O‘zbekiston | 10:56 / 19.06.2024
2192
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt O‘zbekistonda sanoat yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt Sanoat korxonalari uyushmasi bosh direktori Huda Hamid al-Baqshi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, unda mamlakatda savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhit to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonning Buxoro, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining investitsiyaviy imkoniyatlari bilan tanishdilar.

O‘zbekiston tomoni Kuvayt Sanoat korxonalari uyushmasiga a’zo kompaniyalar va kuvaytlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan qiziqish bildirilgan loyihalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Huda Hamid al-Baqshi so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sishga erishganini yuqori baholadi. U, shuningdek, O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida sanoat sohasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanishiga umid bildirdi.

"O‘zaro manfaatli loyihalar bo‘yicha O‘zbekistonning tegishli vazirlik va kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyormiz", dedi uyushma bosh direktori.

Mavzuga oid