Jahon | 10:01 / 21.06.2024
4899
7 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Hindistonda milliy tibbiyot imtihoni mojaroga sabab bo‘ldi – savollar oldindan sizdirilgan bo‘lishi mumkin

Hindistonda tibbiyot bo‘yicha milliy imtihondan bu yil 67 nafar talaba maksimal ballni qo‘lga kiritgan. Shu paytgacha bu raqam 1-3 nafarni tashkil qilib kelgan. Ota-ona va abituriyentlar Milliy test agentligini firibgarlik, savollarni sizdirib yuborish va ko‘chirmachilikda ayblab, sudga berdi.

Voqea qanday bo‘ldi?

4 iyun kuni milliy tibbiyot imtihoni natijalari e’lon qilingach, 67 nomzod maksimal 720 ball olgani ma’lum bo‘ldi. Milliy tibbiyot imtihoni joriy qilingan 2016 yildan beri bunaqasi ilk marta kuzatilishi. Shu paytgacha har yili 1-3 va hatto ayrim yillari bororta ham talaba yuqori ballni qo‘lga kirita olmay kelar edi.

Bu yil 650-680 kabi yuqori ball olganlar soni ham oshib ketdi va tibbiyot oliygohlariga kirishdagi raqobat ham kuchaydi. Bu abituriyent va ota-onalar noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular imtihon o‘tkazishda xatolik bo‘lganini aytib, buni aniqlash uchun surishtiruv o‘tkazishni talab qilishyapti. Biroq MTA ayblovlarni rad etib, bu yil ko‘p talaba imtihon topshirgani uchun ham ballar ko‘tarilib ketgan degan bayonot bergan. Shuningdek, 1563 nafar nomzodga imtihon markazlaridagi kechikishlar va fizika savolida ikkita to‘g‘ri javob bo‘lgani uchun “imtiyozli ball” berilgani ma’lum qilingan. 67 nafar yuqori ball to‘plaganlarning 50 nafari aynan shu imtiyoz sababli eng yuqori ballga ega bo‘lgan.

13 iyun kuni Hindiston oliy sudi norozilar ko‘pligi uchun qo‘shib berilgan imtiyoz baholarini bekor qildi. Oliy sud imtiyozli ball olgan talabalarning qayta test topshirishini so‘ragan va bu 23 iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ammo namoyishchilar sud qarori ular ko‘targan kattaroq muammolarni, masalan, savollar sizdirilishi, firibgarlik va tizimli korrupsiya kabi ayblovlarni ko‘rib chiqmayotganidan norozi.

Milliy tibbiyot imtihoni nima?

Milliy muvofiqlik testi (bakalavriat) hindistonliklar uchun tibbiyot oliygohlariga kirishda ko‘prik vazifasini bajaradi. U mamlakatdagi eng yirik imtihonlarni o‘tkazuvchi davlat tashkiloti Milliy test agentligi (MTA) tomonidan o‘tkaziladi.

Bu testni har yili millionlab talabalar topshiradi, biroq kam qismigina oliygohga kirish uchun yetarli ball yig‘a oladi. Bu yil esa ko‘p nomzodlar juda yuqori ballarni qo‘lga kiritgan. Bu esa yuqori ball olgan boshqa nomzodlarning tibbiyot oliygohlariga kirishini qiyin qilib qo‘ydi. Imtihon natijalari e’lon qilingach, nomzodlar va ota-onalar testni qayta o‘tkazishni talab qilishni boshladi. Sudlar o‘nlab arizalar bilan to‘ldi.

Milliy test agentligi test varaqalari chiqib ketgani haqidagi ayblovni rad etdi. Federal ta’lim vaziri Dharmendra Pradhan esa ba’zi test markazlarida ayrim tartibsizliklar bo‘lganini tan oldi.

Hindiston oliy sudi test jarayonida 0,001 foiz beparvolik aniqlansa ham uni sinchiklab ko‘rib chiqish kerak deb bayonot berdi. Lekin bu harakatlar imtihonga oylarini, yillarini berib tayyorlangan nomzodlar uchun yetarli emasligi aytilyapti.

Nega milliy tibbiyot imtihoni muhim?

Hindistonda har yili millionlab talabalar shifokor yoki muhandis bo‘lish uchun o‘qishga topshiradi. Bu kasblar Hindistondagi ishsizlik sharoitida juda qadrlanadi va uzoq-muddatli barqaror oylik maoshni va’da qiladi hisob.

Bu yil milliy tibbiyot imtihonida 110 ming o‘rin uchun 2,4 million nomzod kurash olib borgan. Bu kuchli bosim va shiddatli raqobat degani. Umumiy o‘rinlarning 55-60 mingtasi davlat oliygohlariga tegishli bo‘lsa, qolganini xususiylar va kam ta’minlangan oila farzandlari uchun. O‘qish arzonligi uchun davlat oliygohlariga talab oshib ketadi. Unda besh yillik o‘qish 500 mingdan 1 million rupiygacha ($ 5 992 - $ 11 984) yetsa, bu xususiy oliygohlarda o‘n baravar qimmatga tushishi mumkin.

27 kishi tergovda

23 yoshli Surbhi Sharma 650 ballni qo‘lga kiritgan. U bu yilning o‘zida 5 marta test topshirdi. Sharma baholar ko‘tarilib ketishiga oldindan sizdirilgan savollar sabab bo‘lgan degan fikrda. Uning ta’kidlashicha, yuqori ball to‘plaganlar soni sezilarli darajada oshganiga qaramay (650-680 ball oralig‘ida), o‘rta ballarni yig‘ganlar (610-640 ball)da bunday o‘sish kuzatilmagan. “MTA rasmiylari bu yil savollar oson bo‘lgani sabab ko‘proq nomzodlar yuqori ball olganini da’vo qilishyapti. Agar shunday bo‘lganida, nomzodlarning bir qismi emas, aksincha hammasi yuqoriroq ball olishi kerak edi”, - degan u.

1 iyun kuni Oliy sudga 10 nafar talaba ariza kiritib, Bihar shtati poytaxti Patna shahridagi imtihon markazlarida savol qog‘ozlari sizdirilganini da’vo qilib, qayta imtihon topshirishga ruxsat so‘radi. Bihar politsiyasi imtihon o‘tkazilgandan ko‘p o‘tmay ayblovlar bo‘yicha tergov boshladi. 10 iyun kuni ular 13 kishi, jumladan, to‘rt nafar talabani savollar sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlar uchun hibsga olgan.

15 iyun kuni politsiya bu ishga aloqadorlikda gumon qilingan yana 9 nafar talabaga xabarnoma jo‘natgan va ularni tergovga chaqirgan. Politsiyachi Manavjit Singx Dhillonning Times of India gazetasiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 13 ayblanuvchi imtihondan bir kun oldin 30 nafar nomzodga “xavfsiz uyda” yuz minglab rupiy evaziga savollar varaqasini bergan. U PTI axborot agentligiga ham intervyu berib, surishtiruv davomida rasmiylar muddati o‘tgan cheklar va qisman yongan hujjatlarni qayta tiklaganini va ma’lumot olish uchun MTAdan savol varaqalarini so‘raganini aytgan.

Savollar sizdirilishdan tashqari, imtihon jarayoniga ko‘chirish va firibgarlik ayblovlari ham qo‘shilgan. Politsiya Dehlida 3, Rajasthanda 6 kishini nomzodlar o‘rniga testga kirganlikda gumon qilib hibsga olgan. Gujarat shtatida esa Godhradagi imtihon markazida firibgarlik rejasiga aloqadorlikda gumon qilinib, 5 kishi hibsga olingan.

Siyosiy tortishuv

Mojaro ortidan muxolifatchi Bharatiya Janata partiyasi boshchiligidagi koalitsiya hukumatni millionlab talabalarning “orzulariga xiyonat qilish”da ayblayapti.

Kongress rahbari Mallikarjun Kharge Bosh vazir Narendra Modining bu masalaga befarq bo‘lmasligiga umid bildirgan va uning hukumatini “MTA firibgarligini yashirganlikda” aybladi. Shuningdek, partiya qonunbuzarliklar bo‘yicha Oliy sud tomonidan tergov o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Oliy sud 8 iyul kuni MTA imtihon natijalari bilan bog‘liq bir qator arizalarni, shu jumladan, testni bekor qilish da’volarini ham ko‘rib chiqadi.

Mavzuga oid