Rossiya mudofaa vaziri armiyani NATO bilan urushga tayyorlashni buyurdi
RF mudofaa vaziri Andrey Belousov Rossiya NATO bilan «yaqin o‘n yillikda» yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaroga tayyor bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
Rossiya «yaqin o‘n yillikda» Yevropada NATO bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaroga tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda RF mudofaa vaziri Andrey Belousov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi bilan ehtimoliy to‘qnashuv haqida harbiy blok tomonidan qabul qilingan oxirgi qarorlar darak bermoqda. «Shuningdek, bu AQSh hamda NATOga a’zo boshqa davlatlarning doktrinal hujjatlarida o‘z aksini topmoqda», — deydi Belousov Rossiya Mudofaa vazirligi kollegiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida.
Harbiylar qarshisida RF prezidenti Vladimir Putin ham chiqish qilib, NATO davlatlari harbiy xarajatlarni oshirayotgani, Amerikaning Yevropadagi harbiy xizmatchilari soni esa 100 ming kishidan oshganini ma’lum qildi. «Rossiya chegaralari yaqinida alyans qo‘shinlarining zarba guruhlari shakllanib, birlashmoqda», — deydi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO istaklari allaqachon alyansning «tarixiy mas’uliyat zonasi» doirasidan chiqib ketgan. «Alyans Sharqiy qanotdan tashqari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ishtirokini oshirmoqda. AQSh ko‘magida o‘nlab yillar davomida shakllangan xavfsizlik arxitekturasiga putur yetkazadigan yangi harbiy-siyosiy ittifoqlar yuzaga kelyapti», — deya ta’kidlaydi Putin.
Shuningdek, uning qayd etishicha, AQSh 5500 kilometr uzoqlikka uchishga qodir raketalar yaratish va ularni oldingi pozitsiyalarga joylashtirishga tayyorlanmoqda, shu bilan birga, «ushbu raketa tizimlarini Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga joylashtirish ishlari allaqachon boshlangan». Putinning eslatishicha, bu turdagi harakatlar AQSh va SSSR o‘rtasida 1987 yilda imzolangan O‘rta va yaqin masofali raketalar to‘g‘risidagi shartnoma bilan taqiqlangan.
Avvalroq NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans a’zolarini o‘rta muddatli istiqbolda Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanishga chaqirgandi. Bryusseldagi chiqishi davomida u mudofaani mustahkamlash bo‘yicha hozirgi sa’y-harakatlarni yetarlicha emas deb baholagan. «To‘rt-besh yildan keyin sodir bo‘ladigan voqealarga tayyor emasmiz. Hozir Ukrainada bo‘layotgan voqealar biz bilan ham yuz berishi mumkin», — degan u.
Mavzuga oid
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
07:52 / 19.12.2024
NATO Kiyevga harbiy yordamni muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi
19:58 / 13.12.2024
NATO bosh kotibi 5 yildan keyin Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
13:29 / 13.12.2024