“Avto 60 oy” rahbari sifatida tanilgan Jamshid Bahodirov 9 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi
U va “Xumo vines” nomi bilan tanilgan vayner yuzlab odamlarni "qulay shartlarda avtomobil olib berish"ga ishontirib bir necha mlrd so‘mga chuv tushirgan. Jamshid Bahodirov avvalroq 44 mlrd so‘mdan ortiq zararga ega firibgarlik ishida ham 8 yilga qamalib, 12 mlrd zarari qoplanmay turib "namunali xulqi" uchun 3 yilda ozodlikka chiqib kelgandi. Bu gal u jazoni qattiq tartibli kaloniyada o‘taydigan bo‘ldi.
Avvalroq, 400 ga yaqin fuqaroni chuv tushirgan “Xumo house car” ishi sudga oshirilgani, jinoiy guruh a’zolari orasida “Avto 60 oy” ishi bo‘yicha 8 yilga qamalib, bor-yo‘g‘i 2 yil-u 10 oy “o‘tirib” chiqqan Jamshid Bahodirov ham borligi haqida xabar bergandik.
2024 yil 9 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida “Avto 60 oy” MChJ rahbari Jamshid Bahodirov, “Xumo vines” nomi bilan tanilgan bloger Humoyun Maxamadjonov va “Media+24” MChJ rahbari Abdulloh Alimjonovga sud hukmi o‘qildi.
Unga ko‘ra, Jamshid Bahodirov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi (Firibgarlik) va 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2021 yil 29 martdagi hukmi bilan tayinlangan va o‘talmay qolgan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan Jamshid Bahodirovga 9 yil 8 oy ozodlikdan mahrum qilingan. Jazo qattiq tartibli kaloniyalarda o‘talishi belgilangan.
Abdulloh Alimjonov esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi (Firibgarlik) va 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Humoyun Maxamadjonov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi (Firibgarlik) va 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan va 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, aybdorlardan jabrlanuvchilar va fuqaroviy da’vogarlarning foydasiga yetkazilgan zararlar undirish belgilangan.
Jamshid Bahodirov “Avto 60 oy” rahbari sifatida tanilgan. U mazkur ish doirasida minglab odamlar bir necha o‘n mlrd so‘mga chuv tushirgandi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda “Avto 60 oy” MChJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan. Ular 16 mingdan ortiq mijozdan jami 57 mlrd 412 mln so‘m yig‘ishgan.
Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ishda Jamshid Bahodirov va uning jinoiy sheriklari sudning 2021 yil 29 martdagi hukmi bilan 6 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Biroq Jamshid Bahodirov 3 yilga qolmay ochiqqa chiqqan. U manzil koloniyada “o‘zini yaxshi tutgani va tuzalish yo‘liga o‘tgani uchun” ijobiy tavsifnoma olgan hamda o‘talmay qolgan 5 yildan ko‘proq muddati axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Shuningdek, “Avto 60 oy” ishi bo‘yicha yetkazilgan zararning 12 mlrd 905 mln so‘mi hali undirilmaganligi aniqlangan.
Mavzuga oid
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
22:25 / 20.10.2024
Firibgarlar Telegram orqali fotosurat ko‘rinishida virus yubormoqda
15:12 / 20.10.2024
O‘zini bank xodimi deb tanishtirib, fuqaroning pullarini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
08:10 / 17.10.2024