O‘zbekiston | 12:55 / 11.07.2024
7253
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz aeroportidagi rekonstruksiya ishlari yakunlandi

Aeroportning aerodrom majmuasini qayta ta’mirlash 3 ta bosqichda yakunlandi. Oxirgi bosqichda ikkinchi va asosiy yurish yo‘laklari uchastkasi hamda perronda 3 ta samolyot uchun turar joy ham barpo qilinib, unga yoritish moslamalari o‘rnatildi. Reskontruksiyaning 2-bosqichi 2020 yilda boshlanib, 2022 yilda yakunlangandi.

Foto: Uzbekistan Airports

Termiz xalqaro aeroportida aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilishning oxirgi, uchinchi bosqichi yakunlangandi. Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, bunda ikkinchi yurish yo‘lagi (PD-A) va asosiy yurish yo‘lagi uchastkasi qurilishi tugatilgan.

Qayd etilishicha, har bir yurish yo‘lagining tayanch qismi kengligi 23 metr, umumiy eni esa 44 metrni tashkil etadi, bu esa Boeing-787/777, Airbus-330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarga cheklovlarsiz yurish imkonini beradi. Shuningdek, perronda uchta samolyotlar turar joylari qurilib, unga yoritish moslamalari o‘rnatilgan.

Kompaniyaga ko‘ra, rekonstruksiya uchun material sifatida uchish-qo‘nish yo‘lagi kabi sement beton ishlatilgan. “Bu Surxondaryo viloyatining issiq iqlimida optimal yechim bo‘lib, uchish-qo‘nish yo‘lagi yanada mustahkam va bardoshliroq bo‘ladi”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oxirida boshlangan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi 2022 yil dekabrida yakunlangandi. O‘shanda 4E toifali aerodrom majmuasining katta qismi, jumladan, uzunligi 3000 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va uchta samolyot turar joyi uchun perron qurilgan.

Shuningdek, aerodrom zamonaviy CAT-I ICAO yoritish tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qo‘nish tizimlari bilan jihozlangan. Ta’kidlanishicha, Termiz aeroporti aerodrom majmuasi oxirgi marta 1989 yilda rekonstruksiya qilingan.

Mavzuga oid