya qilishdi, vrachlar yaxshi qarashdi. Men o‘g‘limning ikkinchi onasiman. 2,5 yoshidan o‘zim katta qilganman bu bolani. Bolam shu holatga kelishiga aybdor bo‘lgan fuqarolar jazolanmasdan hozir tashqarida yuribdi. 5 nafar yigitlar kaltaklab, orqa tomondan boshiga sakrab, bilyard tayog‘i hamda shisha bilan boshiga urgan.

Men tegishli joylarga, viloyat, tuman IIBga, profilaktika inspektoriga murojaat qildim. Lekin hamma narsa yopilib, o‘z-o‘zidan jimjitlik bo‘lib ketdi. Bilishimcha, faqatgina 5 yigitdan bittasiga aybni yuklashdi”, deydi ayol murojaatida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qolgan aybdorlar va janjalda asosiy figurant deb aytilayotgan yigitning ota-onasi ishni bosdi-bosdi qilish uchun pul taklif qilgan. Shuningdek, o‘g‘lining ahvolini ko‘rgan otasi ham infarkt bo‘lib, shifoxonaga tushgan. Hozirda ota va bola reanimatsiyada, ahvoli og‘ir holatda ekani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Namangan viloyati IIB rasmiy ma’lumot berdi. Unda ma’lum qilinishicha, joriy yil 11 iyun kuni soat 11:30 larda Pop tumani Madaniyat mahallasi hududida joylashgan bilyard klubida ikki guruh yoshlar o‘zaro janjallashib, ulardan uch nafari turli xil darajadagi tan jarohatlari olgan. Jumladan, M.T. hodisa tufayli og‘ir tan jarohati olgan.

“Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e, l” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Shuningdek, ayblanuvchining ushbu harakatlariga daxldor bo‘lgan qolgan shaxslar ham Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan va qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi IIB ma’lumotida.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda va jinoyat ishi Namangan viloyati IIB tomonidan alohida nazoratga olingan.

Mavzuga oid