Jahon | 18:46 / 14.07.2024
6426
5 daqiqa o‘qiladi

“NATO – dunyo uchun xavf degani emas” – siyosatshunos ekspert

Dunyodagi eng yirik harbiy-siyosiy tashkilot NATOning tuzilganiga 75 yil to‘ldi. Tashkilotning yubiley sammiti Vashingtonda, AQSh mezbonligida bo‘lib o‘tdi. Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotiga zamonaviy mudofaaning eng ilg‘or ko‘rinishi deb ta’rif beriladi. NATO Mudofaa kolleji dasturlarida qatnashgan siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, tashkilotga AQSh rahbar emas. Har bir qarorlar konsessus asosida qabul qilinadi. Biroq budjet tomonlama Vashington ko‘proq hissa qo‘shgani ortidan ta’siri ham yuqori bo‘lib qolmoqda.

NATOga bugun 32 davlat a’zo. Aslida tashkilot 1949 yilda Yevropani tashqi xavflardan himoya qilish maqsadida AQSh tashabbusi bilan tuzilgan edi. Biroq unga Yevropadan tashqarida bo‘lgan Kanada va AQSh, qisman mintaqa bo‘lagi hisoblangan Turkiya ham a’zo. Tuzilmaga birlashganlar aholining tinch hayoti, xavfsizlik kafolati tarafdori. NATOning maqsadlari biroz idealistik xarakter ham kasb etadi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, tuzilma global emas – xalqaro tashkilotdir. Uning ta’sir zonasi – faqat a’zolar hududi bilan cheklanadi. Ya’ni NATO global javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmaydi.

Bosh qarorgohi Bryusselda joylashgan tashkilotning yuzlab qo‘mitalari, xizmat boshqaruv bo‘linmalari bor. Har bir a’zo davlat Bryusseldagi bosh ofisda o‘z vakolatxonasiga ega. Unda alyansning maslahatlashuvlari, qarorlar qabul qilish jarayonlarida davlatlar nomidan qatnashuvchi vakillar o‘tirishadi.

NATOning asosiy siyosiy qarorlari – Shimoliy Atlantika kengashi tomonidan qabul qilinadi. Tashkilot oliy ma’muri esa – bosh kotibdir. U qarorlarning amalga oshishi va bajarilishi uchun asosiy javobgar shaxs.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko‘ra, NATO a’zolari bugun teng huquqlarga ega. Tashkilot hujjatlari va bosh nizomda ularning tengligi, biriga bo‘lgan hujum butun tashkilotga deb qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

“Tashkilot AQShning bosimi ostida degan gapga qo‘shilmayman. Chunki a’zolar qarorlarni mustaqil qabul qiladi, konsensus asosida. To‘g‘ri, AQSh ajratadigan mablag‘ miqdori boshqalarnikiga qaraganda ko‘pdir, shunga yarasha ta’siri ham jiddiy. Lekin bu AQShning ta’sir doirasida degani emas. Masalan, 1966 yilda Fransiyaning NATO bilan aloqalari sovuqlashgan. Hattoki, bosh qo‘mondonlik ham tark etilgan. Qarang, qanchalik mustaqil harakat qilgan Fransiya”, - deydi Tolipov.

NATOga hamma davlat ham a’zo bo‘lolmaydi. Tashkilot qonun-qoidalariga ko‘ra, jamoaviy va Yevropa xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘sha oladigan har qanday Yevropa davlati a’zolikka da’vogar bo‘lishi mumkin. Lekin avvalo buni har bir a’zo davlatlar qabul qilishi lozim.

Xo‘sh, NATOning kengaya borishi dunyo uchun qanchalik katta xavflar tug‘diradi?

“NATO dunyo uchun xavf emas. Uning amalga oshirgan operatsiyalari, mashg‘ulotlari yoki faoliyatidan biror norozi tomonni ko‘rganim yo‘q. Menimcha, NATOni hujumkor, terrorchi tashkilot deya faqat Rossiya atab kelmoqda. O‘zingiz o‘ylang, o‘tgan yilgacha neytral pozitsiyada bo‘lib kelgan Shvetsiya va Finlandiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qildi. Demak, xavfsizlik kafolatini ular NATOda ko‘rmoqda”, - deydi Farhod Tolipov.

Eslatib o‘tamiz, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘z boshqaruvi davrida Yevropa xavfsizligi ortidan NATO uchun tikilayotgan pullar nihoyatda ko‘pligidan noligandi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Yevropaga AQShsiz xavfsizlik tashkiloti kerakligini aytib chiqqandi. Prezident Bayden esa NATO borasida o‘z o‘tmishdoshi Trampdan farqli o‘laroq, jiddiy tanqidlarini bildirgani yo‘q. Aksincha, prezident Bayden Amerikaning tashqi siyosatda globalroq yondashuvini qaytardi. Katta xalqaro tashkilotlardagi faollik oshdi.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid