O‘zbekiston | 14:21 / 25.06.2024
52242
8 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘z o‘ngimda kaltaklab o‘ldirishdi” - Bekobod shahar IIB binosidagi o‘lim tafsiloti

Toshkent viloyati Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, fuqaro ichki ishlar idorasiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashishi tufayli vafot etgan. Marhumning akasi ukasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani oqibatida vafot etganini ta’kidlamoqda. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun Bekobod tumanida bo‘lib, marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etdi. Kun.uz muxbiri Bekobod tumanida bo‘lib, holatni o‘rgandi va marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, 43 va 46 yoshli aka-uka qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.

Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektori tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.

43 yashar fuqaro Bekobod shahar IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va ko‘rikdan o‘tkazilganda vafot etgani aniqlangani qayd etilgan.

Lekin voqea ishtirokchisi Dilmurod Yusupvaliyev marhum ukasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani oqibatida vafot etganini ta’kidlamoqda.

2024 yil 19 iyunda sud bo‘lib, ukamga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Shunda dadamning jahli chiqib, sudyadan nega bunday bo‘lyapti, deb so‘ragan. Ichki ishlar xodimi dadamning yelkasidan ushlab, o‘tir, deb sensirab gapirgan. Bundan ukamning jahli chiqib, nega yoshi katta odamga sensirab gapiryapsan, degandi ikkitasi ukamga yopishib ketdi. Sudya ham olib chiq, yo‘qot, deb turibdi. Keyin men turdim, qo‘lini qo‘yib yubor, dedim. Ko‘chaga chiqdik. Urmagan, so‘kmagan bo‘lsa, nega yopishyapsizlar, deb so‘radim. Bitta xodim ukamga “mazangni qochirib tashlayman”, degan gaplar qildi, ukam ham ustingda formang bor, bo‘lmasa boshqa joyda bo‘lsa boraveraman, dedi.

Bittasi mening ham shimimdan ushlab olgan. Yosh bola emasman, qo‘yib yubor, dedim. Ichki ishlar bo‘limiga birga ketdik. Darvozasidan kirishim bilan uchta xodim mening ham qo‘limni qayirib olib kirdi.

Ikkitasi ukamning qo‘lini qayirib turdi. Bittasi dubinka bilan urdi, bittasi qorniga tepdi, yana bittasi orqasidan urdi. Keyin ukam yiqildi. Tez yordam chaqiringlar, mazam qochyapti, dedi. Shu vaqtda meni ham urishdi, yiqildim. Tez yordam chaqiringlar, mazasi bo‘lmayapti, dedim, shu payt bittasi dubinka bilan qulog‘imga urdi. Ukamni 5-6 kishi bo‘lib yana urib tepa boshladi, hammasi yosh yigitlar ekan. Uchtasi oyog‘ining uchi bilan, bittasi oyog‘ining tagi bilan tepaverdi. “Nolovka” degan xonaning eshigi yonida urishdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, navbatchiga ukasiga tegmasdan tez tibbiy yordam chaqirishini aytgani bilan chaqirmagan.

O‘zimning telefonim sudda qolib ketgan. Ko‘chaga yugurib chiqdim, tez yordam chaqiringlar, deb baqiraverganimdan keyin “nachalnik militsiya”si chiqdi. Ko‘chaga chiqqanimda yana ikkitasi ichkariga olib kirdi meni. O‘sha ko‘chaga chiqqanimda ukamning joni uzilib bo‘lgan ekan. Pulsini o‘lchab, o‘lganini bilishgan, birinchi olib kelgan xodimlar yo‘q ekan kirsam, hammasi qayergadir ketib qolgan. Bitta xodim bo‘lsa tushuntirish xati yozib bering, deb yuribdi ortimdan.

Sardor degan tergovchi yigit bilan ukamning pulsini o‘lchab ko‘rdik. Sun’iy nafas berib, yuragini massaj qildim. Men chiqib ketayotganimda ukamning tanasining bir qismi kaltaklangan xonada, bir qismi koridorga chiqib turgandi. Men kelganimda koridorga chiqarib uzala yotqizib qo‘yishgan ekan.

Ko‘karib, tanasi sovib qolgandi o‘zi. Tili ketib qolmaganmikan deb og‘zini ham ochib ko‘rdim, tili joyida ekan. O‘sha yerda baqirib yursam, “nachalnik militsiya”si menga, shantaj qilmang, bu yerda kim uradi, hamma joyda kamera-ku, dedi. Bu nima deb qulog‘imga urgan joyini ko‘rsatdim, kiyimlari oyoq izi bo‘lib ketgandi. Shuncha gapdan keyin, yarim soat vaqt o‘tib tez yordam chaqirishdi. Hushsiz yotgan holida navbatchi militsiya kelib, suv berib ko‘ring, biz bersak ichmayapti, deydi.

Tez yordam kelavermagach, o‘zlarining mashinasiga ortib olib ketishdi. Men ham boraman desam, olib qolib, tushuntirish xati yozib berasiz, deyishdi. Ko‘chadagi tanishlarga baqirib aytdim ukamni kasalxonaga olib ketishganini. Qaysi kasalxonada ekanini bilib beringlar dedim ichki ishlardagilarga, bilib berishmadi. 3 soat meni ushlab turishdi o‘sha yerda. Nimaga ushlab o‘tirganini bilmayman.

Qulog‘imga urganda kontuziya bo‘lgan ekanman, quloq pardam yirtilibdi. Yelkalarimda ko‘kargan jarohatlar bor. Bir necha kunda yo‘q bo‘lib ketsa ham kerak. Hammasi ko‘z oldimda bo‘ldi, 5-10 daqiqa ichida bo‘lgan voqea bu narsa. Hozir istayotganimiz faqat adolat. Yoshlikdan sport bilan shug‘ullangan, qo‘l jangi bo‘yicha musobaqalarda qatnashgan yigit edi. 4 nafar farzandi bor, kichkinasi 1 yoshga ham to‘lmagan. Bir-ikki yildan keyin katta qizi uzatadigan yoshga yetadi. Shu 4 bola otasiz qolib ketdi endi”, deydi u.

Rasmiylarga ko‘ra, fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga nazorat xati yuborilgan va unda holat qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlari ochiq va adolatli surishtirilishini ta’minlash so‘ralgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning xabar berishicha, hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olingan. Guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilmoqda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’i nazar, favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilari, shu jumladan, har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi.

Mavzuga oid