O‘zbekiston | 21:33 / 19.06.2024
19253
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirishda qiyinchilikka uchramoqda. RF TIVga so‘rov yuborildi

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolarining RF hududiga kirishdagi qiyinchiliklar haqidagi murojaatlari ko‘paygan. O‘zbekistonliklar aeroport xodimlarining haddan tashqari uzoq qo‘shimcha tekshiruvlaridan shikoyat qilyapti. Moskvadagi elchixona Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi.

Foto: Yuliya Kuzmina / Avia.ru

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarining RFga kirishda qiyinchilikka uchrayotgani holatlari yuzasidan RF Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi.

Elchixona axborotiga ko‘ra, Rossiyaga kirishda yoki Moskvadagi Sheremetevo aeroporti orqali tranzit qilishda qiyinchiliklar bo‘layotgani haqida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan diplomatik missiyaning koll-markaziga murojaat ko‘paygan.

Fuqarolar aeroportlarning tegishli xizmatlari tomonidan haddan tashqari uzoq davom etayotgan qo‘shimcha tekshiruvlardan shikoyat qilmoqda.

“Holatga aniqlik kiritish maqsadida elchixona tomonidan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yo‘llandi”, – deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, elchixonaning konsullik bo‘limi Sheremetevo aeroportining chegara nazorati xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 22 mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida ro‘y bergan teraktdan keyin Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining RFga kirishida muammolar kuzatilayotgani haqida xabarlar ko‘paygan edi. Fuqarolari eng ko‘p qiyinchiliklarga uchrayotgan Tojikiston rasmiylarining so‘roviga javoban rasmiy Moskva mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilganini bildirgan.

Mavzuga oid