O‘zbekiston | 15:28 / 25.06.2024
39515
3 daqiqa o‘qiladi

“Kunlik “dolya”sini bermagandim” – Toshkentda “samokatchi” yigitni majburlab mashinaga o‘tqazib, olib ketishga urinishdi

Holat “Xalqlar do‘stligi” metro bekati yonida, odamlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan: bir nechta shaxs 22 yoshli yigitni majburlab, mashinaga o‘tqazishgan va olib ketishga urinishgan. Ammo ular IIO PPX xodimlari kelayotganini ko‘rib, qochib qolishgan. Kun.uz olib ketilmoqchi bo‘lgan yigit bilan suhbatlashdi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida, “Xalqlar do‘stligi” metro bekati yonida bir nechta shaxs yosh yigitni majburlab, mashinaga o‘tqizib olib ketishga uringan. Ammo maqsadlariga yetolmagan. Holat 24 iyun kuni soat 23:50 lar atrofida bo‘lgan.

Olib ketilmoqchi bo‘lgan yigit Azizbek Usmonjonov Kun.uz’ga murojaat qilib, bu janjalning sababini ochiqladi. Unga ko‘ra, janjal sababi pul bilan bog‘liq.

“Ikki-uch oydan beri “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi oldida elektr samokat ijarasi bilan shug‘ullanaman. Dildora ismli opa bor. Hududda ishlaganimiz uchun shu opaga kuniga 100 ming so‘mdan “dolya” berib turardik. Yaqinda faoliyatimni qonuniy yo‘lga qo‘ydim. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, soliq to‘lay boshladim. Shuning uchun opaga “dolya” bermasligimni aytdim. Pul bermasang, sen bu yerda ishlay olmaysan, dedi va shu holat bo‘ldi.

Mashinaga o‘tqazib olib ketishga urinishdi. Biroz yurganimizdan keyin meni ushlab o‘tirgan yigitlardan birining qo‘lini qattiq tishladim. Oldinda ichki ishlar organlari xodimlari kelayotganini ko‘rib, meni mashinadan tushirib yuborishdi”, deydi Azizbek Usmonjonov.

Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, joriy yil 24 iyun kuni taxminan soat 23:50 larda “Xalqlar do‘stligi” metro bekati oldida 2002 yilda tug‘ilgan A.U. va uning tanishlari – 2002 yilda tug‘ilgan X.O., 2002 yilda tug‘ilgan M.A., 2004 yilda tug‘ilgan S.T. va boshqalar o‘zaro kelishmovchilik sababli og‘zaki tortishib qolgan. So‘ng ushbu fuqarolar A.U.ni o‘zlariga tegishli Matiz mashinasiga o‘tqazayotgan vaqtida, IIO PPX xodimlari kelayotganini ko‘rib, qochib ketgan.

“Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Huquqbuzarlardan uch nafari ushlangan, qolganlarni ushlash choralari ko‘rilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, hech kim tan jarohati olmagan va pichoq bilan tahdid qilish holati aniqlanmagan.

Mavzuga oid