O‘zbekiston Turkmanistonni multimodal transport yo‘laklariga qo‘shishni rejalashtiryapti
Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komissiyasining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirga O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdayev hamraislik qildi. Unda ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Konstruktiv fikr almashish chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi, ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda yaxshi natijalarga erishilganligi qayd etildi. Oxirgi 5 yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar ko‘payib, o‘tgan yil oxiriga kelib 1 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, bor imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, jumladan, O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi savdo zonalarini ishga tushirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Tomonlar kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika sanoatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini, shuningdek, hududlararo forumi, O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari hamda mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun samarali platforma hisoblangan savdo-sanoat ko‘rgazmalari kabi hamkorlik formatlarini rivojlantirish choralarini ko‘rib chiqdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirishni nazarda tutgan holda, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida muhokama qilindi. Turkmaniston tomonini amaldagi va rejalashtirilayotgan multimodal transport yo‘laklariga qo‘shish hamda ikki davlat hududi orqali xalqaro tashishlar ishtirokchilari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish masalalarini hal etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar. Bu borada qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, shuningdek, turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma komissiyaning 18-yig‘ilishi yakuniy bayonnomasini hamda talabga ega bo‘lgan tovarlar va xizmatlarni o‘zaro yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar ochuvchi kelishuvlarni imzoladi.
Mavzuga oid
16:10 / 21.12.2024
Londonda O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi
10:31 / 20.12.2024
Belgradda jamoat transporti bepul bo‘ladi
16:26 / 12.12.2024
Abdulaziz Komilov Turkmanistonning «Hurmatli el yoshullisi» unvoni bilan taqdirlandi
10:24 / 12.12.2024