NYT urush boshidagi Rossiya-Ukraina muzokaralari hujjatlarini e’lon qildi. Ulardan nimalarni bilish mumkin?
New York Times gazetasida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya va Ukraina o‘rtasida oshkora o‘tkazilgan yanona to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda muhokama qilingan hujjatlarning to‘liq nusxalari nashr etildi. Bu muzokaralar 2022 yil fevral oyi oxiri, mart va aprel oylari davomida Belarus hamda Turkiyada bo‘lib o‘tgandi.
Hujjatlar Ukraina, Rossiya va Yevropadagi manbalardan olingan, ularning haqiqiyligini muzokaralarning bevosita ishtirokchilari hamda ularga yaqin bo‘lgan odamlar tomonidan tasdiqlangan, deya yozadi gazeta.
Hujjatlar mazmuni avval ham qisman ochiqlangandi (ularni hatto Vladimir Putinning o‘zi oshkora namoyish etgandi), ammo ular ilk marta to‘liq holda nashr qilinmoqda.
E’lon qilingan fayl — 15 aprel kungi kelishuv qoralamasining qayta ishlanib, G‘arb mamlakatlari hukumatlariga ingliz tilida taqdim etilgan varianti bo‘lib, unda ikki tomon rozi bo‘lmagan tuzatishlar belgilab chiqilgan. Hujjat boshida bu aynan RF prezidenti Vladimir Putinning stoliga qo‘yilgan versiya ekani ta’kidlangan. Hujjatda bir necha bor qandaydir geografik xarita eslab o‘tiladi, ammo faylning o‘zida xarita yo‘q.
Kelishuvda asosan quyidagi bandlar bo‘lgan:
- Ukraina doimiyga betaraf mamlakat bo‘lib qoladi.
- Ukraina harbiy ittifoqlarga kira olmaydi, ammo YeIga a’zo bo‘lishi mumkin.
- Kafil davlatlar va kelishuv ishtirokchilari Ukraina mustaqilligi va suverenitetiga rioya etishi shart. Suverenitet buzilgan taqdirda ular buni tinch yo‘l bilan hal etishga urinib ko‘rishi kerak.
- Ukrainaga hujum qilingan taqdirda kafil davlatlar unga yordam ko‘rsatadi, jumladan harbiy yordam ham.
- Ukraina suverenitetini himoya qilish bilan bog‘liq moddalar ta’siri Qrim va Sevastopolga, shuningdek Ukrainaning ba’zi boshqa hududlariga (katta ehtimol bilan, gap o‘sha vaqtda rossiyalik harbiylar nazoratida bo‘lgan hududlar haqida ketgan) taalluqli bo‘lmaydi.
Nimalar muhokama qilingan, nimalarga kelishilgan, nimalarga esa yo‘q?
Kelishuv loyihasida tomonlardan biri rozi, boshqasi esa qarshi bo‘lgan joylar, shuningdek ukrain delegatsiyasi muhokama qilishdan bosh tortgan pozitsiyalar belgilab ko‘rsatilgan.
Ukrainalik muzokarachilar Rossiyaning barcha sanksiyalarni bekor qilish va barcha sud da’volarini to‘xtatish, shuningdek, mamlakat Xalqaro jinoiy sudga tortilmasligi bo‘yicha talablarini muhokama qilishni istamagan.
Hujjatda Ukrainada rus tili uchun kafolatlar, uning maqomini ukrain tili bilan tenglashtirish, bu mamlakatda natsizm targ‘ibotini taqiqlash bo‘yicha bandlar ham bo‘lgan. Ammo, e’lon qilingan fayllardan ma’lum bo‘lishicha, Ukraina tomoni ularni muhokama qilishdan bosh tortgan, chunki bu bandlar dastlabki hujjatda — 2022 yil mart oyi oxirida Istanbulda kelishilgan kommyunikeda yo‘q edi.
Shunga qaramay, matndan ko‘rish mumkinki, Ukraina Rossiyaning harbiy ittifoqlarga, birinchi navbatda NATOga qo‘shilmaslik bo‘yicha talabini bajarishga tayyor bo‘lgan, buning evaziga Rossiya – Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishiga monelik qilmagan.
Qolaversa, Ukraina mamlakat qurolli kuchlari sonini, raketa tizimlarining harakatlanish masofasini va boshqa harbiy parametrlarni cheklashga rozi edi, ammo bu boradagi limitlar yuqoriroq qilib belgilanishini talab qilgan. Masalan, Rossiya ukrain armiyasidagi harbiylar sonini 85 ming kishigacha qisqartirishni so‘ragan, Ukraina 250 ming atrofidagi limit o‘rnatilishini istagan.
O‘shanda Qrim va Donbass maqomi masalasini 15 yil muddatga muzlatish ko‘zda tutilgandi.
Muzokaralar to‘xtatilishiga olib kelgan asosiy to‘siq esa tajovuzkor tomonidan hujum qilinganida, kafil davlatlar (BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari bo‘lgan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya. RF bu ro‘yxatga Belarus va Turkiyani ham kiritmoqchi bo‘lgan) tomonidan yordam ko‘rsatilishi masalasi bilan bog‘liq, hujjatga ko‘ra, kafil davlatlardan biri Rossiya bo‘lishi lozim edi.
Ukrainaga yordam berish haqidagi qismiga Rossiya quyidagicha aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan: «barcha kafil davlatlar tomonidan kelishilgan qaror asosida». Bundan tashqari, Rossiya Ukrainaning zaruriy qurollar bilan yordam ko‘rsatish hamda mamlakat havo kengliklarini yopish borasidagi istagiga rozi bo‘lmagan (bular urushning ilk oylarida Ukrainaning jahon hajamiyatidan so‘ragan asosiy narsalari edi).
Mohiyatan, deb yozadi The New York Times, Rossiya yordam ko‘rsatishga veto qo‘yish huquqini so‘ragan — va yana Ukrainaga hujum qilib, bunday huquqdan foydalanishi mumkin edi. Agar nashr qilingan ma’lumotlarga ishonilsa, aynan shu talab tinchlik muzokaralari barbod bo‘lishida muhim rol o‘ynagan: ukrain delegatsiya a’zolaridan biri gazeta bilan suhbatda shunday tuzatish paydo bo‘lganidan keyin Kiyev «muzokaralarni davom ettirishga qiziqishni yo‘qotgani»ni aytgan.
G‘arb muzokaralarga qanday munosabatda bo‘lgan?
Putin ukrainlarni g‘arblik hamkorlari bu kelishuv shartlarini qabul qilishdan qaytarganini aytgandi. Ayrim propagandachilar buni to‘g‘ridan to‘g‘ri Buyuk Britaniyaning 2022 yil 9 aprelida Kiyevga kelgan bosh vaziri Boris Jonsonga bog‘lagan.
Jonson keyinroq BBC uchun bergan intervyusida u chindan ham hududlar Rossiyaga berilishiga qarshi bo‘lgani tan olgan, ammo Zelenskiy uning tashrifini eslay turib, Jonson faqat Ukraina yon berishi uchun bosim ostida qolishidan ogohlantirganini, ammo Ukraina qilajak har qanday tanlovni qo‘llashini bildirganini aytgan. Ularning ikkisi ham Rossiyaning Ukrainaga boshqa talablari haqida hech narsa demagan.
New York Times AQSh ham ukrain delegatsiyasi Rossiya bilan muhokama qilayotgan shartlardan qattiq xavotirga tushgani haqida gapirgan amerikalik mulozimning so‘zlarini keltirgan, o‘shanda amerikaliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday savol qo‘yishgan: «Bu bir tomonlama qurolsizlantirish ekanini tushunyapsizmi?»
The New York Times nashrida chiqqan material 15–16 iyun kunlari Shveytsariyada Ukraina, uning g‘arblik ittifoqchilari hamda dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari va tashkilotlari ishtirokida o‘tayotgan tinchlik konferensiyasiga bag‘ishlangan. Unda Rossiya, Xitoy va yana bir qator katta davlatlar qatnashmayapti. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammit arafasida Ukrainaga urushni yakunlash uchun Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan (RF bu hududlarni o‘ziga qo‘shib olingan deb biladi) qo‘shinlarini olib chiqish, shuningdek NATO a’zoligidan bosh tortish shartini qo‘ydi. Volodimir Zelenskiy bu talablarni «ishonib bo‘lmaydigan navbatdagi ultimatum» deb baholadi.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024