Jahon | 22:58 / 16.06.2024
16992
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun - Otalar kuni: bu qanday bayram va unga kim asos solgan?

Bugun butun dunyoda ko‘pchiligimiz uchun nisbatan yangi, biroq tobora ommalashib borayotgan bayram - Otalar kuni nishonlanmoqda. AQShda 1910 yilda paydo bo‘lgan va 1966 yildan milliy bayram darajasiga chiqqan Otalar kuni bizda keyingi 5-6 yilda ommalasha boshladi.

Foto: espanarusa.com

AQShdan qiyos olingan, jahonning ko‘pchilik davlatlarida bayram qilinadigan ushbu sana aynan 17 iyunda emas, iyun oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanadi.

AQShda esa ilk marta bayram 1910 yilning 19 iyunida nishonlangan. Bayramning tashabbuskori Vashington shtatining Spokan shahrida yashovchi miss Dodd bo‘lgan. U o‘z otasi va uning siymosida farzand tarbiyasida ishtirok etayotgan Amerikaning barcha mehribon otalariga tashakkur bildirishni istagan. Tashabbus butun Amerikada quloch yoygan.

Bayram asoschisining otasi Uilyam Smartning rafiqasi oltinchi farzandini dunyoga keltirayotib, vafot etgan. U yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan birgalikda yana besh farzandni bir o‘zi katta qilgan. Mehribon ota Uilyam fuqarolik urushi faxriysi bo‘lib, farzandlari bilan fermada yashagan.

1966 yilga kelib bayram AQShda milliy bayramga aylangan. Prezident Lindon Djonson iyunning uchinchi yakshanbasini Otalar kuni milliy bayrami deb belgilagan. AQShdagi an’anaga ko‘ra, davlat va oddiy fuqarolar bir o‘zi yolg‘iz farzand tarbiyalayotgan otalar huzuriga yordam ko‘rsatish uchun oshiqishadi.

Vaqt o‘tishi bilan oilaviy qadriyatlarni hurmat qiluvchi boshqa mamlakatlarda ham bu bayram nishonlana boshladi.

Nishonlaydiganlar orasida Argentina, Buyuk Britaniya, Venesuela, Kanada, Hindiston, Meksika, Niderlandiya, Singapur, Turkiya, Fransiya, Shveytsariya, Yaponiya kabi davlatlar bor.

Ko‘plab davlatlarda otalar kuni boshqa sanada nishonlanadi. Masalan Rossiyada 2021 yildan buyon otalar kuni oktyabr oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanishi belgilangan.

Masalan Italiya, Ispaniya va Portugaliyada — 19 mart, Daniyada — 5 may, Janubiy Koreyada — 8 may; Misr, Iordaniya, Livan, Suriya kabi musulmon davlatlarda — 21 iyunda nishonlanishi odat tusiga kirgan.

Sobiq ittifoq davlatlaridan Gurjistonda 2016 yildan, Ukrainada esa 2019 yildan iyunning uchinchi yakshanbasi otalar kuni sifatida nishonlamoqda.

O‘zbekistonda 8 mart onalar, xotin-qizlar kuni sifatida bayram qilib kelinadi. Bu kun dam olish kuni bo‘lib, onalarni, ayollarni e’zozlash bayramiga aylanib ulgurgan. Endi sekin-asta Otalar kuni ham ommalashmoqda.

Umuman olganda, otalarni xursand qiladigan bu bayramning hech bir diniy yoki boshqa siyosiy jihati yo‘q. Shunchaki oilaviy bayram, oilaboshi bo‘lmish otalarni xursand qiladigan bayram sifatida, ularni e’tirof etib, tabriklab, sovg‘a berishning yomon tarafi yo‘q. Aslida, otalarimizni yilda bir emas, tez-tez xursand qilib turishimiz lozimligini unutmagan holda, albatta.

 

Mavzuga oid