Jahon | 21:04 / 22.06.2024
7617
5 daqiqa o‘qiladi

Kuchli jazirama butun dunyo bo‘ylab yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi – OAV

So‘nggi kunlardagi rekord darajadagi issiqlik Osiyo va Yevropada yuzlab, balki minglab odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: REUTERS/Priyanshu Singh

Iqlim o‘zgarishi kuchli issiqlik to‘lqinlarining qayd etilishiga hissa qo‘shgan bo‘lishi, oqibatda bu yilgi yozda o‘tgan yilgi harorat rekordlari yangilanishi mumkin. Bu haqda Reuters yozdi.

Nashrning qayd qilishicha, so‘nggi kunlardagi rekord haroratlar Osiyo va Yevropada yuzlab, balki minglab o‘limlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Saudiya Arabistonida bu hafta 2 millionga yaqin musulmon ziyoratchilar Makkada Haj ziyoratini ado etdi. Xorijiy rasmiylarga ko‘ra, Haj vaqtida 51 darajadan yuqori harorat tufayli yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Shu jumladan kamida 530 nafar misrlik. Yana 40 kishi bedarak yo‘qolgan.

O‘rta yer dengizi mamlakatlarida bir hafta davomida yuqori harorat kuzatildi, buning oqibatida Portugaliyadan Gretsiyagacha va Afrikaning shimoliy qirg‘oqlari bo‘ylab Jazoirgacha bo‘lgan maydonlarda o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘ldi. Bu haqda AQSh Milliy okean va atmosfera ma’muriyatining Yer observatoriyasi xabar berdi.

Serbiyada meteorologlar bu haftada havo harorati 40 daraja atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda, chunki Shimoliy Afrikadan kelayotgan shamollar Bolqon mamlakatlariga qarata issiq frontni haydamoqda. Sog‘liqni saqlash organlari «qizil signal» e’lon qilgan va odamlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya etgan.

Belgrad shahri shoshilinch tibbiy xizmati bir kechada yurak-qon tomir va surunkali kasalliklarga chalingan odamlarni davolash uchun 109 marta chaqiriq olganini xabar bergan.

Bu yil Yevropa jazirama tufayli o‘lgan va bedarak yo‘qolgan sayyohlar to‘lqiniga duch keldi. Dushanba kuni politsiya ma’lum qilishicha, 55 yoshli amerikalik erkak Gretsiyaning Matraki orolida o‘lik holda topilgan. Bu sayyohlarning bir hafta ichida uchinchi shunday o‘limidir.

AQSh sharqiy hududlari «issiqlik gumbazi» ostida qaqrab yotibdi, bu hodisa kuchli yuqori bosimli tizim hudud ustidan issiq havoni ushlab, sovuq havoning kirib kelishiga to‘sqinlik qilganda yuz beradi.

Nyu-York shahri kutubxonalari, qariyalar uylari va boshqa muassasalarda favqulodda sovutish markazlari ochildi. Shahar maktablari odatdagidek ishlayotgan bir paytda, yaqin atrofdagi bir qator tumanlar o‘quvchilarni uylariga erta qo‘yib yubormoqda.

Payshanba kuni ob-havo ma’muriyati AQSh Arizona shtatining ba’zi qismlari, jumladan, Feniksda havo harorati 45,5 darajaga yetishi haqida ogohlantirish e’lon qildi.

Qo‘shni Nyu-Meksiko shtatida jazirama issiqdan kelib chiqqan o‘rmon yong‘inlari ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 23 ming akrdan ortiq maydon yonib ketdi va 500 ta uy vayron bo‘ldi.

Hindistonda yozgi davr martdan maygacha davom etadi, mussonlar butun mamlakat bo‘ylab asta-sekin tarqalib, issiqlikni pasaytira boshlaydi. Ammo chorshanba kuni Nyu-Dehli aholisi 55 yil ichidagi eng issiq tunni boshidan o‘tkazdi. Hindistonning Safdarjung rasadxonasi tungi soat 1 da 35,2 daraja haroratni qayd etdi.

Harorat odatda kechasi pasayadi, biroq olimlarning aytishicha, iqlim o‘zgarishi tungi haroratning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Dunyoning ko‘p joylarida tunlar kunduzga qaraganda tezroq isimoqda.

Meteorologiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu-Dehli 14 maydan beri 38 kun ketma-ket maksimal harorat 40 daraja yoki undan yuqori bo‘lganini qayd etgan.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi 1 martdan 18 iyungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 40 mingdan ortiq issiqlik urishi bilan bog‘liq shubhali holatlar va kamida 110 ta o‘lim holatlari qayd etilganini aytdi.

Biroq jazirama to‘lqinlar oqibatida o‘lim holatlari haqida aniq ma’lumot olish qiyin. Aksariyat sog‘liqni saqlash idoralari o‘limni issiqlik bilan emas, balki yuqori harorat tufayli kuchaygan kasalliklar, masalan, yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘laydi.

Olimlarning ta’kidlashicha, agar dunyo qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqish oqibatida iqlimni isituvchi chiqindilarni chiqarishda davom etsa, issiqlik to‘lqinlari kuchayishda davom etaveradi.

Mavzuga oid