Jamiyat | 15:23 / 20.06.2024
2947
3 daqiqa o‘qiladi

Sanitar tozalash xizmatida texnikalardan samarali foydalanishning yangicha tajribasi ilgari surildi

Foto: Videodan kadr

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov sanitar tozalash xizmatida texnikalardan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlarni ilgari surdi. Unga ko‘ra, endilikda hozirgi paytda chiqindilarni tashish va olib chiqib ketishda xizmat ko‘rsatayotgan maxsus texnika o‘rniga ham ekologiya uchun zararsiz, ham kamxarjligi jihatdan qulay bo‘lgan ish yurituvchi motorollerdan foydalanishni joriy etish nazarda tutilgan.

Maxsus motoroller kuniga 80 km. masofa bosib o‘tishga mo‘ljallangan bo‘lib, mahallaga kuniga 1-2 marta kirish imkoniga ega. U chiqindilarni saralagan holda olib chiqib, qayta yuklash stansiyasiga tashishi bilan ham hozirgi chiqindi tashuvchi yirik transportlardan afzal sanaladi. Buning natijasida tayyor saralangan chiqindilarni qayta saralashga hojat qolmaydi, texnika kuchi va xarajatlari tejalishi barobarida poligonlarda tashkil etiladigan eko-klaster hududining o‘zida chiqindilarni qayta ishlashga erishiladi.

  • Ma’lumot o‘rnida: yuk tashuvchi motorollerning xarid narxi 32 mln so‘mni tashkil etib, 869 mln so‘m bo‘lgan hozirgi chiqindi tashuvchi yirik transportlardan 27 barobar arzon tushadi. Transportni saqlash, ta’mirlash va ishchi kuchi kabi bir yillik xarajatlari jihatidan 14 barobar hamda yoqilg‘i sarfi jihatdan esa 5 barobarga tejamkor hisoblanadi.

Shu bilan birga, motorollerlar elektrga mo‘ljallangani va qo‘shimcha 27 ta ishchi o‘rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur elektr motorollerlar chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” chiqindilariga saralab tashishga mo‘ljallangan. Hozirgi chiqindi tashuvchi transportlarda esa umumiy chiqindilarni tashishda saralab tashlash imkoniyati yo‘q va bu o‘z o‘rnida qayta ishlash imkoniyatiga ham ta’sir ko‘rsatar edi.

Jarayonda chiqindi tashish platformasining alohida turlarga bo‘lish imkoniyati mavjud bo‘lgan motorollerlardan tajriba tariqasida avvaliga 3 turdagi 50 tadan jami 150 tasi 425 ming dollarga xarid qilib keltiriladi. Ularni respublikaning 14 hududidagi shahar va tumanlar markazidagi jami 1860 ta MFYda tajriba sifatida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunda har bir mahallaga bittadan motoroller ajratish orqali nafaqat aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, balki chiqindilarni iqtisodiyotning ajralmas bo‘lagiga aylantirish maqsad qilingan.

Mavzuga oid