Jahon | 13:37 / 16.07.2024
26440
5 daqiqa o‘qiladi

«Prigojinning taklifiga rozi bo‘lgandim» – yana bir o‘zbekistonlik sobiq vagnerchiga hukm o‘qildi

Rossiyada qotillik uchun qamalgan ushbu shaxs saqlangan qamoqxonaga Yevgeniy Prigojinning o‘zi kelib urushga targ‘ib qilgan va mahbuslardan 700-800 nafari Ukrainaga borishga rozi bo‘lgan.

Foto: Vasiliy Deryugin, Kommersant’

Namangan viloyatining Pop tumanida yashovchi yigit 2022 yil sentabr oyida Rossiyadagi qamoqxonada jazo o‘tayotgan vaqtida Yevgeniy Prigojinning taklifiga ko‘ra «Vagner» XHK safiga yollangan. Unga urushda tirik qolsa, sudlanganlik holatini olib tashlash, 1,2 mln rubl pul hamda Rossiya fuqaroligini berish va’da qilingan. Luhansk oblastidagi jangovar harakatlarda qatnashgan ushbu shaxs «Za rodinu» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib, 2023 yil oxirida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik yigitga hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Pop tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan G‘olib Aliyev 2016 yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan. U o‘sha yili Rossiyada qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan hamda Tambov oblastidagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.

2022 yil sentabr oyida o‘z ixtiyori bilan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safiga yollangan. U «Vagner» harbiylari bilan birgalikda Ukrainaning Luhansk oblasti hududida Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi olib borilayotgan jangovar harakatlarda qatnashgan. 2023 yil 21 yanvar kuni chap yelka qismidan yaralanib, harbiy gospitalda davolangan hamda 2023 yil 3 mart kuni harbiy kompaniya bilan shartnoma muddati tugagani sababli Rossiyaga qaytib ketgan. Jangovar xizmatlari uchun Rossiya Federatsiyasining «Za rodinu» nomli ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

G‘olib Aliyev sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, quyidagicha ko‘rsatma bergan:

«2016 yil yozida ishlash maqsadida Rossiyaga bordim va u yerda Tojikiston fuqarosiga tan jarohati yetkazib, uning vafot etishiga sababchi bo‘ldim. Buning uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybli deb topilib, jazoga tortildim va Tambov viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasasiga olib ketildim.

2022 yil 1 sentabr kuni muassasaga vagnerchilar sardori Yevgeniy Prigojin kelib, mahkumlarni yig‘di va 6 oy mobaynida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni taklif qildi. U shartnoma vaqtida urushda qatnashib, tirik qolganlarga oyiga 175 ming rubl, umumiy hisobda 1,2 mln rubl miqdorida pul to‘lanishi hamda sudlanganlik holati olib tashlanib, Rossiya fuqaroligi berilishini ma’lum qildi.

Jazoni ijro etish muassasasidagi mahbuslardan taxminan 700-800 nafari borishga rozi bo‘ldi. Ular qatori men ham qamoqdan qutulish maqsadida Prigojinning taklifigv rozilik bildirdim.

2022 yil 15 sentabr kuni 325 nafar mahbus Lugansk shahri yaqinida joylashgan harbiy lagerga olib borildik. U yerda quroldan otish va boshqa harbiy harakatlar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdik. 2022 yil 3 oktyabr kuni asosiy janglar bo‘layotgan Lugansk shahriga jo‘nab ketdik.

2023 yil 21 yanvar kuni bizga tashlab ketilgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelish uchun okopdan tashqariga chiqqan vaqtimda chap yelkamdan yaralanib, hushimni yo‘qotdim. Ko‘zimni ochganimda shifoxonada yotgandim. Taxminan 50 kun davolanib, 2023 yilning 17 fevral kuni harbiy gospitaldan chiqdim. Menga 600 ming rubl miqdorida rag‘bat puli berildi».

G‘olib Aliyev gospitaldan chiqqach, Luhansk shahrida harbiylarning oziq-ovqat omboriga qo‘riqchilik qilgan. 2023 yil 3 mart kuni shartnoma muddati tugab, Rossiyaning Rostov shahriga jo‘natib yuborilgan. Bu yerda unga «Za Rodinu» ko‘krak nishoni topshirilgan. 2023 yil 28 avgust kuni esa Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi rasmiylashtirib berilgan.

G‘olib Aliyev 2023 yil 27 dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan. U bu ishlarga jazo muddatidan qutulish va yashash uyiga tezroq qaytib kelish uchun ko‘ngilli sifatida rozi bo‘lgani, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2024 yil 26 iyundagi hukmi bilan G‘olib Aliyev Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (Yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Oldinroq «Vagner» safiga yollangan, biroq Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etmagan va faqat istehkomlar qurilishida qatnashgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qilgani xabar qilingandi

Mavzuga oid