Jahon | 10:49 / 05.12.2024
1439
4 daqiqa o‘qiladi

Ryutte: Kiyevning NATOga yo‘lini ortga qaytarib bo‘lmaydi, lekin ustuvorliklar hozircha boshqacha

Hozirda ittifoqchilar Ukrainani tinchlik muzokaralarida kuchli pozitsiyadan gapira olishi uchun mustahkamlashga harakat qilmoqda, dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte.

Foto: Global Look Press/Zhao Dingzhe/XinHua

Ukrainaning kelajagi NATOda va iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammitda ittifoqchilar Ukrainaning NATOga qaytarilmas yo‘li haqida qaror qabul qilishdi. Bu haqda 4 dekabr, chorshanba kuni Bryusselda alyans bosh kotibi Mark Ryutte DW'ning Kiyev hozir Shimoliy Atlantika alyansiga a’zolikka qanchalik yaqin ekanligi haqidagi savoliga javoban aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Ukraina kelajagi NATO bilan bog‘liq degan qaror 2008 yilda Buxarestda qabul qilingan edi, deya eslaydi Ryutte. «Bizning majburiyatlarimiz bor, Visbadenda qo‘mondonlik bor va bularning barchasi NATOga a’zo bo‘lish uchun ko‘prikdir», dedi bosh kotib. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri alyans tarkibiga kirgan davlatlar Kiyev bilan ikki tomonlama kelishuvlar ustida ishlamoqda.

«Birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali» ustuvorlik — Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash

Biroq, hozir asosiy vazifa Ukrainani Rossiya bilan muzokaralarni kuchli pozitsiyadan boshlashi uchun mustahkamlash va ittifoqchilar bunga rozi, dedi Mark Ryutte. «Bu birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali ustuvorlik», dedi Ryutte. Uning so‘zlariga ko‘ra, shuning uchun u Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi muhokamalarda qatnashishdan qochadi.

«Biz avval birinchi qadamni qo‘yishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi u. Ryutte, shuningdek, Ukraina hozir o‘z trayektoriyasini o‘zgartirayotganini va ortda qolgan tomondan kuchli pozitsiyaga o‘tayotganini ta’kidladi.

Ukraina NATOga integratsiyaning har qanday variantlarini, xususan, ushbu tashkilotga qo‘shilish yoki mamlakatning faqat bir qismini alyansga qabul qilish evaziga xavfsizlik kafolatlarini rad etadi. Ittifoqchilar o‘rtasida Ukrainaning a’zo bo‘lishi borasida kelishmovchiliklar mavjud. Germaniya, boshqalar qatori, bunga qarshi.

NATO bosh kotibi: Kiyev «bosqichma-bosqich» alyansga yaqinlashmoqda

Ukraina NATOga tezkor taklifga umid qilishi kerak emas. Bu haqda 3 dekabr kuni NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida alyans bosh kotibi Mark Ryutte aniq ma’lum qildi.

Bosh kotib iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan alyans sammitida Ukraina a’zolikka «qaytib bo‘lmas yo‘ldan» borayotgani haqidagi va’dani yana bir bor ta’kidladi. Ryutte ta’kidlaganidek, yaqinlashish «bosqichma-bosqich» sodir bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichda gap ko‘proq Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish haqida ketmoqda, «tinchlik jarayoni» qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qilish kamaydi. Ukraina Moskva bilan «kuchli pozitsiyadan turib» gaplashishi kerak, deydi u.

Mark Ryutte transatlantik alyansga a’zo davlatlarni Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirishga chaqirdi. «Biz hammamiz ko‘proq ish qilishimiz kerak. Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashimiz qanchalik kuchli bo‘lsa, uning muzokaralar stolidagi pozitsiyasi shunchalik mustahkam bo‘ladi», — dedi Ryutte.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlikdan manfaatdor emas, deya qo‘shimcha qildi bosh kotib. «U hujumni davom ettirmoqda va ko‘proq hududni egallashga harakat qilmoqda, chunki u Ukrainani va bizning irodamizni sindirishi mumkinligiga ishonadi, lekin u noto‘g‘ri o‘ylayapti», — deya ta’kidladi alyans rahbari.

Mavzuga oid