Iqtisodiyot | 10:14 / 01.07.2024
6236
2 daqiqa o‘qiladi

«Foton» AJ ustav kapitalidagi 85,6 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi

«Foton» AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi 151 mlrd so‘mga sotildi. Xaridor – «Havvo Group» MChJ. O‘tgan yilda «Foton» AJning sof tushumi 36,4 mlrd so‘mni, sof foydasi 1,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

Foto: Google maps

«Foton» AJ ustav kapitalidagi 85,58 foiz davlat ulushi 151 mlrd so‘mga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Xaridor –«Havvo Group» MChJ. Ushbu jarayonga «Abrau Capital» kompaniyasi konsultant sifatida jalb etilgan.  

«G‘olib tomonidan kelajakda korxonaning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulotlar turini va realizatsiyasi geografiyasini yanada kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni ta’minlash rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan hamda korxonaning baholangan qiymatidan yuqori», deyiladi Davaktiv xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yilda «Foton» AJ tomonidan 14,5 ming dona mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, sof tushumi 36,4 mlrd so‘mni, sof foydasi 1,4 mlrd so‘mni, sof aktivlari 20,1 mlrd so‘mni va majburiyatlari 1,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Mavzuga oid