Jahon | 19:58 / 13.12.2024
5813
3 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi 5 yildan keyin Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi

Mark Ryutte Bryusseldagi chiqishi davomida mudofaani mustahkamlash bo‘yicha hozirgi sa’y-harakatlarni yetarlicha emas deb baholab, «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar biz bilan ham yuz berishi mumkin», dedi.

Foto: AP

NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans a’zolarini o‘rta muddatli istiqbolda Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanishga chaqirdi. Bryusseldagi chiqishi davomida u mudofaani mustahkamlash bo‘yicha hozirgi sa’y-harakatlarni yetarlicha emas deb baholagan. «To‘rt-besh yildan keyin nimalar kutishi mumkinligiga tayyor emasmiz. Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar biz bilan ham yuz berishi mumkin», — deydi u.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya tomonidan bevosita harbiy tahdid yo‘q, uning hisoblashicha, Moskva Ukraina va G‘arb davlatlari bilan uzoq muddatli qarama-qarshilikka tayyorlanmoqda. NATO bosh kotibi «urush davridagidek fikrlash»ga o‘tish zarurligini ta’kidlab, harbiy xarajatlarni oshirishni taklif qildi va buni ittifoq mamlakatlari hududida yirik urushdan qochishning yagona yo‘li deb atadi: «Agar biz urushning oldini olish uchun hozir ko‘proq sarflamasak, keyinroq sezilarli darajada ko‘p to‘laymiz — milliardlab emas, trillionlab yevro. Va bu agarda biz g‘alaba qozonsak».

Oktyabr oyida Germaniya Federal zarvedka xizmati boshlig‘i Bruno Kal Rossiya 2030 yilga borib NATO davlatlariga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. «Vladimir Putin nafaqat Rossiyaning Yevropadagi ta’sirini kengaytirishga urinmoqda, balki AQShning qit’adagi harbiy ishtirokini siqib chiqarish niyatida. Moskvaning maqsadlari Ukrainani egallab olish bilan cheklanmaydi, balki yangi dunyo tartibini yaratish ham o‘z ichiga oladi», — degan Kal.

O‘z navbatida Chexiya razvedkasi boshlig‘i Mixal Kudelka agar Ukraina urushda yutqazsa yoki o‘z foydasiga xizmat qilmaydigan tinchlik bitimini imzolasa, Rossiya Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlariga yaqin 10-15 yil ichida hujum qilishini aytgan edi.

Noyabr oyida Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasi Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun kompaniya vakillariga tushuntirish ishlari olib borishni boshlaganini yozgandi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat harbiy bosqin holati uchun «Nemis tezkor rejasi» nomli maxfiy hujjatni tayyorlab qo‘yganini ma’lum qilgan. Unda, xususan, harbiy maqsadlar vaqtida alohida himoyalash kerak bo‘lgan barcha inshoot va infratuzilma obektlari keltirilgan. Shuningdek, hujjatdan mudofaa holati uchun batafsil harakatlar rejasi ham o‘rin olgan.

Shuningdek, o‘sha oyda NATO Harbiy qo‘mitasi raisi Rob Bauer G‘arbdagi yirik kompaniyalar rahbarlari urush sharoitiga tayyor turishi hamda tegishli tartibda o‘zlarining ishlab chiqarish va taqsimlash tarmoqlarini yo‘lga qo‘yishi kerakligidan ogohlantirgandi.

Mavzuga oid