Jahon | 14:11 / 16.06.2024
20933
5 daqiqa o‘qiladi

Rostovdagi tergov izolyatoridagi garovga olish: jinoyatchilar o‘ldirilgan

FSIN matbuot xizmatiga ko‘ra, idoraning Rostovdagi 1-sonli tergov hibsxonasidagi xodimlarni garovga olgan jinoyatchilar otib o‘ldirilgan, garovdagilar jabrlanmagan.

Foto: TASS

16 iyun kuni tongda Rostov shahridagi 1-sonli tergov izolyatorida mahbuslar Federal jazoni ijro etish xizmatining (FSIN) ikki xodimini garovga oldi.

Rossiya axborot agentliklari tarqatgan xabarga ko‘ra, jinoyatchilar avtomashina so‘rashgan va izolyatorni tark etishga qarshilik qilmaslikni talab qilishgan.

«Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatining Rostov oblasti bo‘yicha 1-sonli tergov hibsxonasida garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha maxsus amaliyot davomida jinoyatchilar yo‘q qilindi, garovga olingan xodimlar ozod etildi va ularga zarar yetmagan», — deya FSIN matbuot xizmatidan iqtibos keltiradi Rossiya axborot agentliklari.

Bundan biroz oldinroq tergov hibsxonasi binosi hududida intensiv otishma ovozlari eshitilgan, keyin binoga tez yordam mashinalari kirib borgan.

Shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, izolyatorga olib boruvchi ko‘chalarda transport vositalari harakatlanishi to‘xtatilgan; avtomobillar egalari va jamoat transporti aylanma yo‘llarga yo‘naltirilgan.

1-sonli tergov izolyatori – qadimiy bino bo‘lib, u Rostovning qoq markazida, Gorkiy va Kirov prospektlari kesishmasida joylashgan.

Federal jazoni ijro etish xizmatining hududiy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda boshqarma boshlig‘i, boshqa huquq-tartibot organlari va prokuratura vakillari voqea joyida bo‘lib turibdi hamda garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, garovga olganlar soni besh yoki olti kishidan iborat – ularning barchasi oldin ham sudlanganlar yoki «terrorchilik» to‘g‘risidagi moddalar bo‘yicha ayblangan. Manbalarga ko‘ra, ular rezina dubinkalar, tig‘li qurollar va o‘t o‘chiruvchilarning boltalari bilan qurollangan.

Agentlik jinoyatchilar orasida IShIDga aloqador bo‘lgan shaxslar ham borligini qo‘shimcha qilgan.

Xabar qilishlaricha, jinoyatchilar kameradagi panjaralarni sindirib, navbatchilik xonasiga kirishga muvaffaq bo‘lgan, ular bu yerda ikki kishini – operativ xodim hamda inspektor-nazoratchini qo‘lga olishgan.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Yeva Merkachevaning so‘zlariga ko‘ra, garovga olinganlar orasida FSIN hududiy boshqarmasi operativ bo‘lim boshlig‘i Aleksandr Bogma ham bor.

«U yakshanba kuni tergov izolyatorida nima qilayotgani tushunarsiz. Eslatib o‘taman, dam olish kunlari sudga yoki tergov harakatlariga, shuningdek advokat bilan yoki yaqinlar bilan uchrashishga ham olib ketilmaydi», — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Huquq-tartibot organlari TASS agentligiga bergan izohida Rostovdagi tergov hibsxonasidagi garovga olish sinchkovlik bilan tayyorlangan va bu jarayon oylab davom etgan bo‘lishi mumkin.

«Mahbuslar turli kameralarga joylashgan, ammo ular orasida aloqa bo‘lgan, ular o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishgan», - degan agentlikka ichki ishlar organlarining anonim vakili.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarga yordam ko‘rsatilgan. Ularning harakati «tashqaridan muvofiqlashtirilgani» to‘g‘risidagi versiya tekshirilmoqda.

Garovga olganlar haqida nimalar ma’lum?

TASS tahririyati nusxasi bilan tanishib chiqqan sud hukmiga ko‘ra, tergov izolyatorida hujum uyushtirganlardan uch nafari 2023 yil dekabrida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, ular Qorachoy-Cherkasdagi Oliy sud binosida portlash uyushtirishda aybdor deb topilgan.

«Janubiy okrug harbiy sudi o‘tgan yil dekabrida Ingushetiya respublikasida yashovchi Shamil Akiyev, Tamerlan Gireyev va Azamat Tsitskiyevni qator terrorchilik jinoyatlarida, jumladan QChR oliy sudi binosini portlatishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topdi», — deyilgan hujjatda.

Sud qaroriga ko‘ra, Akiyev, Gireyev va Tsitskiyev internetda IShID a’zosi bilan yozishgan va uning rahbariga qasamyod qilib, video yozishgan.

Ayblanuvchilar portlovchi qurilma uchun qismlar sotib olib, uni yig‘ishgan, shuningdek, davlat muassasalari hamda huquq-tartibot organlari xavfsizligini kuzatib, portlash sodir etish uchun joy tanlashgan.

Gireyev va Akiyev 18 yil, Tsitskiyev esa — 18,5 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan, ularning uchalasi ham 500 ming rubldan jarimaga tortilgan. TASSning qayd etishicha, hukm hali qonuniy kuchga kirmagandi.

Mavzuga oid