“BMT 80 yil oldin boshqa dunyo uchun tuzilgandi” - dunyo tartiboti haqida Sodiq Safoyev bilan suhbat
BMT tuzilganida, uning bosh vazifasi dunyoda tinchlikni saqlash deb belgilangan edi, lekin haligacha insoniyatning urushlardan boshi chiqmayapti. Kun.uz muxbiri Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan, borgan sari ko‘proq tanqidga uchrayotgan bu tashkilot haqida Senat raisining birinchi o‘rinbosari, sobiq tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoyev bilan suhbatlashdi.
Diplomat Safoyevga ko‘ra, BMT butunlay boshqa dunyo uchun tuzilgan edi. Bugun jahonda tartibot o‘zgarib ketdi, tashkilot esa o‘z holicha qolmoqda.
Bundan 79 yil avval, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng o‘sha vaqtdagi gigant davlatlar global tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzishga qaror qilishadi. 1945 yilning 24 oktyabrdan e’tiboran tuzilma o‘z faoliyatini rasman boshlaydi. Bugunga kelib BMTga 193 ta davlat a’zo. Tashkilotga a’zolik xalqaro maydonning teng huquqli sub’yekti imijini beradi.
BMT Nizomiga ko‘ra, tuzilmaning asosiy vazifasi – insoniyatni urush degan balodan asrash, urushni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi kurashish, xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, dunyo tinchligi uchun kollektiv choralarni ko‘rishdan iborat. Lekin ayni damda insoniyat baribir urushlar, nizolardan aziyat chekmoqda. Jonlar qurbon bo‘lmoqda, insonni o‘ldirish uchun pul tikilyapti. Bu esa, albatta, xalqaro tashkilot va “Tinchlik saroyi” deyiladigan BMTning nufuzi va obro‘yiga soya soladi.
Sodiq Safoyevga ko‘ra, BMTni isloh qilish davri allaqachon yetib kelgan. Chunki tashkilot butunlay boshqa dunyo uchun tuzilgan. Bundan tashqari, BMTning muhim operatsion tuzilmalari ko‘proq donor davlatlar – boy va gigantlar manfaatini ko‘zlashi bilan xuddi “elitalar klubi”ga o‘xshaydi,
Shuningdek, suhbatdoshimiz fikricha, xalqaro muammolarga yechimni faqat BMTdan izlash va kutish – katta xato.
“Yoshligimizda shunday odamlar bo‘lardi, men poytaxtga xat yozaman. Agar u yerda ham hal bo‘lmasa, BMTga chiqaman, deyishardi. Bu xato va noto‘g‘ri tushunish. BMT – bu xalqaro hukumat emas”, deydi u.
BMTning bosh ma’muriy xodimi – bosh kotib hisoblanadi. Portugaliyalik diplomat Antonio Guterrish 2017 yildan beri ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda. U 30 iyun–1 iyul kunlari Markaziy Osiyoga safari doirasida O‘zbekistonda bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni oliy darajadagi “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Safoyevga ko‘ra, uchrashuvlar davomida Guterrish o‘zining birinchi marta O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelgan davrlarini yodga olgan.
“Birinchi marta O‘zbekistonga sayyoh sifatida bundan 20 yil oldin kelgandim. Hozirgi davlat bilan solishtirib bo‘lmaydi, o‘zgarishlar katta”, deya Guterrishdan iqtibos keltiradi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.
Bundan tashqari, Safoyev BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari hali-hanuz o‘zgarmay kelayotgani, Hindiston, Yaponiya, Germaniyadek global kuchlarning ham bu tuzilmada yo‘qligi, doimiy a’zolarning veto huquqi ko‘plab masalalarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yayotganini aytdi.
“Kun kelib O‘zbekiston ham ushbu kengash a’zosi bo‘lishi kerak”, – deydi Safoyev.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024
“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze
17:18 / 03.12.2024