Jahon | 14:32 / 20.12.2024
1106
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Kiyevga qo‘shimcha 30 mlrd yevro ajratmoqchi

2025 yilda Ukrainaga yana 30 milliard yevro moliyaviy yordam ajratish rejalashtirilmoqda, dedi Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta Bryusselda YeI sammitidan so‘ng.

Foto: Wiktor Dabkowski/picture alliance

Yevropa Ittifoqi 2025 yilda Ukrainaga yana 30 milliard yevro qo‘shimcha yordam berishini e’lon qildi. Bu haqda 19 dekabr, payshanba kuni kechqurun Yevropa Ittifoqining Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitidan so‘ng Yevropa kengashining yangi raisi Antonio Koshta ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters. Sammitda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etdi.

Ikki kun avval Reuters agentligi manbalarga tayanib, bu miqdor Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foyda sifatida olingan 18 milliard yevroni o‘z ichiga olgani va Yevropa tinchlik jamg‘armasi (YeTJ)dan qo‘shimcha ravishda 12,5 milliard yevro ajratilishini xabar qilgan edi. Yangi 30 milliard yevro YeI Kiyevga Rossiya hujumi boshlanganidan beri taqdim etgan 130 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda ajratiladi.

O‘z navbatida, Vengriya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Peter Siyyarto avvalroq Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga YeTJdan 6,5 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratish haqidagi qaroriga veto qo‘yganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi 2025 yildan boshlab Ukrainaga oyiga 1,5 milliard yevro berishni boshlashini aytdi.

Koshta: Ukrainani YeIga qabul qilish bo‘yicha muzokaralar 2025 yilda boshlanadi

Yevropa Kengashining yangi raisi Antoniu Koshta Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonida tezkor o‘zgarishlar haqida va’da berdi. Kamida ikki yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar 2025 yilning birinchi yarmida boshlanadi, dedi Koshta 1 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi yangi rahbariyatining Kiyevga tashrifi chog‘ida. «Biz kelajakda siz bilan birga bo‘lamiz va bu shunchaki so‘zlar emas, biz gumanitar, iqtisodiy, harbiy va energiya yordamini ko‘rsatishni davom ettiramiz», dedi Koshta o‘zining yangi lavozimidagi birinchi kuni.

Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga bosqichma-bosqich siyosiy va iqtisodiy integratsiyalashuviga misol, Koshtaning fikricha, xorijdagi ukrainalik foydalanuvchilar uchun hamyonbop roumingni joriy etishdir.

Mavzuga oid