Jahon | 12:58 / 27.06.2024
3153
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Avstriyaning ORF media-kompaniyasi byurosi rahbarini mamlakatdan chiqarib yubordi

Avstriyaning TASS byurosi rahbari yashashi uchun ruxsatnomani uzaytirishdan bosh tortganiga javoban, Rossiya ORF so‘nggi muxbirini akkreditatsiyadan mahrum qildi. Vena qarorni asossiz va nomaqbul deb atadi.

Karola Shnayder Foto: Courtesy Carola Schneider

Rossiya hukumati Avstriyaning ORF ommaviy-huquqiy media-kompaniyasi bosh muxbiri Karola Shnayderga mamlakatni tark etishni buyurdi. 26 iyun, chorshanba kuni uni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirishdi va u yerda akkreditatsiyasi bekor qilingani haqida ma’lumot taqdim etildi. Smolenskaya maydonida jurnalistga «yaqin vaqt ichida akkreditatsiya guvohnomasini topshirish va Rossiya Federatsiyasi hududini tark etish buyrug‘i berildi». 

Departament bu qarorni Avstriya hukumati tomonidan Rossiya ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan ko‘rilayotgan choralarga «majburiy javob chorasi» deb atadi. Bayonotda Avstriya TASS byurosi rahbari Arina Davidyanga yashash uchun ruxsatnomani uzaytirishdan bosh tortganiga ishora qilinadi, u ikki hafta ichida mamlakatni tark etishi kerak. Bundan tashqari, bayonotda Avstriya rasmiylarining 30 aprel kuni qabul qilingan yana bir rossiyalik jurnalist akkreditatsiyasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori keltiriladi.

Rossiya TIV, shuningdek, Avstriya TASS byurosi rahbariga oid qaror qayta ko‘rib chiqilsa, Karola Shnayderning akkreditatsiyasini tiklashga va’da berdi. Shnayder ORF’ning Rossiyada qolgan so‘nggi muxbiri edi. 

Avstriya TIV: asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan qadam 

Avstriya tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining qarorini qoralab, uni «asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan qadam» deb atadi. Rossiyaning Venadagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili vazirlikka chaqirildi va « unga bu qadam bo‘yicha norozilik yetkaziladi», deya ma’lum qildi Avstriya departamenti. 

Shnayder ham, ilgari chiqarib yuborilgan ORF jurnalisti Mariya Knips-Vitting ham hozircha Rossiyadagi voqealarni Vena shahridan yoritib boradi, biroq media-kompaniya Moskvada yangi akkreditatsiya olish uchun ariza topshiradi, deb xabar qildi ORF.

Avstriya TASS ikki muxbirining akkreditatsiyasini bekor qildi 

Iyun o‘rtalarida Avstriya hukumati TASS ikki muxbirining Venadagi akkreditatsiyasini bekor qildi, deb yozadi dpa agentligi Venadagi ichki ishlar vazirligiga tayanib. Rossiya tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Avstriya hukumati TASS muxbiri Ivan Popovga mamlakatni tark etishni buyurgan. 

Bunga javoban Rossiya tashqi ishlar vazirligi Moskvadagi Avstriyaning ORF telekompaniyasi jurnalisti Mariya Knips-Vittingdan mamlakatni tark etishini talab qilib, akkreditatsiyasini bekor qildi. Avstriya telekompaniyasi bu qarorni tushunarsiz deb atadi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi ham Moskvaning javob choralarini «mutlaqo asossiz» deb hisobladi. 

Venadagi haftalik Falter gazetasi mart oyida Rossiya razvedka xizmatlarining Venada faoliyati haqida xabar berib, TASS xodimlarini ham tilga olgan. Nashr keltirgan maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular «jurnalist niqobi ostida» Avstriyaning siyosiy doiralari haqida ma’lumot olishgan va muxbirlardan biri Rossiya Federatsiyasi Tashqi razvedka xizmati xodimi bo‘lgan. 

Mavzuga oid