O‘zbekiston | 18:00 / 03.07.2024
10300
16 daqiqa o‘qiladi

So‘m – 30 yoshda. Milliy valuta qanday sharoitda muomalaga chiqarilgan edi?

Bundan 30 yil oldin, O‘zbekiston milliy valutasini muomalaga chiqargan paytda mamlakatdagi iqtisodiy holat qanday edi? O‘zbek so‘mi “tug‘ilganidan” beri qo‘shni davlatlar valutalaridan tezroq qadrsizlandimi? Kun.uz yubiley sana munosabati bilan shu savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Bu yil O‘zbekistonning milliy valutasi – so‘m 30 yoshga to‘ldi. Ilk banknotlar 1994 yilning 1 iyulida, oraliq valuta sifatida muomalada bo‘lgan so‘m-kuponga 1000 ga 1 nisbatda muomalaga kiritilgan edi. Hozir dastlabki banknotlardan hech biri muomalada emas.

So‘m muomalaga kiritilgan kuni 1 AQSh dollarining rasmiy kursi roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan.

Kun.uz yubiley sana munosabati bilan o‘zbek so‘mining 30 yillik bosib o‘tgan yo‘li, milliy valuta muomalaga chiqarilganda mamlakatdagi iqtisodiy ahvol qanday bo‘lgani haqida mutaxassislarga savol berdi. Iqtisodchilar Otabek Bakirov va Shuhrat Rasul o‘zbek so‘mi qo‘shni davlatlar valutalariga nisbatan tez qadrsizlanyaptimi degan savolga ham javob berishdi.

Imkoni boricha uzoqroq vaqt rubl zonasida qolishga harakat qilingan” — Otabek Bakirov

— 1993 yil avgust oyida RF rubl zonasidan bir taraflama chiqib, Rossiya rublini muomalaga kiritgan va sovet rubllarini muomaladan chiqargan. Hech kim bilan maslahatlashilmagan, o‘sha paytda Markaziy Osiyo davlatlari rubl zonasida bo‘lgan va og‘ir vaziyatga tushgan. 80-yillar oxiridan yig‘ilib borayotgan rubl massasi rubl zonasida qolayotgan mustaqil davlatlarga oqib kela boshlagan. O‘sha paytda ayni o‘sha kun, o‘sha oy uchun tezroq qarorlar qabul qilish kerak bo‘lgan. O‘tish valutasini joriy qilish 1992 yildayoq ko‘tarilgan. Chunki so‘m kuponimizga (1992 yil nominalidagi kuponlar) “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Banki” deb yozilgan. 1992 yil 2 iyulgacha O‘zbekistonda davlat banki bo‘lgan. Bu degani so‘m kuponlar allaqachon 1992 yil 2 iyulgacha chop etib qo‘yilgan, ya’ni rejalar bo‘lgan.

Nima uchun biz uzoq vaqt rubl zonasida qolganmiz? Buning katta ziyon tomonlari bo‘lgan, katta miqdorda qadrsizlangan pul oqimi kirib kelib, tovarlar olib chiqib ketilgan. U vaqtda O‘zbekistonning oltin zaxirasi bo‘lmagan, xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘lga qo‘yilmagan, Avvalgidek Rossiya bilan savdo munosabatlarini olib borishga majbur bo‘lganmiz. Yoqilg‘ining 95 foizi, un mahsulotlarining 70-75 foizi Rossiyadan kelgan, yog‘och, temir kabi boshqa mahsulotlar ham. O‘ylashimcha, o‘shanda ikkita yomon vaziyatdan nisbatan yaxshirog‘ini tanlash holatida bo‘lganmiz. Imkoni boricha ko‘proq rubl zonasida qolishga harakat qilingan. Xuddi cho‘kayotgan kemada qolib, cho‘kib bo‘lguncha tirik qolish kabi. Rubl zonasidagi davlatlar iqtisodi cho‘kayotgan bo‘lgan, lekin o‘zaro munosabatlarni inobatga olgan holda, rubl zonasida qolgan davlatlar yutish ehtimoli mavjudligi nuqtayi nazardan qarash ham kerak.

So‘m kuponlarga o‘tish majburiylikdan bo‘lgan, chunki milliy valuta tayyor bo‘lmagan, uni muomalaga kiritishga texnik, moliyaviy sharoitlar yetmagan. 1993 yil 15 noyabrda so‘m kuponga o‘tilgan. O‘sha kuni Qozog‘iston milliy valutasi – tenge ham muomalaga chiqarilgan, 1 noyabrda Turkmaniston monatini chiqargan, bundan oldinroq 10 mayda Qirg‘iziston o‘z valutasi somini muomalaga kiritgan. O‘zbekistonda milliy valuta chiqarishga 7 oycha vaqt bo‘lgan. Shu paytda eng asosiy ishlar qilingan. Birinchi navbatda do‘konlarni tovar bilan to‘ldirishga e’tibor qaratilgan. U paytda tovar yo‘q edi, xususiy sektor yo‘q, hamma narsa talon asosida taqsimlanadi. Odamlar ertalab borib navbatga turgan. O‘zim ham unga navbatga turganimni eslayman. Do‘konda hech narsa yo‘q, falon kun un keladi degan xabar kelganda, tushgacha opam, tushdan keyin men navbatga turganmiz. Hammaning boshidan o‘tgan bu. Barcha tovarlar: shakar, un, yog‘, sovun, tish pastasi, hamma narsa uchun navbat bo‘lgan.

O‘sha paytda eng katta qadam 1994 yil 21 yanvarda chiqqan revolyutsion farmon bo‘lgan. Narxlar erkinlashtirilgan, xususiy sektorga katta imkoniyat berilgan, O‘zbekistonda eksport-import bojlarining hammasi bekor qilingan, valutani cheklanmagan miqdorda olib chiqish va olib kirishga ruxsat berilgan. Shu farmon sabab juda ko‘pchilik tadbirkorlikka kirgan. Zafar Hoshimov, Jahongir Ortiqxo‘jayev kabilar ham o‘sha paytda ishini boshlagan. Umuman, so‘m muomalaga kiritilguncha iqtisodiy, texnik, moliyaviy jihatdan tayyorgarlik bo‘lgan.

U vaqtda narxlar har oyda oshardi, aniq raqamlarda adashishim mumkin, 150-300 foiz atrofida inflatsiya bo‘lgan. Odamlarning turmush darajasi juda past bo‘lgan, to‘yib ovqat yeyish katta muammo bo‘lgan. Shu farmondan keyin ilk marta odamlar tovarlar bilan to‘lgan do‘konlarni ko‘ra boshlagan, orada 4-5 yil bunday bo‘lmagan.

O‘zbekiston o‘z valutasini chiqarguncha giperinflatsiyada yashadi” — Shuhrat Rasul

— O‘zbekiston mustaqil bo‘lganda milliy valutasi yo‘q edi. 1994 yil 1 iyulda milliy valutamiz chiqqan. Shu vaqtgacha O‘zbekiston Rossiya rublidan foydalanib turgandi. O‘sha vaqtda bir qurilish kompaniyasida iqtisodchi bo‘lib ishlardim. Juda katta iqtisodiy to‘fon yuz bergandi. Bu iqtisod tilida giperinflatsiya deyiladi.

Pul qadrsizlanishining darajalari bor. Masalan, rivojlangan davlatlarda inflatsiya 2-4 foiz atrofida bo‘ladi. 6-10 foiz bo‘lsa – mo‘’tadil, 10-100 foiz esa kuchli inflatsiya bo‘ladi. 100 foizdan yuqorisi giperinflatsiya deyiladi.

Sovet ittifoqi qulagach, biz Rossiya iqtisodiy zonasida edik, pul birligimiz bitta edi. O‘sha paytda Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham 1992 yil uchun 2500, 1993 yil uchun 2800 foiz inflatsiya bo‘lgan. Giperinflatsiya sharoitida yashadik o‘sha paytda.

Yaxshi eslayman, u vaqtda har oyda bir qop un olardik, keyingi oygacha un narxi salkam ikki barobar oshardi. Bir oy 400 rublga olingan bo‘lsa, keyingi oy 800 rublga olingan. O‘zbekiston o‘z valutasini chiqarguncha bir yarim-ikki yil shunday giperinflatsiyada yashadi.

So‘m kupon bilan so‘m o‘rtasidagi hisob-kitoblarda farq yuzaga kelgan” — Otabek Bakirov

— Aynan 1994 yildan 1996 yil sentabrgacha O‘zbekiston Markaziy Osiyoning savdo markaziga aylangan, iqtisodiyot ochiqligi uchun. Qo‘shni davlatlar fuqarolari turli tovarlar, maishiy texnikadan tortib oziq-ovqatgacha Toshkentdan olib ketgan. O‘ziga xos hab bo‘lgan Toshkent. Qisqa muddatda tovarlar paydo bo‘lgan, qimmat bo‘lsa ham. 1991-1994 yillarda pul bo‘lsa ham tovar bo‘lmagan, 1994 yildan shu jarayonga barham berish boshlangan.

So‘m muomalaga kiritilgach, bozorda so‘m va so‘m kupon o‘rtasida ikkiga bir, bir-u yettiga bir koeffitsiyentda qora kurs paydo bo‘lgan. 1994 yil 1 avgustgacha ikkalasi parallel muomalada bo‘lgan, so‘m kupon bilan so‘m o‘rtasidagi hisob-kitoblarda farq yuzaga kelgan. So‘mga sotib olsangiz, arzonroq, so‘m kuponga sotib olsangiz ikki barobar qimmatroq bo‘lardi. Qisqa muddat shunday bo‘lgan. O‘shanda so‘m kuponni hech kim so‘m kupon demasdi, tovar bilan birga qirqib beriladiganni so‘m kupon deyishardi. Shu sabab so‘m kuponni “so‘m”, so‘mni “valuta” deyishardi.

So‘m muamomalaga kiritilganidan keyingi yuqori inflatsiya – birinchi ma’muriyat davridagi xatolar oqibati” — Shuhrat Rasul

— Orada 30 yillik tarix bor. Haqiqatan bizning valutamiz o‘sha paytda qo‘shni davlatlar, hattoki Qirg‘iziston, Qozog‘iston valutasidan ko‘ra tezroq qadrsizlandi. Yuqorida inflatsiya darajasi haqida aytdik, lekin uning tabiati ham bor. Inflatsiya qanday sharoitlarda paydo bo‘ladi? Pul massasi bor, tovar massasi bor, shularning o‘rtasida paritet shakllanadi. Tovar va xizmatlar massasiga nisbatan pul massasi ko‘payib ketadigan bo‘lsa, inflatsiya kelib chiqadi. Tovar va xizmatlar massasi kamayib, pul massasi joyida tursa ham, inflatsiya paydo bo‘ladi. Sovet ittifoqining oxirgi yillari va mustaqillikning dastlabki yillarida har ikki holat ham yuz berdi va giperinflatsiya kelib chiqdi.

O‘zbekistonning milliy valutasi tatbiq qilinganidan keyin ham inflatsiyaning uchinchi darajasi – yuqori darajali inflatsiya yuz berdi, ya’ni so‘m bir yil ichida 100 foizga yaqin qadrsizlandi. Tovar ishlab chiqarishga qaraganda pul miqdori ko‘p bo‘lgani uchun shunday bo‘ldi. Bu narsa birinchi ma’muriyat davridagi iqtisodiy blokning yuritgan siyosati oqibati.

Lekin bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Bugun O‘zbekistonda 1 dollar 12 650 so‘mga teng, lekin Tojikistonda 1 dollar 10 somon 600 tangaga, Qirg‘izistonda 54 somga, Turkmanistonda 3,5 manatga tengligi – mamlakatdagi real iqtisodiy holatning yuzi emas. Bu farovonlik, aholining turmush darajasini belgilamaydi. Tojikistonda dollar kursi [nominal raqamlarda] past bo‘lishi mumkin, lekin u yerdagi o‘rtacha ish haqi O‘zbekistondagidan 2,5 barobar past, Qirg‘iziston, Turkmanistonda ham shunday. Ya’ni O‘zbekistondagi dollar kursi iqtisodiyotimiz Tojikiston yo Qirg‘izistondan yomon ekanini bildirmaydi.

So‘mning uzoq vaqt qadrsizlanishi – erkin konvertatsiya bo‘lmagan davrga oid” — Otabek Bakirov

— Ikkita narsani ajratib olaylik, so‘m erkin konvertatsiya bo‘ladigan paytda so‘mning qadrsizlanishi qo‘shni davlatlarning valutasi qadrsizlanishidan yuqori bo‘lmagan. Bir xil darajada bo‘lgan. 1994-1996 yilgacha bo‘lgan davrni o‘rganishingiz mumkin. Bu davrda so‘mning qadrsizlanish darajasida Qozog‘iston tengesidan ham, Qirg‘iziston somi qadrsizlanishidan yuqori ham, past ham bo‘lmagan. Qadrsizlanish darajasining yuqoriligi so‘mning kursini bozor belgilamaydigan, ma’muriy, byurokratik cheklovlar paydo bo‘lgan davrga oid. Ma’lum bir tanaffus bilan 2017 yil sentabrgacha bo‘lgan davr haqida gap ketyapti.

2017 yil sentabrdan boshlab 2024 yil iyul oyida yashayapmiz, o‘zbek so‘mining valutalar korzinasigami, yoki dollarga nisbatan o‘zgarishini qozoq tengesi, qirg‘iz somi bilan solishtirsangiz, farqlar juda katta emas. O‘zbek so‘mining kursini bozor belgilamaganda 2-3 xil kurs paydo bo‘ladi, odamlar eng yuqori kursda hisob-kitobini qiladi. Agar davlat kursi 4200 so‘m bo‘lsa-yu, bozor kursi 10500 so‘m bo‘lsa, hech kim 4200 so‘mdan hisoblab turib so‘m kursiga e’tibor bermaydi.

Aytishim kerak, agar o‘zbek so‘mining nisbiy qadrsizlanishi masalasini oladigan bo‘lsak, kelajakda ma’muriy, byurokratik cheklovlar paydo bo‘lmasa, o‘zbek so‘mining taxminiy trayektoriyasi qo‘shni davlatlar valutasidan katta farq qilmaydi. Ma’lum bir qisqa muddatlarda sakrashlar bilan farq qilib qolishi mumkin, o‘rta va katta gorizontda unchalik farq qilmaydi.

90-yillarning boshida iqtisodiyotni stimullash uchun ko‘p pul ishlab chiqarish kerak deb hisoblashgan” — Shuhrat Rasul

— Pul-kredit siyosatini yuritishda ikkita maktab bor: birinchisi, Keyns doktrinasi va monetarizm. Keyns doktrinasi 20-asr boshlarigacha hukmron bo‘lgan doktrina bo‘lsa, 80 yillardan monetaristik doktrina paydo bo‘lib, ko‘p davlatlarda pul-kredit siyosatini yuritishda monetarizm asosiy instrument sifatida qo‘llandi.

90-yillarning boshida O‘zbekistonda pul-kredit siyosatini yuritishda eski doktrinaga tayanilgan. Iqtisodiyotni stimullash uchun bizda ko‘p pul bo‘lishi kerak, ko‘p pul chiqarishimiz kerak degan qarash bo‘lgan va pul emissiyasi yuqori bo‘lgan. Pul massasi bilan tovar massasi o‘rtasida disbalans yuz berib, inflatsiya esa urchiyvergan.

Undan tashqari, bu muammoni kompleks hal qilish kerak edi. Ikkinchi ma’muriyat davrigacha iqtisodiy blok muhim iqtisodiy muammolarni ham hal qilmadi – xususiylashtirishlarni amalga oshirmadi, iqtisodiyotni liberallashtirmadi, institutsional muammolarni hal qilmadi.

So‘m – kursi erkin suzuvchi valutaga yaqin, lekin kurs shakllanishida Markaziy bankning roli haddan tashqari yuqori” — Otabek Bakirov

— Valuta rejimi – nisbiy masala. Xalqaro valuta jamg‘armasi qaysidir mamlakatning valuta rejimiga nisbatan bergan bahosi boshqacha, o‘sha mamlakatning pul-kredit siyosatini yuritadigan regulyatori boshqacha baholashi mumkin. Aniq mezonlar mavjud emas. O‘ylashimcha, bizda erkin suzuvchan kurs emas. 2017 yil sentabrdan 2019 yil avgustgacha bo‘lgan vaqt – bitta davr, bunda boshqariladigan kurs rejimi ko‘proq o‘ringa ega bo‘ldi. Hali u vaqtda valuta naqdga sotilmasdi, faqat valuta kartasiga sotib olish mumkin edi. Bu o‘tish davri bo‘lgan. 2019 yil avgustdan keyin ayrim istisnolarni hisobga olmaganda suzuvchan kursga yaqin deb hisoblash mumkin. Bu vaqtdan boshlab biz valutani target qilmaymiz, inflatsiyani target qilamiz degan g‘oya ilgari surildi. Haqiqatan ham inflatsiyani targetlash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

2019 yildan keyin kurs suzuvchanlikka yaqin, lekin bunda Markaziy bank roli haddan tashqari yuqori, shuni tan olish kerak. Sababi bor, O‘zbekistonda oltinning monopol sotib oluvchisi Markaziy bank hisoblanadi. Sotib olingan oltinni eksport qilib turib, valutani qaytarib olishda Markaziy bankning bozorga ta’siri yuqori. Ya’ni o‘tgan yilgacha berib borilgan statistikada ko‘rsangiz, MBning sotib olishda ham, sotishda ham ta’siri juda yuqori. Balki qachondir oltin bilan bog‘liq omil bo‘lmasa, Markaziy bankning ta’siri kamayishi mumkin. Baribir barcha belgilarga ko‘ra, suzuvchi kursga yaqin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid