Jahon | 17:57 / 18.06.2024
45708
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek Chikatilosi: xiyonat sabab vahshiy qotilga aylangan «manyak»

O‘zbekiston fuqarosi Baxtiyor Matyoqubov Toshkent, Moskva va Kiyevdagi shafqatsiz jinoyatlari ortidan possovet hududidagi aholi orasida «O‘zbek Chikatilosi» nomi bilan dahshat uyg‘otadi. U ma’shuqasidan qabul qilgan xiyonat alamini boshqa ayollardan oladi. Manyak 3 ta davlatda ayollarni vahshiylarcha o‘ldirgan.

Matyoqubov 10 dan ortiq ayollarni o‘ldirib, jinsiy aloqa qiladi. Qurbonlarning orasida 72 yoshli pensioner ham bor edi. Xo‘sh, uning bu jinoyatlariga faqat xiyonat sabab bo‘lgan edimi? Tajovuzkor bolakay, ilk jinoyat, ikki davlatdagi umrbod qamoq jazosi… barchasi «O‘zbek Chikatilosi»ning qotillik tafsilotlari haqida.

Bolalikdagi bezoriliklar

Baxtiyor Matyoqubov.
Foto:: “Mash” 

Baxtiyor Matyoqubov 1973 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan. Uning bezoriliklari maktab chog‘laridayoq yuzaga chiqa boshlagan. Ko‘chadagi janjallardan tortib, oilaviy munosabatlarda ham Baxtiyorning tajovuzkor tabiati namoyon bo‘la boshlaydi. O‘sha paytlardagi oq qo‘lqop kiyib yurish odati uning oilasini xavotirga sola boshlagandi. Keyinchalik Baxtiyor qotilliklarini o‘zidan iz qoldirmaslik uchun ham shunday qo‘lqop yordamida amalga oshirgan. Bu esa uni «oq qo‘lqopli qotil» nomi bilan tanitadi.

Matyoqubov birinchi jazoni o‘smirlik chog‘ida, O‘zbekistonda olgan. U 17 yoshida talonchilik uchun qamoqqa tushadi. Ammo hukm qisqa edi. Bo‘lajak qotilning keyingi 15 yili, ya’ni ayni yoshlik davri talonchilik, mushtlashishlar ortidan qisqa muddatli qamoq jazolarini o‘tash bilan o‘tadi.

Qayta-qayta kichik jinoyatlarini takrorlashiga qaramay, har safar u muddatidan oldin ozodlikka qo‘yib yuborilgan. Hammasi bo‘lib 12 yil qamoqda o‘tirgan Matyoqubov ahloq tuzatish muassasalarida o‘zini namunali tutganligi uchun shartli yoki amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan. 

 Baxtiyor Matyoqubov

Kichik bezorining qotilga aylanishi 

2006 yilda yana shartli ozodlikka chiqqan Baxtiyor yangi hayot boshlash uchun Moskvaga jo‘nadi. Biroq bu yerda uning hayoti jinoyatlar bilan boshlandi. Ko‘p o‘tmay talonchilik uchun yana Ximkida hibsga olingan Matyoqubov takroriy jinoyatchi sifatida 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Shundan sakkiz yilni qamoqda o‘tkazgan jinoyatchi bu safar ham yaxshi xulq-atvori uchun 2014 yilda muddatidan oldin ozod qilindi. 

O‘zbekistondan kelgan ma’shuqasi bilan Moskvada birga yashay boshlagan Baxtiyor uning boshqa erkak bilan telefondagi yozishmalaridan xabar topadi. Janjal ortidan ayol uni tashlab ketganidan so‘ng Matyoqubov sobiq sevgilisi va uning jazmanini o‘ldirishni rejalashtiradi. Ularni kuzatib, Kursk stansiyasiga boradi. Ammo guvohlar soni ko‘pligi, qo‘lga tushish ehtimoli kattaligi uni bu rejadan qaytaradi, endi Matyoqubov bor alamini boshqa ayollardan olishga qasd qiladi. 

2015 yilning kirib kelishini Moskvada yashovchi akasi bilan nishonlagan Matyoqubov tanishining mashinasida shahar bo‘ylab sayr qilish uchun ketayotib, «Lyublino» metro bekati yonida 36 yoshli Yuliya Anpilovaga ko‘zi tushadi. Uni uyiga birga bayram kutishga taklif qiladi. Suhbat orasida 2 nafar farzandi borligini aytgan ayol bu gapi o‘z boshiga yetishidan bexabar edi. Matyoqubov uning oilasi bo‘la turib ko‘chada boshqa erkak bilan yurganidan g‘azablanadi. Keyin uni Ramenskiy tumaniga olib borib, o‘ldiradi va jasadini ariqqa yashiradi. Shu tariqa Yuliya «manyak»ning ilk o‘ljasiga aylanadi. Keyinchalik, tergov paytida Baxtiyor bu qotillik ortidan «Moskvada bitta fohisha kamayganidan mamnunligini» aytadi. 

Foto: Videodan kadr

«Qon isi»ni olgan manyakning keyingi jinoyatlari O‘zbekistonda davom etadi. 2 yanvar kuni Rossiyadan qochib ketgan jinoyatchi Toshkentga keladi. Kelganiga bir necha soat bo‘lmasidan turib, yana bir jinoyatga qo‘l uradi. Uning bu galgi «o‘lja»si dorixona xodimasi edi. Qotil bir necha kun davomida uch ayolni o‘ldiradi. Ulardan birini Samarqandda amalga oshiradi. Uning qotilliklari tobora shafqatsiz bo‘lib borar edi. Ba’zi manbalarda qurbonlardan birining boshi uzib olingani yoziladi. 

Kiyevdagi «qonli yurish»

Toshkentda uzoq qololmasligini bilgan Matyoqubov mart oyida avtobuslarda Ukraina poytaxti Kiyevga yetib oladi. Uning yagona maqsadi «ayollardan o‘ch olish» edi. 

Oradan vaqt o‘tib, Matyoqubov Kiyevda 4 mart kuni Teremki metro bekati yaqinida itini sayr qilib yurgan 47 yoshli Natalya Onipchenkoni o‘ldiradi. Bir necha kundan so‘ng esa bog‘da sayr qilib yurgan 77 yoshli nafaqadagi kampirni gumdon qiladi. Qotil unga 20 ga yaqin pichoq jarohatini yetkazgan. Yana bir dahshatli jihat shundaki, Matyoqubov barcha qurbonlarini «Sherxon» yozuvli pichog‘ida amalga oshiradi. 

Bir hafta o‘tgach, Baxtiyor 52 yoshli gul sotuvchiga hujum qilmoqchi bo‘ldi, ammo uning rejalari amalga oshmadi. Ayol baqirib hammaning e’tiborini tortadi. Shunga qaramay, «Sherxon» uning tanasiga 4 bor qadaladi. Matyoqubov ayolning hamyonidan faqat tilla taqinchoqlar va pullarni o‘g‘irlab, jinoyat joyidan qochib ketgan. 

Bu vaqtga kelib, mahalliy huquq-tartibot idoralari ketma-ket qotilning dastlabki ikki qurboni jasadlarini allaqachon topib bo‘lgan va taxmin qilingan jinoyatchining identifikatorini tarqatishni boshlagandi. Hibsga olinishidan qo‘rqqan Matyoqubov Kiyevni tark etib, Moskvaga qaytib ketadi.

Natalya Yelkina
Foto: Fakty.ua

Moskvaga qaytgan «manyak» yangi qotilliklar rejasini tuza boshlaydi. Rossiya poytaxtida u yana bir necha ayolni – Izmailovskiy bog‘ida 44 yoshli Elmira Gusenkoni, Moskva qandolat do‘konida 35 yoshli Natalya Yelkinani va Balashixadagi tibbiy buyumlar do‘konida 53 yoshli Irina Chekanovani o‘ldiradi. Baxtiyor o‘zining tug‘ilgan kuni, 9 aprelda 26 yoshli sotuvchi qiz Yuliya Lebejinaga 15 marta pichoq urgan, so‘ng do‘kondan pul va bir qancha tovarlarni o‘g‘irlab, qochib ketgan.Tergov qaroriga ko‘ra, qotil Moskvada odamlar kam bo‘lgan joylarda ayollarga hujum qilgan. U Matyoqubov Rossiya poytaxtida 2015 yilning 17 martidan 9 apreliga qadar beshta ayolning o‘limiga sababchi bo‘lgan. E’tiborlisi, ulardan biri voyaga yetmagan qizaloq bo‘lgan. 

Sudda qizaloqni nega o‘ldirgani to‘g‘risidagi savolga, uning sochlari sariq va ko‘zlari yorqin moviy rangda bo‘lgani, bu ko‘rinishdagi qizlarning barchasi fohisha bo‘lishini aytib o‘tgan.

Yuliya Lebejina
Foto: Fakty.ua

Qotilning qo‘lga tushishi

Ko‘p o‘tmay, Rossiya poytaxtida hibsga olinishidan qo‘rqib, Matyoqubov yana Kiyevga qaytib ketdi va qurilish ishchisi bo‘lib ishga kiradi. U yerda Matyoqubov bir ayol bilan uchrashib qoladi va keyinroq, 14 aprel kuni kechqurun uni o‘z xonasiga taklif qiladi. Navbatdagi «o‘lja»sini qanday gumdon qilishni o‘ylayotgan jinoyatchi ayolning ikki voyaga yetmagan farzandi borligini ko‘rib, uning hayotini saqlab qolishga qaror qiladi.

Noma’lum sababga ko‘ra, boshqa o‘g‘irlangan narsalardan farqli o‘laroq, Matyoqubov 3 mart kuni o‘zi o‘ldirgan Natalya Ontipchenkoning telefon raqamini saqlab qolishga qaror qilgan va Kiyevga kelganidan so‘ng tez orada undan foydalana boshlagan. Natijada, 15 aprel kuni Matyoqubov Kiyev jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan mahalliy kafelardan birida spirtli ichimlik iste’mol qilgan vaqtida qo‘lga olindi. Hibsga olish paytida «O‘zbek Chikatilosi» hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi. Uning uyali telefoni tafsilotlari o‘rganib chiqilgach, shuningdek, harakatlanishi bosqichma-bosqich tiklanib, jinoyat sodir etilgan joylar bilan bog‘langanidan keyin uning qilmishlari fosh bo‘ldi. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilinmasa, guvohlik berishini aytgach, tergovchi «manyak»ka shunday va’da berishga majbur bo‘ladi, Matyoqubov esa zavq bilan jinoyatlari tafsiloti haqida gapira boshlaydi, agar ular uni to‘xtatmasalar, u o‘ldirishda davom etishini aytadi.

Baxtiyor Matyoqubov. Foto: ntv.ru 

Prokuratura hali ham umrbod qamoq jazosini tayinlash hukmidan qaytmaganini eshitgan Baxtiyor sud zalidan qochishga harakat qilib, yolg‘on va’dasi uchun tergovchiga uni o‘ldirish bilan tahdid qiladi. Muddatidan oldin ozodlikka chiqishga o‘rganib qolgan jinoyatchi bu safar ham qisqa muddatda qamoqdan qutulishiga ishongandi. Biroq unga jazo muqarrar edi… 

Mutaxassislar uning aqli raso ekanini va o‘z qilmishlari uchun to‘liq javobgar ekanini aniq ta’kidladi va 2016 yil oxirida Baxtiyor Ukrainada umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Hukmdan bir yil o‘tib, Matyoqubov Rossiyaga ekstraditsiya qilindi va u yerda sodir etilgan qotilliklari uchun sudga tortildi. U o‘zini qilmishidan afsuslangan va tavba qilgan qilib ko‘rsatish uchun tergov vaqtidayoq nasroniylik diniga ham o‘tadi. Biroq bu «manyak»ning jazodan qutulib qolishiga yordam bermadi. 2019 yil 2 aprelda Moskva shahar sudi Baxtiyor Matyoqubovni Rossiyada sodir etilgan beshta qotillikda aybdor deb topdi va uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Taqdirga tan bergan Matyoqubov hukm ustidan shikoyat qilish niyati yo‘qligini, shuningdek, qilgan ishidan pushaymon emasligini va ozod qilinsa, yana ayollarni o‘ldirishi mumkinligini aytadi.

Baxtiyor Matyakubov

Matyoqubov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi va u yerda sodir etgan qotilliklari uchun javob berishi kerak edi. Biroq uning keyingi taqdiri haqida hozirgi kunga qadar hech qanday ma’lumot yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, u hali ham Rossiya qamoqxonasida.

Mavzuga oid