Ukrainaga yordamga qarshi, Trampni «Amerika Hitleri» deb atagan: AQSh vitse-prezidentligiga nomzod haqida nimalar ma’lum?
Donald Tramp vitse-prezidentlik uchun o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatgan ohayolik 39 yoshli senator Jyeyms Devid Vens Respublikachilar partiyasining prezidentlikka nomzodini azaldan qo‘llab kelmagan va bir necha yil muqaddam uni eng tahqirli so‘zlar bilan haqoratlagandi. Bundan tashqari, Vens Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamiga muntazam ravishda qarshi chiqib keladi: u Rossiya bosqinini qo‘llamaydi, ammo Kiyev g‘alaba qozonishi mumkinligiga ham ishonmaydi.
Quyida noyabr oyidagi saylovlarda Tramp g‘alaba qozongudek bo‘lsa, AQSh vitse-prezidentiga aylanishi mumkin bo‘lgan siyosatchi va Ukraina hamda Rossiya haqida nimalar degani va yozgani haqida hikoya qilinadi.
«Men doimo Trampga qarshi bo‘lganman. U menga hech qachon yoqmagan». «Xudoyim, u qanchalar tentak!» «U menga yaramas odam bo‘lib ko‘rinadi». Bu Vensning Donald Tramp haqida 2016 yilda, o‘ziga mashhurlik keltirgan «Qishloq elegiyasi» memuarlari e’lon qilinganidan keyin aytgan gaplarning bir qismi.
O‘sha yili u feysbukda hamkasblaridan biri bilan yozishmada quyidagi mazmunda xabar yozadi: «Men ba’zida Tramp —Amerika Hitleri deb o‘ylayman».
Ammo bir necha yil o‘tganidan keyin Vens Trampning eng ishonchli ittifoqchilaridan biriga aylandi. Endi Ohayo shtatidan saylangan senator uning saylovoldi kampaniyasidagi hamkori — va respublikachilarning 2028 yilgi prezidentlik saylovlari uchun nomzodlaridan biri. U bunga respublikachi senator sifatida qozongan obro‘si va Amerikaning O‘rta G‘arbida tug‘ilgani tufayli erishdi.
O‘z hayoti va karerasida Vens bir necha bor tub o‘zgarishlarni boshdan o‘tkazgan. Qashshoq oiladan chiqqan bu odam qanday qilib Amerika siyosati cho‘qqisiga chiqa oldi?
Uni mashhur qilgan memuarlar
Vens Ohayo shtatining Middltaun shahrida tug‘ilgan va Jyeyms Devid Bouman ismi-sharifini olgan. Uning onasi giyohvand moddalarga qaramlikdan aziyat chekardi, otasi esa bo‘lajak senator chaqaloqligida oilani tashlab ketgan. Shuning uchun uni buvisi va bobosi o‘stirgan, u ularni «ona va otasi» deb biladi.
Middltaun AQSh O‘rta g‘arbidagi tushkunlikka uchragan sanoat mintaqasi bo‘lmish «zanglagan belbog‘» (Rust Belt)da joylashgan bo‘lsa-da, Vens o‘zini Amerikaning biroz boshqacharoq mintaqasi: Appalachi tog‘lari hududi bilan bog‘laydi. Bu Amerika janubidan tortib sanoatlashgan O‘rta G‘arb chekkalarigacha cho‘zilgan hududlar bo‘lib, Amerikaning qator eng qashshoq qismlarini ham o‘z ichiga oladi.
O‘zining «Qishloq elegiyasi» nomli avtobiografik asarida Vens oilasi a’zolari va do‘stlari o‘zlarining omadsiz xatti-harakatlari tufayli duch keladigan ko‘pdan ko‘p sinovlar va qiyinchiliklarni boricha tasvirlaydi. Shu bilan birga, kitobda u ochiqchasiga konservativ nuqtayi nazarini bildiradi: u o‘z yaqinlarini davlat imtiyozlariga qaram bo‘lib qolgan va o‘z muammolarini mustaqil ravishda hal qila olmaydigan boqimanda kishilar sifatida tasvirlagan.
Vensning yozishicha, u appalachiliklar «yomon sharoitga bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon tarzda reaksiya qilishgan» va «ijtimoiy tanazzulga qarshi turish o‘rniga, uni rag‘batlantiradigan madaniyat mahsuli» bo‘lishgan. «Haqiqat — og‘ir narsa, — deya yozadi Vens, — va tog‘liklar uchun eng og‘ir haqiqat — bu odamlar o‘zlari to‘g‘risida so‘zlashi kerak bo‘lgan haqiqatdir».
Bu kitob chiqqanida bo‘lajak vitse-prezidentlikka nomzod allaqachon Middltaundan ancha uzoqlarda edi. Avvaliga u dengiz piyodalarida xizmat qiladi (xususan, Iroqda ham bo‘ladi), keyin esa Ohayo shtati Universitetida hamda Yyel huquq maktabida tahsil oladi. Bu orqali u Kaliforniyada venchur kapitalistga aylanadi.
«Qishloq elegiyasi» esa Vensni taniqli yozuvchi va mashhur sharhlovchiga aylantiradi, jurnalistlar Trampning saylovchilar, xususan oq tanli ishchilar orasida mashhurlashib ketishi sababini so‘rash uchun tez-tez unga murojaat qilishadi. U esa respublikachilar nomzodini tanqid qilish imkonini qo‘ldan boy bermaydi.
«O‘ylaymanki, bu saylovlar mamlakatga — ayniqsa oq tanli ishchilar sinfiga yomon ta’sir ko‘rsatadi, — deydi u jurnalistlardan biriga 2016 yil oktyabrida. — Ular odamlarga sodir bo‘layotgan voqealar uchun boshqalarni ayblashlariga imkon beradi: bular meksikalik muhojirlar yoki Xitoy savdosi yoki Demokratik partiya elitasi yoki yana kimdir».
Siyosatga yo‘l
2017 yilda Vens venchur kapital sohasida ishlashda davom etish uchun Ohayoga qaytib keladi. U va rafiqasi — Usha Chilkursi Vens (ular Yyelda tanishishgan) — uch farzand ko‘rishadi: Yuana, Viveka va Mirabel.
Usha Chilukuri Vens — Hindistondan kelgan muhojirlar qizi bo‘lib, Kaliforniyaning San-Diyego shahrida ulg‘aygan, shunday ekan, uning kelib chiqishi Vensnikidan butunlay boshqacha. U Yyel universitetida ham o‘qigan va Britaniyaning Kembrij universitetida master darajasini olgan.
Vensni anchadan buyon istiqbolli siyosatchi sifatida ko‘rishardi va u Ohayo shtatidan respublikachi senator Rob Portman 2022 yilgi saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortganida, o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi.
Avvaliga uning kampaniyasi u qadar yaxshi ketmaydi, ammo keyin Vensni sobiq boshlig‘i: moliyachi, hedj-fondlar rahbari va PayPal asoschisi Piter Til qo‘llaydi, uning kampaniyasi uchun 10 mln dollar ajratadi. Ammo respublikachilarga moyil bo‘lgan Ohayo shtatida Vensning siyosiy istiqbollari yo‘lidagi asosiy to‘siq uning Trampga nisbatan aytgan gaplari edi.
Vens o‘zining oldingi gaplari uchun uzr so‘rab, Tramp bilan munosabatlarini yaxshilaydi, sobiq prezident esa uning nomzodini saylovlarda qo‘llaydi. Shu tariqa, Vens Respublika partiyasi nomidan AQSh Senatida o‘ringa ega bo‘ladi.
2022 yilda matbuot Vens o‘z vaqtida Trampni «Amerika Hitleri» deb ataganidan xabar topganida, siyosatchining rasmiy vakili bunday gap chindan ham bo‘lganini rad etmaydi. Ammo u bu so‘zlar endi Vensning qarashlarini ifodalamasligini aytadi.
Endilikda Vens «Amerikani yana buyuk qilish»ni istovchilar lageridagi ko‘zga ko‘ringan figuralardan biriga aylangan va amalda Trampning qarashlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.
Senatda u konservativ kun tartibining izchil tarafdori: u populistik iqtisodiy choralarni qo‘llaydi hamda Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qarshi bo‘lgan taniqli muxoliflardan biri bo‘lib qoldi.
Vens Ukraina va Rossiya haqida nimalar degan va yozgan?
Vens Ukrainaga 60 milliard dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi ajratish haqidagi qonun loyihasiga qarshi chiqqan amerikalik senatorlar qatorida edi. Joriy yil aprelida Vens New York Times gazetasidagi kolonkasida e’lon qilingan «Ukraina bo‘yicha raqamlar yopishmayapti» sarlavhali maqolasida o‘z pozitsiyasini izohlagandi.
«Ukrainaning muammosi — Respublikachilar partiyasi emas, balki matematikadir, — deya yozgan Vens. — Ukrainaga u qat’iy safarbarlik siyosatini amalga oshirganida ham topa olishi mumkin bo‘lganidan ko‘proq askar kerak. Unga AQSh yetkazib berishi mumkin bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq qurollar kerak».
Vens Ukraina «shafqatsiz reallik»ni qabul qilishi, mudofaa strategiyasini tasdiqlashi hamda imkon qadar tezroq Rossiya bilan muzokara boshlashi kerakligini aytadi. «Ammo buning uchun ham Amerikaning, ham Ukrainaning yetakchilari [Ukraina prezidenti Volodimir] Zelenskiy tomonidan urushning maqsadi sifatida aytilgan gaplar — 1991 yilgi chegaralarga qaytish — bu fantastika ekanini tan olishi kerak», — deya yozadi Vens.
Bu fikrga esa respublikachilarning ko‘pchiligi hamda demokratlar qo‘shilmaydi, ular Ukrainaga yordam berayotgan G‘arb mamlakatlarining kollektiv iqtisodiy va harbiy qudrati Rossiyaning imkoniyatlaridan ancha kattaroqligini eslatishadi. So‘nggi sammitda Ukrainaning g‘alabasini ta’minlash uchun uni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaror qilgan Yevropaning ko‘plab mamlakatlari va NATO bloki ham xuddi shunday pozitsiyada.
Amerikaning The Hill nashri eslatishicha, fevral oyida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida Vens Trampning «Amerika birinchi navbatda» tamoyiliga asoslangan tashqi siyosat doktrinasini qo‘llab-quvvatlagan.
Sobiq prezidentga qo‘shilgan holda u ham Yevropa o‘z xavfsizligi, xususan qurol ishlab chiqarish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘ziga olishi kerakligini aytadi. Shu tariqa, Vensning fikricha, AQSh Osiyo mintaqasiga hamda tajovuzkor Xitoyga qarshi turish uchun ko‘proq e’tibor qaratish imkoniga ega bo‘ladi.
U shuningdek Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotni davom ettirishga chaqiradi.
«Men hech qachon Putinni mehribon va do‘stona odam deb atamaganman. Men aytamanki, u muayyan manfaatlarga ega odam va AQSh bu odamga muayyan manfaatlar bilan javob berishi kerak», — deya Vensning Myunxendagi chiqishidan iqtibos keltiradi The Hill.
«U yomon yigit ekani fakti biz u bilan Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda oddiy diplomatik aloqalar o‘rnata olmasligimizni anglatmaydi. Butun dunyo yomon yigitlarga to‘lgan va meni hozirda Sharqiy Osiyodagi ayrim muammolar Yevropadagidan ko‘ra ko‘proq qiziqtiradi», — degan Vens.
Mavzuga oid
19:00
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
17:01
Tramp Panama kanalini olib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:17
Tramp Pentagon rahbari o‘rinbosari lavozimiga milliarder Faynberg nomzodini ilgari surdi
10:43