O‘zbekiston | 08:53 / 11.07.2024
6271
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 10 ta tuman hokimining raqobatga zid qarorlari bekor qilindi

Raqobat qo‘mitasi viloyatdagi 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotning 124 ta hujjatida qonun talablari buzilganligini aniqladi. Ushbu holatlar yuzasidan hokimliklarga tegishli taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritilib, qarorlar bekor qilingan.

Foto: 123RF

Jizzax viloyatidagi ayrim tuman hokimlarining qarorlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotda jami 38 925 ta hujjat xatlovdan o‘tkazilgan. Shundan 124 ta hujjat, ya’ni 78 ta qaror, 32 ta farmoyish va 14 ta chiqim xatlarini qabul qilishda qonun talablari buzilgani aniqlangan.

Jumladan:

– Baxmal tuman hokimining 2023 yil 31 maydagi farmoyishiga asosan «20 ming tadbirkor-500 ming malakali mutaxassis» dasturini tashkil etish bo‘yicha tuman ishchi guruhi tarkibiga bir nechta bank mas’ullari hamda «O‘zagrosug‘urta» tuman bo‘limi rahbari kiritilgan;

  • Do‘stlik tuman hokimining 2023 yil 28 dekabrdagi qaroriga asosan tuman hududidagi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tarkibiga bir nechta tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlari kiritilgan bo‘lib, aynan ushbu xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bino-inshootlari tanlangan;
  • Boshqa holatda Zafarobod tumani hokimining 2023 yil 14 iyundagi xatiga asosan Jizzax viloyati hokimiga 2023 yil manzilli dasturga kiritilgan obektlar qurilishiga Imronbek-Imona MChJni bosh pudratchi etish tavsiya qilingan;
  • Mirzacho‘l tuman hokimining 2023 yil 10 martdagi qaroriga asosan transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tuman komissiyasi tarkibiga Mirzacho‘ltrans direktori hamda Umid tezkor ta’mir katta ustasi kiritilgan bo‘lib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish joyi sifatida 33 ta holatda Umid tezkor ta’mir binosi tanlangan;
  • Forish tumani hokimining 2023 yil 20 yanvardagi qaroriga asosan transport vositalarini yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish komissiyasi tarkibiga «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi menejeri va «Xalq banki» tuman bo‘limi boshqaruvchilari kiritilgan.

Ish yurituvga olingan 4 ta holat bo‘yicha G‘allaorol, Paxtakor, Zafarobod tuman hokimliklari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasiga ish qo‘zg‘atilgan va hududiy maxsus komissiyaning qaroriga asosan ko‘rsatmalar yuborilgan. Shuningdek, Zarbdor, Do‘stlik, Arnasoy, Mirzacho‘l, Yangiobod, Forish va Baxmal tumanlari hokimliklariga qonunbuzilish holatlarini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgan mahalliy davlat boshqaruvi organlari hamda tuman hokimliklarining hujjatlari bekor qilingan va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan.

Mavzuga oid