Jahon | 09:23 / 25.06.2024
1934
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva yaqinidagi ofis binosida yong‘in: halok bo‘lganlar soni ortib bormoqda

Sobiq «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti binosida sodir bo‘lgan yong‘in kamida sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga elektr tarmog‘i avariyaviy rejimda ishlashi sabab bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirishda o‘nlab xodimlar va aviatsiya ishtirok etdi.

Foto: Sergei Savostyanov/TASS

Moskva yaqinidagi Fryazino shahrida ofis binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni sakkiz kishiga yetdi. Bu haqda 24 iyun, dushanba kuni Rossiya OAV favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berdi. Yana bir jabrlanuvchi kasalxonada og‘ir ahvolda va o‘pkaga havo yetkazib berish apparatiga ulangan, dedi Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov. Avvalroq rasmiylar qochishga urinib, derazadan sakragan ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. 

Ilgari «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan sakkiz qavatli binodagi yong‘in bir necha soat avval sodir bo‘lgan. Yong‘in beshinchi-sakkizinchi qavatlarni qamrab olgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, to‘qqiz kishi bino ichida qolib ketgan. Operativ xizmatlarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga elektr tarmog‘ining avariyaviy rejimda ishlashi sabab bo‘lgan. 

Yong‘inda gaz ballonlari ham portlagan 

Keyinroq yonayotgan binoda kislorod ballonlari portlagan. Bu shiftlarning qulashiga olib keldi. Yong‘in tarqalishiga lift shaxtasi va havo o‘tkazuvchi tizimlarning joylashuvi yordam bergan, deb tushuntirdi mintaqa rahbari. 

Yong‘inni o‘chirishda favqulodda vaziyatlar xizmatining o‘nlab xodimlari va o‘nlab texnika vositalari, jumladan, ikkita vertolyot ishtirok etdi. Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da yong‘in deyarli o‘chirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati bo‘yicha boshqarmasi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lgan harakatlar moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Mavzuga oid