O‘zbekiston | 08:45 / 13.07.2024
3381
2 daqiqa o‘qiladi

“Navoiyazot” havoga me’yordan ortiq tashlanmalar chiqargani aniqlandi

Holat yuzasidan korxona ma’muriyatiga tegishli tartibda majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Foto: Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kundan buyon Navoiy shahri havosidan nafas olib bo‘lmayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida viloyat Ekologiya hamda gidrometeorologiya boshqarmalari va «Navoiyazot» AJ markaziy laboratoriyasi xodimlari tomonidan korxona sanitar himoya zonasi atrofidan tahlil namunalari olingan. O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, atmosfera havosiga tashlanmalar miqdori me’yordan yuqori ekanligi aniqlangan.

Holat yuzasidan “Navoiyazot” AJ ma’muriyatiga tegishli tartibda majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

“Bugungi kunda korxona hududida tekshiruv o‘tkazish va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida to‘plangan hujjatlar Prezident huzuridagi Tadbirkorlik huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakiliga taqdim etishga tayyorlanmoqda”, deyiladi boshqarma xabarida. 

O‘rganish ishlari yakuni bilan qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilingan.

Oldinroq O‘zbekistonning yashil shaharlari reytingni e’lon qilingandi. Unda havo sifati bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda Navoiy shahri 5,77 ball bilan respublikada 7-o‘rinda qayd etilgan.

Mavzuga oid