Jamiyat | 08:38 / 03.07.2024
4242
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda daraxt ko‘chatlarini parvarish qilmagan mansabdorlarga 91 mln so‘m jarima qo‘llandi

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida viloyatda mansabdor shaxslar tomonidan ko‘chatlarni parvarish qilmaslik, sug‘orilishiga e’tibor qaratmaslik borasida 27 ta holat aniqlangan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Xorazm viloyatida daraxt ko‘chatlarini parvarish qilmagan mansabdorlarga jarima qo‘llanmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlarining parvarishi yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Shu paytga qadar o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida mansabdor shaxslar tomonidan ko‘chatlarni parvarish qilmaslik, sug‘orilishiga e’tibor qaratmaslik borasida 27 ta holat aniqlangan. Mansabdorlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 3-qismi (Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 91 mln 800 ming so‘m ma’muriy jarimalar belgilangan.

Vazirlik xabarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tqazilgan ko‘chatlar parvarishiga butun respublika bo‘ylab jiddiy e’tibor qaratilayotgani, bu holatga mas’uliyatsizlik bilan yondashganlar, albatta, qonunga ko‘ra javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid